Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Hindiston Respublikasi Savdo va sanoat davlat vaziri Anupriya Patel, tegishli vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimidagi maʼruzalarida delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi besh yil ichida sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladilar.

Xususan, bu davrda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 50 foizdan oshdi. Ijobiy dinamika yuksalishda davom etyapti. 2022-yil birinchi yarmida oʻzaro savdo qariyb 30 foizga koʻpayib 324,5 million dollardan oshdi.

Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi qayd etildi. Xususan, 2017-yildan buyon Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan hind kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 5 barobar oshdi. 2021-yilning oʻzida yetmishga yaqin korxona ish boshladi va ularning umumiy soni 357 taga etdi. Ayni paytda turli tarmoqlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 80 dan ortiq qoʻshma loyiha amalga oshirilyapti.

Tadbir davomida Oʻzbekiston tomoni hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha foydalanilmayotgan resurslarni safarbar etish boʻyicha tashabbuslar bilan chiqdi. Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va yuqori talabga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali agrosanoat kooperatsiyasi, IT-sektor va infratuzilmaviy loyihalarga investitsiyalar kiritish, farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, toʻqimachilik sanoatida yaqin hamkorlik qilish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga urgʻu berildi.

Biznes-forum dasturi doirasida Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sohalaridagi investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlari ham boʻlib oʻtdi. Muzokaralarning “B2B” sessiyasi ishbilarmon doiralarning oʻzaro aloqalarni kengaytirish va birgalikda ishlashga boʻlgan qiziqishini ochib berdi, unda tadbirkorlar va investorlar oʻzaro tanishishlari, manfaatlar kesishadigan nuqtalarini kashf etib, yaqin kelajakda mustahkam kelishuvlarga erishish uchun yangi istiqbolli gʻoyalarni muhokama etish imkoniga ega boʻldi.

Forum yakunida xususiy tibbiyot, farmatsevtika, poyabzal va charm buyumlar ishlab chiqarish sohalarida, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha qator bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.