Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohalar bilan birga ma’naviy-ruhiy tarbiyaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki ma’nan barkamol shaxsni tarbiyalash o‘zbekning tiynatida, tabiatida azaldan bor. Ma’nan yuksaklikning bosh belgilaridan biri esa ona tiliga hurmat-ehtiromda namoyon bo‘ladi, davlat tili talablariga rioya etishda ko‘rinadi. Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini mustahkamlashga jiddiy kirishilgan. Chunki til masalasi umummilliy, shu bilan birga, doimiy dolzarb masaladir. Agar milliy til yo‘qotilsa, millat barham topadi, davlat tili boy berilsa, davlatchilik yutqaziladi.
Prezidentimizning BMT yubiley sessiyasida O‘zbekistonning siyosiy irodasini o‘zbek tilida bildirgani mamlakat rahbarining davlat tiliga bo‘lgani hurmatining amaliy ifodasi bo‘ldi. Ushbu ma’ruzani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki dunyoning turli hududida yashovchi millatdoshlar, boshqa turkiy qavmlar ham juda intiq kutdi, juda ilhaq eshitdi, juda iliq baholadi. Turkiy dunyoning nufuzli nashrlarida bu haqda yozildi. Dunyoning mashhur siyosiy arboblari o‘zbekcha ohang, o‘zbekcha ifodani Prezidentimiz nutqida tuydi. Dolzarb siyosiy masalalarni O‘zbekistonning davlat tilida muhokamaga qo‘yish mumkinligini, o‘zbek tili bunga imkon bera olishini bildi.
Davlat suvereniteti, mustaqilligi, umuman, mamlakat mavjudligining o‘z shartlari bor. Muayyan hududiy yaxlitlikka ega bo‘lishi va chegaralarining daxlsizligi, o‘z konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi, madhiyasining mavjudligi shular jumlasidandir. Davlat tili ham ushbu ramzlar qatorida turadi. Chunki o‘zini mustaqil sanagan mamlakatning nomi o‘sha hududning davlat tilida e’lon qilinadi. O‘zbekiston — o‘z ona tiliga davlat tili maqomini mustaqillikdan avvalroq bera olgan, istiqlolga til mustaqilligi bilan qadam qo‘ygan mamlakat. Albatta, bu maqom ne-ne muhokama-tortishuv evaziga qo‘lga kiritilganini unutmaslik kerak.
Har bir mamlakat o‘z davlat tilini rivojlantirish, uni amaliyotga to‘la tatbiq qilish bo‘yicha ishlarni muntazam amalga oshirib boradi. 2019 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmonning tarixiy ahamiyati shundaki, u xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy, madaniy, ma’rifiy va badiiy tafakkurining mahsuli bo‘lgan o‘zbek tilini targ‘ib qilishga, mavqeini mustahkamlashga yo‘l ochdi. Ushbu farmon bilan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Departament huzurida Atamalar komissiyasi ta’sis etildi. Vazirlik va idoralar, viloyat, shahar, tuman hokimliklarida davlat tilida ish yuritishni tartibga solib turadigan maslahatchi lavozimlari joriy qilindi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat tilida ish yuritishni o‘rgatadigan markaz tashkil etildi va bu markazning har bir viloyatda filiallari ish boshladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi “O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida sotsiolingvistika bo‘limi tashkil etildi. Mazkur bo‘lim til va jamiyat munosabati, davlat tilining jamiyatda tutgan o‘rni, davlat tilini amaliyotga keng joriy etish muammolari, davlatning til siyosati, O‘zbekistonda boshqa tillarning qo‘llanishi va rivojlanishi uchun qanday sharoitlar yaratilishi kerakligi kabi masalalarni ilmiy o‘rganadi, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqadi.
Sotsiolingvistika bo‘limida shu kunlarda institut tilshunoslari bilan hamkorlikda “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining takomillashtirilgan nashri tayyorlandi va “O‘zbekiston” nashriyotida ko‘p ming nusxada chop etildi. Mazkur qo‘llanma davlat tilida ish yuritishning barcha tomonini qamrab olgan. Unda ariza yozishdan tortib diplomatik yozishmalar olib borishning, tilxatdan tortib ishonchnoma yozishning yo‘l-yo‘riqlari tushuntirilgan, ulardan namunalar berilgan.
