Taʼkidlash kerak, bunda Davlat xizmatlari agentligining oʻziga xos oʻrni bor. Chunki har qanday tadbirkor hamda fuqaroda “Yagona darcha” tamoyili asosida 160 dan ortiq davlat xizmatlarini bir joyning oʻzida olish imkoni bor. Albatta bunda sifat va tezkorlik muhim ahamiyatga ega. Biroq koʻplab davlat idoralari uchun ushbu oltin qoida butkul begona.

Muntazam ravishda ogohlantirish, javobgarlikka tortish kabi choralar koʻrilishiga qaramay, davlat xizmatlarini koʻrsatishda vakolatli organ hisoblangan tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qonun talablari buzilib kelinmoqda. Masalan, 2021-yilda oʻtkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida viloyatdagi vakolatli organlar tomonidan 10 981 ta qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Afsuski, davlat idoralari berilgan vakolat va ishonchni suiisteʼmol qilgan holda davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlarini buzish, ortiqcha hujjat talab qilish, murojaatlarni asossiz rad etish singari boshqa qonun buzilishlariga qoʻl urib kelmoqda. Bu davlat idoralarining viloyatdagi boʻlimlari masʼullari hukumatimiz belgilab bergan qonun-qoidalarga panja orqasidan qarayotganligini bildiradi.

Qonun buzilish holatlarini sohalar kesimida koʻrib chiqadigan boʻlsak, oʻtgan yili eng koʻp bunday holatlar sogʻliqni saqlash sohasida sodir qilinganiga guvoh boʻlish mumkin. Yaʼni, tizimdagi muassasalar yil mobaynida 2 420 ta murojaat ijrosini belgilangan reglament asosida bajarmagan. Misol uchun, tugʻilish va perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarni elektron tizimga kiritishda (Samarqand shahridagi tugʻruq majmualari), fuqarolarga ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini ajratishda xulosa berishdi, fuqarolarning Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish xizmatini koʻrsatishda shunday xatoga qoʻl urishgan.

Bundan tashqari, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari ham mazkur roʻyxatning yuqorisida turadi. 2021-yil davomida mazkur soha xodimlari tomonidan 1 871 ta qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Xususan, kadastr pasportini shakllantirish, qurilishi tugallangan (rekonstruksiya qilingan) obyektni foydalanishga qabul qilish, koʻchmas mulk obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda obyektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish xizmatini koʻrsatish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish shular jumlasidandir.

Shuningdek, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ va uning tuman (shahar) filiallari, qurilish va arxitektura idoralari, davlat soliq idoralari, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AK, Ichki ishlar boʻlimlari, tuman (shahar) hokimliklari, moliya idoralari, “Oʻztelekom” AKning viloyat filiali, Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasi hamda shu kabi boshqa sohalarda 1 044 ta qonun buzilish holatlari sodir etilgan.

Aniqlangan holatlar boʻyicha vakolatli idoralar rahbarlari nomiga taqdimnoma va ogohnomalar kiritilib, aybdor shaxslar maʼmuriy va intizomiy javobgarlikka tortildi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, har bir javobi kechikkan, koʻrib chiqilmagan, asossiz rad qilingan murojaatlar ortida koʻplab insonlarning taqdiri, yechimini kutayotgan muammosi koʻndalang turgan boʻlishi mumkin. Qonunlarga bunday bepisandlik esa bugungi islohotlarning oyogʻiga bolta urish bilan teng, desak mubolagʻa emas.

Zero, yildan-yilga bu boradagi qonun buzilishlari soni ortib borayotgani shunday xulosa qilishga majbur qiladi. Chunonchi 2020-yilda viloyatdagi vakolatli organ hisoblangan davlat organlari tomonidan jami 7 702 ta qonun buzilishi sodir etilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 3 279 taga ortgani ham fikrimizni isbotlab turibdi. Eng taajjublanarlisi, mazkur tashkilotlar orasida xalqning tayanchi sanalgan, odamlar oʻz muammosiga yechim izlab boradigan huquq tartibot idoralari, hokimliklarning borligini oqlab boʻlmaydi nazarimizda.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi

Axborot xizmati