Davlat xususiy sherikchiligi asosida ilk bor yangi IES qurilmoqda

    Isteʼmolchilarning toʻlov evaziga elektr energiyasidan foydalanish huquqidan tashqari energiyatejamkorlik va energiyasamaradorlik masalasida maʼlum majburiyatlari ham bor. Zero, iqtisod qilingan gaz ham, elektr energiyasi ham xalqimizning boyligi.

    Bugun hech bir soha energetika tizimisiz taraqqiy eta olmaydi. Yangi Oʻzbekistonda barcha tarmoqlarda kuzatilayotgan yuksak oʻsish surʼatlari tabiiyki elektr energiyaga boʻlgan talabni oshirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning qariyib 85-90 foizi IESlarda yaratilsa, shundan “Sirdaryo IES” ning ulushi 30-35 foizga teng.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoyishiga asosan “Sirdaryo IES” AJda keng qamrovli modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

    Taʼkidlash joizki, Sirdaryo IES qurilishi 1966-yilning kuzida boshlangan. Koʻp ming kishilik jamoaning fidokorona mehnati evaziga 300 ming kVt/soat quvvatga ega boʻlgan birinchi energoblok 1972-yilning 26-dekabrda ishga tushirilgan boʻlsa, 1981-yilda oxirgi oʻninchi energoblokning ishga tushirilishi bilan elektr stansiyaning qurilishi yakunlandi. Uning quvvat imkoniyati 3000 ming kVt.ga yetdi. Bugungi kunda bu yerda 2 ming nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

    Stansiya ishga tushgan kundan boshlab hozirgi kungacha 650,0 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqargan.

    Ayni kunlarda Shirin shahridagi “Sirdaryo IES”da modernizatsiya jarayonlari yakunlanish bosqichiga kirdi.

    – Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, har biri 300 MVt ni tashkil etgan energo bloklar yangilanishdan avval quvvati 250 MVtga tushib, yoqilgʻi sarfi ham bugungi talablarga javob bermay qolgan edi, – deydi “Sirdaryo IES” bosh muhandisi Jahongir Qirgʻizboyev. – Energiya bloklar toʻliq zamonaviylashib, ularning quvvati 325 MVt ga yetkazildi. Biz bu bilan 150 MVt qoʻshimcha quvvatga erishdik. Eng asosiysi, bir klovatt soat uchun shartli yoqilgʻi sarfi 40 grammga qisqaradi. Natijada yiliga 180 million kub metr tabbiy gazni tejashga erishiladi.

    Boyovutda DXSH ishtirokida ilk yangi loyiha

    Bundan tashqari aholini va ishlab chiqarish korxornalarini uzluksiz energiya manbasi bilan taʼminlash maqsadida Boyovut tumanida yana bir yirik loyihaga qoʻl urildi. Bu yerda quvvati 1500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Yirik loyiha ilk bor davlat xususiy sherikchiligi asosida Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu ilk tajriba boʻlib, tumanda ana shunday megaquvvatlardan yana ikkita quriladi. Natijada ushbu issiqlik elektr stansiyalari 60 foiz yoqilgʻini iqtisod qilgan holda “Sirdaryo IES”da modernizatsiyadan keyin ishlab chiqariladigan quvvatga tenglashadi.

    – Bizning kompaniya dunyodagi yirik kompaniya hisoblanib, elektr energiya va suvni chuchuklashtirish boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasining qurilish boʻyicha bosh direktori Mubashshir Ahmad Majid (Saudiya Arabistoni). – Bundan tashqari quyosh va shamol energiyasi boʻyicha loyihalar ustida ham ishlayapmiz. Kompaniyamiz Oʻzbekistondagi birinchi yirik loyiha boʻyicha ish olib borayapti. Ayni paytda bu yerda eng soʻnggi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan 1500 MVt quvvatga ega stansiya qurilishi boshlandi. Jumladan, gaz va bugʻ turbinalari Yaponiya va Germaniyadan keltirilgan. Bu yerda 2 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda. Qurilish ishlarining oʻz muddatida yakunlash boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur stansiyaning foydalanishga topshirilishi Oʻzbekistonning elektr energiyaga boʻlgan talabini katta qismini qoplaydi. Ahamiyatlisi, katta miqdordagi tabbiy gaz iqtisod qilinadi. Tuproq va yer osti suvlari ifloslanishining oldi olinadi.

