Shu yilning 4-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mutasaddi davlat organlari va tashkilotlariga 30 yildan beri keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratilgan, odamlarni rozi qilishga yoʻnaltirilgan davlat xizmatining yaqin kelajakdagi “yoʻl xaritasi”ni koʻrsatib berildi.
Yigʻilishda Davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatori, 35 milliondan ziyod aholimizning hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan masala — davlat xizmatini isloh qilish hamda inson resurslarini rivojlantirishga oid qator kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar belgilab berildi. Xususan, davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, davlat xizmatchilarini muntazam oʻqitish hamda bilimini baholab borish tizimini yoʻlga qoʻyish, kadrlarni tanlashda shaffof tanlov tizimini joriy etish, eng asosiysi kadrlarni bilimli, qatʼiyatli, korrupsiyaga toqatsiz qilib tayyorlash haqida koʻrsatmalar berildi.
Yangi Oʻzbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida boʻlgani kabi rahbar va boshqaruv kadrlar tizimini yangilash sohasida ham islohotlar jarayoni boshlandi hamda izchillik bilan olib borilmoqda. Ilk bosqichlarda boshqaruv kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda joy-joyiga qoʻyish sohasida salmoqli natijalarga erishildi va milliy tizim shakllantirildi.
Biroq toʻplangan tajriba bugungi kunga kelib davlat organlari va tashkilotlari malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlanmayotgani, kadrlar malakasi yuklatilgan vazifalar, zamonaviy ehtiyojlarga nomuvofiqligi, qabul qilinayotgan qarorlar sifati pastligiga olib kelayotgan bir qator tizimli muammolar kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimida yangi islohotlar oʻtkazilishini taqozo etayotganini koʻrsatmoqda.
Gap shu haqda ketganida, davlat fuqarolik xizmatiga kirish istagini bildirgan nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni taʼminlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir kuchiga ega qonun mavjud emasligini ham alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Shu va boshqa kadrlar siyosati bilan bogʻliq boʻlgan tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qilish vaqti kelganini, bu sohadagi islohotlarni amalga oshirishda yetti marta emas, oʻn marta oʻlchab qaror qabul qilish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Davlat xizmatchisi — cheklangan resurs
Bugun davlat fuqarolik xizmati sohasida 118 ming kishi mehnat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining oʻzoqni koʻra bilish qobiliyatlari va gʻoyalari asosida soʻnggi yillarda davlat xizmatchilarini xalqqa yaqinlashtirgan “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. “Qars ikki qoʻldan” deganlaridek, davlat xizmatidagi xodimlarga samarali ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratildi. Buning natijasida esa, davlat xizmatida 40 yoshgacha boʻlgan xodimlar ulushi 61 foizga yetdi, bu koʻrsatkich 5-6 yil oldin 37 foiz boʻlgan).
Biroq yaratilgan imkoniyat va sharoitga yarasha natijadorlik yoʻqligi taʼkidlandi. Prezidentimiz “hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yoʻq”, dedi yigʻilishda. Davlatimiz rahbari buni oʻtgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va masʼuliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bogʻliq 7 mingta shikoyat kelib tushgani bilan izohladi.
Qobiliyatni aniqlash, oʻqitish, ishini yaxshi yoʻlga qoʻyishga oʻrgatadigan yaxlit tizim boʻlmagani uchun, ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, joriy yilning oʻtgan 6 oyida bilim va koʻnikmalari yetishmagani bois, 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirildi. Umuman, masʼul lavozimlarda oʻtirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yoʻlga qoʻyilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri boʻlmoqda.
Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, soʻnggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun tayyorlandi. 64 moddadan iborat Qonun shu yilning 8-avgust kuni Prezidentimiz tomonidan imzolandi. Aytish joiz, mazkur Qonun orqali davlat fuqarolik xizmatchilariga talab va majburiyatlar qoʻyish bilan birga, ular faoliyatining kafolatlari, ijtimoiy himoyasini kuchaytish masalalari ham oʻz aksini topgan.
Iqtisodiyotda xususiy sektor oʻsib borayotgani sari, malakali kadrlarga talab oshib bormoqda. Bu raqobatli bozorda davlat xizmati ham jozibador boʻlishi kerak. “Bitta mutaxassisni tayyorlash uchun qancha-qancha vaqt, mehnat va mablagʻ talab etiladi. Qolaversa, davlat xizmatchisi ham cheklangan resurs ekanini unutmaslik kerak”, dedi Prezident. Shu bois, xodimning tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinishi koʻrib chiqiladi.
Salohiyatli kadr ochiq va shaffof tizim asosida tanlanadi
Shuni taʼkidlash lozimki, kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimining yoʻlga qoʻyilishi bu — korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yangicha yondashuv asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etildi.
