Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimotlar bilan tanishar ekan, sohani yana-da rivojlantirish, aholiga qulayliklarni oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, taqdimot chogʻida tizimdagi qator muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.

Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanmoqda

Har bir ishda tahlil va taqqos muvaffaqiyatlarga yoʻl ochadi. Oddiy misol. Bundan 3-4 yil avval ota-onalar farzandini maktabga yoki bogʻchaga joylashtirish uchun qancha ovora boʻlardi. Taʼmagirlik avj olgan edi. Yoki tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma olish uchun qishloqdan tuman markaziga borib, qancha vaqt va mablagʻ sarflanardi. Bunday misollar koʻp. Bugun davlat xizmatlari mahallalargacha kirib bormoqda.

Shu oʻrinda mamlakatimizda soʻnggi yillarda davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimi yaratilgani, buning uchun Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgani, oʻtgan vaqt mobaynida agentlik tizimi takomillashib, xizmat qamrovi kengayib borayotganini taʼkidlash oʻrinli.

Eng muhim raqamlarga toʻxtalib oʻtsak. Davlat xizmatlari markazlari orqali tadbirkorlik subyektlariga dastlab 37 turdagi davlat xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 157 taga yetdi. Ayni paytda aholiga kuniga oʻrtacha 57 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

Oʻtgan davrda 70 dan ortiq xizmatlar toʻliq qayta koʻrib chiqilib, soddalashtirildi. Talab etiladigan hujjatlar soni 221 tadan 95 taga, xizmat koʻrsatishning umumiy muddati qariyb 499 kundan 271 kunga qisqartirildi.

Tugʻilish bilan bogʻliq boʻlgan 5 turdagi davlat xizmatlarini FHDYO organi orqali yaxlit tarzda koʻrsatish tartibi joriy etildi. Yaʼni, bir vaqtning oʻzida tugʻilishni qayd etish, bolani poliklinikada roʻyxatga qoʻyish, turar joyi boʻyicha hisobga olish, suyunchi pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻyish xizmatlari qamrab olindi. Natijada 15 dan ortiq hujjatlar qisqardi, 4 ta idoraga borishga chek qoʻyildi.

Aholiga yana-da qulaylik yaratish maqsadida Xalq qabulxonalari va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda sayyor qabullar tashkil qilindi. Maxsus jihozlangan transport vositalari yordamida maqbul, qulay va shaffof usullardan foydalangan holda aholiga 700 mingdan ortiq sayyor xizmatlar koʻrsatildi.

Yana bir muhim jihat. Davlat xizmatlari koʻrsatishda yana-da qulayliklar yaratish maqsadida Elektron raqamli imzo sertifikatini onlayn olish imkoniyati yaratildi. Natijada fuqarolar masofadan turib davlat xizmatini olishi mumkin boʻldi.

Sohada oʻtkazilgan islohotlar samarasida Oʻzbekiston Jahon bankining “Doing business” indeksida “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha 190 ta davlat orasida 8-oʻrinni egallab, birinchi bor top-10 talikka kirdi.

“Qarshi shahar tajribasi”, “Buxoro tajribasi” asosida “markaz – mahalla – fuqaro” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlarining har bir oilaga kirib borishi taʼminlanmoqda. Jumladan, aholi oʻrtasida xizmatlarni elektron olish boʻyicha 1 500 dan ortiq mahalla va 700 ga yaqin umumtaʼlim maktabida “mahallabay” va “xonadonbay” targʻibot ishlari tashkil qilinib, aholi elektron davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha oʻqitildi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda qator yangiliklar, xususan, avval mavjud boʻlmagan “qayta aloqa” tizimi joriy qilindi. Bu nima degani? Shu choqqacha davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilgan fuqaro bir qancha vaqtdan keyin yozma yoki ogʻzaki ravishda javob olardi. Hozir esa, murojaatchiga ijtimoiy tarmoqdagi telegram bot orqali qisqa vaqtda avtomatik tarzda qayta aloqaga chiqiladi. Fuqaro talabiga koʻra, xizmatlar joylardagi operatorlar tomonidan ham koʻrsatilishi mumkin. Qayta aloqaga chiqilgach, tegishli mutaxassislar bilan birgalikda murojaatchi muammosiga yechim topiladi.

Tizimda qanday yangiliklar kutilmoqda?

Xizmatlar qamrovi va tezkorligini oshirish uchun hal etilishi lozim boʻlgan muammolar ham bor. Masalan, zarur maʼlumotlar toʻliq raqamlashtirilmagani bois atigi 11 foiz xizmatlar elektron shaklda koʻrsatilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turda xizmat koʻrsatish mumkin, xolos. Uning atigi 11 tasi interaktiv xizmatlardir. Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash rivojlanmagan.

Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishni yana-da rivojlantirish boʻyicha Prezidentimiz belgilab bergan yoʻnalish va koʻrsatmalarning birinchisi, bu – sifat masalasi boʻldi. Yaʼni, tizimda sifatni taʼminlash orqali har bir fuqaroga korrupsiyasiz, tez va shaffof xizmat koʻrsatish, ularning muammolarini eng qisqa vaqt hamda qulay usulda hal etishga erishish zarur. Bu nafaqat shaharlar, balki tuman va qishloqlarda ham amalga oshiriladi. Shahardagi standartlar barcha hududlarda birdek ishlashi lozim.

Ikkinchi yoʻnalish, bu – tizimni raqamlashtirish. Ayniqsa, bugungi rivojlangan davrda mazkur soha kelajagini raqamli iqtisodiyotsiz tasavvur etish qiyin. Bunda, avvalo, shu vaqtgacha qogʻozda mavjud boʻlgan hujjatlarni elektron tizimga oʻtkazish orqali keyingi bosqichga oʻtiladi.

Hozirgi paytda mobil ilovalar rivojlanyapti. Bunday qulayliklarni davlat xizmatlari koʻrsatish tizimiga ham joriy etish zamon talabi. Odamlar davlat bilan boʻladigan har qanday munosabatini uyida oʻtirgan holda, zamonaviy texnologiyalar orqali hal eta olishi kerak. Asta-sekin bunga erishilmoqda ham. Oddiy misol, FHDYO tizimidagi 60 millionta arxiv hujjatlarini raqamlashtirish yakunlandi. 2021-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari mana shu tizimdan foydalanishni boshladi. Buning natijasida 660 ming fuqaroning murojaati tashkilotga kelmasdan turib, tezkor hal boʻldi. Koʻplab davlat organlari bir-biri bilan ana shunday integratsiya asosida xizmatlar koʻrsatishni boshladi. Bu aholining kamida 8 milliard soʻmini iqtisod qilishga zamin yaratdi.

Eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yana bir yoʻnalish – ehtiyojni toʻgʻri prognozlashtira olish imkoniyati. Bu hozirdan fuqarolar orasida ertaga qanday ehtiyojlar shakllanadi, ularni qiynayotgan asosiy muammolar nimalardan iborat ekanini tahlillar asosida oʻrganish zarurligini anglatadi. Sohani nafaqat oddiy tahlillar, balki ilmiy tahlillar asosida oʻrganish lozim.

Bugun aholi orasida “servis davlat” degan yangi tushuncha paydo boʻlyapti. Yaʼni, fuqarolarga xizmat koʻrsatish funksiyasi birinchi darajaga chiqyapti. Taqdimotda mana shu vazifalar boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi. Gʻoyalar akseleratori tizimini joriy qilish, davlat xizmatlari reyestridan joy olgan 700 dan ortiq xizmatlar turini koʻrib chiqish, qaysilarini aholiga tezroq yetkazish kerak, degan savolga yechim topish hamda bu ishlarni ilmiy tahlillar asosida amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

“Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri”

Prezidentimiz aytgan bu gap faoliyatimizni yangi tamoyillar asosida davom ettirishda bosh gʻoya boʻladi. Ayni paytda har bir ishni qanday amalga oshirish boʻyicha mexanizm va “Yoʻl xaritasi” tayyorlanmoqda.

Noʻmon MUHAMMADIYEV,

Davlat xizmatlari agentligi direktori oʻrinbosari