Davlat mulkini ijaraga berish tartibi belgilandi

    Mamlakatimizda 15 Dekabr 2023 1220

    Hukumat qarori (660-son, 14.12.2023-y.) bilan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, davlat mulkini ijaraga berish jarayoni har qanday jismoniy va yuridik shaxs (tashabbus koʻrsatuvchi) tashabbusi asosida boshlanishi mumkin.

    Bunda tashabbus koʻrsatuvchi bevosita Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga yoki uning hududiy boshqarmalariga (ijaraga beruvchiga):

    ▫️davlat mulkining tavsifi va joylashgan joyini;
    ▫️balansda saqlovchini (bunday maʼlumotlarga ega boʻlgan taqdirda) koʻrsatgan holda taklifini yozma yoki elektron taqdim etadi.

    Takliflar shu kunning oʻzida koʻrib chiqish uchun ijaraga beruvchiga yuboriladi.

    Shunga koʻra, ijaraga beruvchi 2 kun muddatda balansda saqlovchiga davlat mulkini ijaraga berish boʻyicha munosabat bildirish yuzasidan soʻrov yuboradi.

    Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining arizasi kelib tushgandan 2 kunda davlat mulkini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali onlayn-auksion savdosiga chiqaradi.

    Ijaraga oluvchi tomonidan ijtimoiy soha obyekti tarkibidagi yerda:

    - binolar va inshootlar, jumladan, yer osti inshootlarini qurish (yengil konstruksiyali inshootlar bundan mustasno);

    - koʻngilochar obyektlar faoliyatini tashkil etish (madaniyat obyektlarining yer uchastkalari bundan mustasno) taqiqlanadi.

    Davlat mulki ijarasining eng koʻp muddati:

    • bir ijara shartnomasi doirasida 6 yil;
    • nodavlat professional taʼlim tashkilotlari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun 10 yil etib belgilanadi.

    Davlat mulki obyektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda, ijaraga berish muddati 3 yil etib belgilanadi.

    Koʻchmas mulk 1 yildan kam boʻlmagan muddatga ijaraga berilganda, ijara shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart.

    Avtomototransportlar savdo platformasi vositasida onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda, ijara shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi.

    Ijaraga berilayotgan mulklarni hisobga olish va maʼlumotlar bazasini yuritish ijaraga beruvchi tomonidan online-ijara.uz axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.