Taraqqiy etgan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etish borasidagi islohotlar negizidagi asosiy vazifalardan biri “ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish” ekanini koʻrishimiz mumkin. Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori boʻlgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida boʻsh ish oʻrinlariga ishga qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2020-yil avgust oyida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi.
Mazkur portal davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlariga eng istiqbolli kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, 2020-2022-yillar davomida 78 ta davlat organi va tashkilotlari, hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklari portaliga ulangan boʻlib, ular tomonidan vakant lavozimlar uchun 105 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilindi.
Tanlovlarda 1,3 mln.dan ziyod nomzod ishtirok etgan boʻlib, ularning 45 ming nafari tanlov gʻolibi sifatida vakant lavozimlarni egallagan.
Portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarining munosib kadrlar bilan toʻldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi. Yaʼni, mehnat va kadrlar ishiga oid barcha internet platformalari mazkur portal bilan integratsiyalashgan. Portal interaktiv boʻlishi bilan birga nomzodlar uchun qator imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan nomzodlar bir yoʻla davlat organining uchtagacha boʻsh ish oʻrni uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza yuboriladigan tashkilotlar soni chegaralanmagan. Vakant ish joyiga boʻlgan malakaviy talablar ish beruvchi barcha uchun teng tamoyil asosida belgilanadi.
Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari boʻyicha maʼlumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, yaʼni har bir bosqich natijasi boʻyicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi. Endi davlat fuqarolik xizmatiga kirish uchun nomzod-kadrlar qogʻozlar toʻplamidan iborat obyektivka va bir qancha maʼlumotnomalarni koʻtarib davlat organlari va tashkilotlariga sarson va ovora boʻlib yurmaydilar. Nomzod haqidagi barcha maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda oʻz arizasida aks etadi. Shunchaki elektron platformaga kirib, 3-4 qadamdan iborat harakat orqali oʻzlariga munosib vakant lavozimga ariza yuboradilar.
Ariza qabul qilingandan soʻng tashkilotda tuzilgan ochiq tanlov boʻyicha komissiya tomonidan 3 ish kunida nomzodlarning arizalari belgilangan malaka talablari boʻyicha oʻrganiladi hamda natijasi yuzasidan har bir nomzodning shaxsiy kabinetiga tegishli xabar yuboriladi. Tanlovning keyingi bosqichi — test sinoviga oʻtgan nomzod 3 ish kuni mobaynida Agentlik tomonidan hududlarda markazlashtirilgan holda test sinovidan oʻtkaziladi. Shunday qilib, ijobiy natijaga ega boʻlgan nomzodlar bilan 3 ish kuni mobaynida tanlov komissiyasi tomonidan suhbat oʻtkaziladi. Suhbat jarayoni assesment shaklida tashkil etilib, nomzodlarga teng sharoit hamda teng vazndagi savollar beriladi. Bu jarayonda Agentlik masʼul xodimi kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi hamda shaffof va adolatli tarzda oʻtishini nazoratga oladi. Suhbat jarayonidan muvafaqqiyatli oʻtgan nomzodni ishga qabul qilish boʻyicha tegishli hujjatlari rasmiylashtirilib, platformaga yuklanadi, shundan mazkur vakant lavozim avtomatik tarzda Yagona milliy mehnat tizimida yopiladi.
Tabiiy savol tugʻiladi. Bu tizimni joriy etishda tashkilot va idoralarning kadrlar boʻlinmalari qay darajada tayyor, ular yangicha tizimning drayveri boʻla oladimi? Ushbu masalaning yechimi ham Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi eʼtiboridan chetda qolmadi. Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimlarining kadrlar boʻlinmalari rahbarlari uchun inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish masalalarini qamrab olgan malaka oshirish kurslari tizimli tashkil qilindi. Oʻquv jarayonlarida kadrlarni tanlash va ular bilan ishlash borasida zamonaviy usullarni qoʻllash, davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli kadrlarni jalb qilish, bu jarayonda eʼtibor berish lozim boʻlgan jihatlarning eng kichik nuqtalarigacha boʻlgan mezonlari yaqqol misollar va amaliy namunalar bilan koʻrsatib berilmoqda.
Barcha jarayonlarda jamoatchilik nazorati yuqori darajada qoʻyilgan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan davr mobaynida jamoatchilik tomonidan test sinovi hamda suhbat jarayonini yanada takomillashtirish, savollarni sohaviy yoʻnalishlardan kelib chiqib tayyorlash, suhbat jarayonidan mustaqil ekspertlarni jalb etishga qaratilgan 40 dan ortiq konstruktiv takliflar kelib tushdi. Ularning deyarli barchasi ijroga qaratildi, yaʼni portal faoliyati yanada takomillashtirib, tanlov bosqichlarida inson omili maksimal darajada minimallashtirilmoqda.
Sarvar Umaraliyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori