2021-yil 24-aprel kuni Norin-Qoraqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbir Suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi obyektlarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishiga bagʻishlandi.

Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi”da suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xoʻjaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish, tejalgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish hamda xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Konsepsiya doirasida respublika boʻyicha suv xoʻjaligi sohasida 2020-yilda 8 ta va 2021-yilning oʻtgan davrida 3 ta, jami 11 ta bitim imzolandi.

Shuningdek, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, joriy yilda suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha 100 ta loyiha roʻyxati shakllantirilib, bunda 180 dan ortiq suv xoʻjaligi obyektlarini xususiy sherik boshqaruviga berilishi rejalashtirilgan.

Loyihalar boʻyicha 29 ta klaster, 38 ta fermer xoʻjaliklari va 23 ta boshqa tadbirkorlik subyektlari tomonidan xususiy tashabbus koʻrsatilgan. Tashabbuskorlar bilan muzokaralar oʻtkazilib, loyiha bosqichlarini belgilangan muddatlarda bajarish yuzasidan oʻzaro kelishib olingan.

Suv xoʻjaligi vazirligining davlat-xussiy sheriklik loyihalari boʻyicha bosh mutaxassisi Bahromjon Hamroqulovning taʼkidlashicha, ushbu loyihalarning dastlabki umumiy qiymati 2 trln. 362 mlrd. 410,0 mln. soʻmni tashkil qiladi va xususiy sherik tomonidan dastlabki yillarda 348 mlrd. 872,6 mln. soʻm investitsiya kiritiladi hamda 302 mlrd. 030,0 mln. soʻm byudjet mablagʻlari tejalishiga erishiladi.

Hozirda 76 ta loyiha boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilayotgan boʻlib, 24 ta loyiha boʻyicha esa muzokaralar davom etmoqda.

Andijon viloyatida ham suv xoʻjaligi obyektlarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilayapti. Jumladan, 2021-yilda 5 ta loyihani amalga oshirish va Asaka tumanidagi “Niyoz-botir-1k”, Buloqboshi tumanidagi “Joʻrapolvon”, Marhamat tumanidagi “Mashʼal-2k” hamda Qoʻrgʻontepa tumanidagi
“Tosh-Oxur-1k”, “Tosh-Oxur-2k” nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish koʻzda tutilgan.

Shu kunga qadar, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Tosh Oxur-1k” va “Tosh Oxur-2k” nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklikka berish boʻyicha “Interagrostart” MCHJ bilan birgalikda loyihani dastlabki baholash boʻyicha hisob-kitoblar ishlab chiqildi.

- 2021-yilda rejalashtirilgan loyihalarga qoʻshimcha ravishda Xoʻjaobod va Andijon tumani ekin maydonlarini suv bilan taʼminlovchi “Zauroq GES” hamda Izboskan va Paxtaobod tumanlaridagi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlovchi “Alamaydon” nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka olish boʻyicha “Oʻzmaxsussuvtaʼmirtaʼminot” YOAJ korxonasi tomonidan qiziqish bildirilmoqda, – deydi Norin-Qoraqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Xushnud Hamidov. – Shuningdek, Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli avtoturargoh va uning hududidagi boʻsh turgan bino-inshootlardan beton va beton mahsulotlari ishlab chiqarish hamda maxsus texnikalarga xizmat koʻrsatishni davlat-xususiy sheriklik asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha talabgor bilan boshlangʻich hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.