Prezidentimizning 2020-yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan xususiy shifoxonalarga koronavirus infeksiyasini davolashga ruxsat berilgan edi.
Mazkur qarorda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun xususiy shifoxona Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan tegishli shartnomani tuzganidan keyingina bu yoʻnalishda faoliyat boshlashi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari sanitariya-epidemiologiya qoidalariga, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan va xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan oʻtgan diagnostika va davolash standartlariga rioya qilishi lozimligi alohida belgilangan.
—Tibbiy faoliyatni yuritishga qoʻyilgan talablar davlat shifoxonalari uchun ham, xususiy shifoxonalar uchun ham birdek amal qiladi. Shuning uchun mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar har bir tibbiyot muassasasi Sogʻliqni saqlash vazirligining diagnostika va davolash standartlariga toʻliq rioya qilishi shart, — deydi vazirlikning Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshligʻi Farhod Rahimqulov. — Bu talablar buzilgan taqdirda, amaldagi qonunchilikka koʻra, davlat tibbiyot muassasalarida bevosita tibbiyot xodimlariga nisbatan chora koʻriladi. Xususiy shifoxonalarda esa tibbiy faoliyatga olingan litsenziyaning amal qilinishi, shu jumladan, uning sud tartibida bekor qilinishi koʻzda tutilgan.
Shu yilning 4-6-avgust kunlari poytaxtimizdagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan 14 ta xususiy shifoxona monitoring qilinganida ulardan 7 tasi yuqorida nazarda tutilgan shartnomani imzolamasdan faoliyat koʻrsatgani aniqlandi. Oʻrganilganda, ularning aksariyatida qatʼiy rioya qilinishi lozim boʻlgan “qizil”, “sariq”, “yashil” hudud qoidalariga amal qilinmaganligi, aniq bir davolash taktikasi mavjud emasligi, infuzion suyuqliklar va antibiotiklarni keragidan ortiq qoʻllanganligi maʼlum boʻldi. Bu holat, tabiiyki, yuqumli kasallikning tibbiyot xodimlariga yuqishi bilan birga, eng achinarlisi, bemorlar ahvolining ogʻirlashishiga ham sabab boʻladi.
Farhod Rahimqulovning maʼlum qilishicha, ayrim xususiy shifoxonalarga koronavirusning yengil shakli bilan yotqizilgan bemorlarning ahvoli keyinchalik yomonlashib, kasallik ogʻir shaklga oʻtib ketgach, davlat tibbiyot muassasasiga oʻtkazilgani yoki, afsuski, vafot etgani aniqlangan. Shifoxonalarda zarur uskuna va jihozlar, soha boʻyicha mutaxassislar yetishmasligi bunday noxush holatlarning oldini olishga imkon bermagan.
Toʻgʻri, ogʻir damlarda bemorlarni qabul qilib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat koʻrsatib, murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam bergan xususiy shifoxonalar ham talaygina. Shu oʻrinda ularning faoliyati chinakam eʼtirofga haqli.
Sogʻliqni saqlash vazirligi xususiy shifoxonalarga koronavirusni davolash boʻyicha xech qanday cheklov qoʻymagan. Faqat ushbu faoliyatni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish lozimligini, agar tartibga rioya qilinmasa, huquqiy taʼsir chorasi mavjud ekanligini eslatib kelmoqda, xolos. Inson salomatligi haqida gap ketganda, davlat tibbiyot muassasalarida boʻlgani kabi xususiy shifoxonalardan ham barcha qoidalarga soʻzsiz rioya qilish talab qilinadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni paytda Toshkent shahrida 21 ta, viloyatlarda 4 ta xususiy shifoxona koronaviruc infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolab kelmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilvan aloqalar boʻlimi