— Bolaligimdan eng katta orzularimdan biri xorijdagi nufuzli universitetda tahsil olish edi. Oddiy oilada o‘sgan men kabi yoshlarga bu ushalmas orzudek tuyulishi mumkin. Mana, ko‘rib turibsiz, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali bu orzumga erishdim.

Ayni paytda dunyoda eng kuchli 100 talikka kirgan Arizona universitetida davlat boshqaruvi va siyosat yo‘nalishida tahsil olyapman. Shuningdek, o‘qish mobaynida juda ko‘p amaliyotlar o‘tayapman. Misol uchun, yozgi ta’tilda BMT huzuridagi yozgi o‘quv maktabida o‘qidim hamda amaliyot o‘tadim. Qolaversa, BMT tashkil etgan ikkita nufuzli xalqaro konferensiyada ishtirok etdim. 2023 yil 6-12 oktyabr kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tadigan “Best Diplomats” konferensiyasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘ryapman.

Nafaqat men, balki “El-yurt umidi“ jamg‘armasining barcha stipendiatlari uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli biz jahon miyosida o‘tkazilayotgan konferensiyalarda qatnashyapmiz.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda orzularim haqida gapirib berdim. Kelajakda xorijda olayotgan bilim va ko‘nikmalarni vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlatish, xotin-qizlarning davlat va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish niyatidaman.

Jamg‘arma stipendiatlari O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng nafaqat davlat tashkilotlari, balki nodavlat va xususiy tizimda ham faoliyat yuritishsa, yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylaymiz.

Hozir men O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri bo‘lgan gender tenglik bo‘yicha 2030 yilga qadar qo‘yilgan vazifalar haqida to‘xtalmoqchiman. Bunda xotin-qizlarni kamsitishning barcha turiga barham berish, erta va majburiy nikoh kabi zararli illatlarni yo‘q qilish, shuningdek, reproduktiv salomatlik va bu boradagi yutuqlardan universal foydalanishni ta’minlash va, albatta, ayollarga teng huquq berish kabilar qamrab olinishi juda muhimdir.

2030 yilga borib, oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarga to‘laqonli erishishimiz yo‘lida yurtimiz ayollarining davlat va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ishonamiz.

Prezident bilan uchrashish bizga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va bildirilayotgan ishonch har birimizga katta kuch va jo‘shqin ilhom bermoqda. Xalqni rozi qilishga qaratilgan islohotlar uchun bor bilim va kuchimni, xorijda o‘zlashtirgan tajribamni yo‘naltiraman.