    Inshoot qurilishida 60 yaqin texnika, energetika tizimi rivojlangan oʻnlab xorijiy davlatlardan 300 nafardan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda.

    Bundan tashqari ming nafardan ortiq mahalliy ishchilar loyiha ishiga jalb qilingan. Eʼtiborlisi, ayni paytgacha stansiya uchun kerakli uskunlar mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Shuningdek, yangi qurilayotgan bu issiqlik elektr stansiyasiga yuqori kuchlanishli uzatish nimstansiyalari ham barpo etiladi.

    Umumiy yer maydoni 85 gektardan iborat mazkur stansiyaning birinchi navbati 2023-yilda ishga tushirishi rejalashtirilgan.

    Tabbiy gazda ishlaydigan energiya bloklarga yangi avlod – ikkita gaz turbinasi, issiqlikni qaytaruvchi bugʻ generatorlari oʻrnatiladi.

    Energiya taʼminotidan oqilona foydalanish va tejamkorlik madaniyatini yuksaltirish – davr talabi

    Bugun atrof-muhit tozaligini saqlash, oʻz farzandlarimiz va kelajak avlodlarimiz sogʻligʻini asrash, jamiyatimiz ravnaqi va yurtimiz rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan elektr energiya taʼminotidan oqilona foydalanish va tejamkorlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga ongli munosabatda boʻlishni hayotning oʻzi talab qilayapti.

    Koʻpchilik hollarda isteʼmolchilar elektr uzilishlaridan shikoyat qiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu oʻrinda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va taqsimlovchi tashkilotlar elektr taʼminoti uzilishidan manfaatdor emas. Aksincha, isteʼmolchilarga yetkazib berilmagan energoresurslar ishlab chiqarishda “yoʻqotilgan foyda” hisoblanadi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol oʻrtasidagi tafovut tizimning yaxlitligiga, barqaror faoliyatiga salbiy taʼsir etganda maʼlum texnik shartlar asosida, tarmoqdan uzishlar sodir boʻlishi mumkin. Bu jarayon avtomatik tarzda roʻy berib, tizimning keyingi barqaror faoliyati uchun uni himoyalash sharti bilan roʻy beradi.

    Isteʼmolchilarning toʻlov evaziga elektr energiyasidan foydalanish huquqidan tashqari energiyatejamkorlik va energiyasamaradorlik masalasida maʼlum majburiyatlari ham bor. Zero, iqtisod qilingan gaz ham, elektr energiyasi ham xalqimizning boyligi.

    Shu oʻrinda qayd etish joizki, katta mashaqqat va xarajat evaziga ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini tejash muhim ahamiyatga ega. Bunda harakat va yorugʻlikni ilgʻovchi sensorli moslamalardan foydalanish davr talabi. Qimmatbaho energoresurslardan maqsadli foydalanish nafaqat xonadon yoki sanoat korxonalarida, balki shaharsozlik loyihalarida ham oʻz aksini topishi zarur. Oʻzbekistonda mavjud gidroinshootlar faoliyatidan tashqari quyosh panellari va shamol generatorlaridan foydalanuvchi “yashil energiya”ning ilk loyihalari joriy yilning oxiri va 2022-yilning boshlarida foydalanishga topshiriladi. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salmogʻi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi umumhajmining 25 foizidan kam boʻlmasligi hukumat qarorlarida strategik vazifa sifatida belgilangan.