Bugun sotsiolingvistika bo‘limida lotin yozuvida savodxonlikni oshirish maqsadida 30 mingga yaqin so‘zning to‘g‘ri yozilishini qamrab olgan “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati” tayyorlanib, nashriyotga topshirildi. Qolaversa, 90 mingga yaqin so‘zning to‘g‘ri yozilishini ko‘rsatib beradigan yagona “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”ni tayyorlash ishlari nihoyasiga yetmoqda. Ushbu imlo lug‘atlari boshqa mavjud lug‘atlardan ko‘plab jihatlari bilan farq qiladi. Birinchidan, har ikki imlo lug‘atiga salmoqli miqdorda yangi so‘zlar kiritilgan; ikkinchidan, sentabr, oktabr, budjet, rejissor tarzida g‘alat yozib kelinayotgan so‘zlar talaffuzimizga moslashtirilgan. Chunki bugun insoniyat Marsni makon tutish ilinjida koinotni zabt etayotgan, 7 yoshli bola xitoy tilini o‘rganib olayotgan bir paytda biz o‘zbek sentyabr, oktyabr, byudjet, rejissyor tarzida talaffuz qilolmaydi, deb yurishimizning o‘zi g‘alatdir. O‘ylaymanki, bu kabi tadqiqotlar davlat tilini rivojlantirish borasidagi ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Bugun milliy tillarning sofligini saqlash, har qanday xurujlardan asrash, ayniqsa, postsovet davlatlarda dolzarb muammoga aylandi. Hatto jahon tillaridan biri bo‘lgan rus tilida ham, qondosh, qardosh qozoq va qirg‘iz tillarida ham inglizcha so‘zlarning haddan tashqari ko‘payib ketayotgani bor gap. Tilshunos Nina Valginaning rus tiliga inglizcha atamalar kirib kelishidan yozg‘irib, bunday o‘zlashmalarni “olinma so‘zlar taloto‘pi”ga o‘xshatgani bejiz emas. Rus tilidaki begona so‘zlar ko‘payayotgan, tilshunoslarni xavotirga solayotgan ekan, biz ham o‘zbek tili sofligini saqlashdek ishlarni muntazamlashtirishimiz, davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirishdek ishlarda g‘ayrat qilishimiz kerak.
O‘zbek tilining sofligini saqlash, uni yot unsurlardan himoya qilish muddaosi bugun har bir o‘zbekda bo‘lmasa-da, bor. Millatparvar ziyolilar, o‘zini, o‘zligini tanigan yurtdoshlarimiz aksariyatining ko‘nglidan shunday o‘tib turibdi. Chunki ular bugun befarq emas. Televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlarda til masalasi bob-bot tilga olinmoqda, milliy tilimizni boyitish, rivojlantirish bo‘yicha takliflar, tavsiyalar bildirilmoqda. Bu ham yaxshi, bu ham kerak. Ammo davlat tili degani faqat peshlavhalardagi yozuvlaru bir-ikki yosh-yalangning tilini unutib qo‘yayotgani ham emas. Davlat tilini amaliy hayotimizga joriy etish borasida salmoqli ishlar bajarilgani va bajarilayotganini ham unutmaslik lozim. Masalan, davlatning kuch tuzilmalari hisoblanadigan Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligidek avvallari tamoman ruscha ish yuritadigan tashkilotlar faoliyatiga o‘zbek tili davlat tili sifatida kirib bordi, o‘z o‘rnini topdi. Dissertatsiyalar o‘zbek tilida yoziladigan, yoqlanadigan bo‘ldi. Xullas, sanoqni yana va yana davom ettirish mumkin.
Bugun televideniye yoki radioda davlat tilining obro‘sini ko‘tarish borasida gap ketganda, aksar hollarda ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlarning ajnabiy tilda ekani, yoshlarning ona tiliga bepisandligi, fikrini davlat tilida erkin, lo‘nda ifoda eta olmayotganidan yozg‘iriladi. Bu — bor gap, ammo kishini og‘rintiradigan tomoni fikr bildiruvchilarning davlat tilidek katta tushunchani faqat shu holatida tasavvur qilayotgani, tushunayotganidir. Menimcha, muammoni bu tarzda ko‘rsatish, ta’rifini keltirib sanayverish, muammoning sababiga ta’sir etishni chetga surib qo‘yib, aybdorni topishdek muddao bilan maydonga chiqaverish bilan ish bitmaydi. Mabodo shunday bo‘lganida, bugun bizda davlat tilining nufuzi, amaliyotga joriy etilishi borasida birorta muammo bo‘lmas edi.
Muammoning tub sabablari turlicha.
Birinchidan, o‘zga tilni afzal ko‘rayotgan, o‘zbekcha gapira olmayotgan fuqarolarimizdagi ma’naviy o‘lchov kichik. Shu darajadaki, ular chet tilida so‘zlashni madaniyatlilik belgisi deb hisoblaydi. Biz ishni yurtdoshlarimiz, millatdoshlarimizning shuuriga tortilgan “parda”larni (buning sabablari ko‘p, albatta) olib tashlab, madaniyatlilik, ma’naviyatlilik aslida kishining ona tiliga hurmati bilan belgilanishini, davlat tiliga bepisandlik hamma zamon, hamma joyda madaniyatsizlik, ma’naviyatsizlik sanalishini tushuntirish, bunday o‘gitni bolalikdayoq bolalar qulog‘iga quyishimiz kerak.
Ikkinchidan, oilada til tarbiyasining noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, lisoniy muhitning o‘zbekcha emasligidir. “Qush inida ko‘rganini qiladi”, deyilgani bejiz emas. Ota-ona tutumining g‘arbchaligi, nutqining quramaligi yoki muomalada yot tilni afzal ko‘rayotgani farzandni ham shunday tutumda yashashga, shunday lahjada chuldirashga o‘rgatmoqda. Bunday muhitda o‘sayotgan bola olamni o‘ta milliy andazada emas, o‘ta g‘arbcha yoki qurama lisonda anglashga odatlanmoqda. Agar ota-ona farzandiga milliy tutum, milliy til namunasini ko‘rsata bilsa, bolada milliy tutum, milliy tilda so‘zlash layoqati shakllanadi.
Uchinchidan, uzoq yillar davomida davlat tilida ish yuritishni barcha uchun birdek zaruratga aylantira olmadik. Davlat tili talablarini bir chekkaga surib qo‘ysak ham, davlat tilida yozmasak, gapirmasak ham mushugimizni birov pisht demadi. Aksincha, ayrim korxona va tashkilotlarda ishlash, ishga kirishda davlat tilini puxta bilganlik uchun emas, chet tillardan birini egallaganlikka e’tibor berildi, bu alohida yutuq sifatida tushunildi.
Davlat tilini bilish, davlat tilida ish yuritishni zaruratga aylantirish kerak, deyishimizning eng sodda tavsifi shuki, agar siz davlat tilida ish yuritmasangiz, yozmasangiz, gapirmasangiz bo‘lmaydi. Qo‘polroq qilib aytganda, ishingiz bitmaydi. Zarurat ehtiyojni keltirib chiqaradi. Bu davlat tilini amaliy hayotimizning eng zaruriy vositasiga aylantiradi-qo‘yadi. Dunyoning qaysi davlatiga bormang, yashamang, avvalo, o‘sha davlatning tilini o‘rganmasangiz, kuningiz o‘tmaydi. AQSh yoki Xitoyni qo‘ya turing, qardosh Turkiyada ham kamida turk tilida gapirishni o‘rganib olgachgina ishingiz yurishadi. Hayotiy vaziyat, tabiiy muhit sizni turkcha gapirishga majbur qiladi. Chunki kerak ekan, bolalar yapon, xitoy tillarini o‘rganib, biyron gapirmoqda. Kerak ekanki, bugun millatdoshlarimiz ingliz tilini o‘rganib, okeanortida tirikchilik qilib yuribdi.
Xulosa shuki, davlat tili — O‘zbekiston degan o‘tmishi buyuk mamlakatning tili. U qonun bilan himoyalangan. Bu tilning qonuniy talablariga barcha birdek rioya etishi shart, unga bepisandlik — davlatga bepisandlik. Demak, yoshu qarining shuuriga ona tilining muqaddasligi, juda zarur milliylik ekanini singdira olsak, o‘quvchilarda til ta’limi orqali o‘zbekona lutf malakasini shakllantira bilsak, jamiyat hayotining turli jabhalarida faqat va faqat davlat tilida ish yuritish kerakligini, chunki davlat tili millatidan qat’i nazar, barchani O‘zbekiston xalqi sifatida birlashtirishini anglasak bo‘ldi, marra bizniki.

Yorqinjon ODILOV,
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori
instituti bo‘lim mudiri,
filologiya fanlari doktori