Korrupsiyaning oldini olishning eng samarali usullaridan biri davlat organlari va muassasalari mansabdor shaxslari ustidan moliyaviy va boshqa nazorat choralarini kuchaytirishdir. Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish va samarali faoliyat koʻrsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil qilish, shuningdek, ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga oʻz vaqtida taʼsir choralari koʻrilishini taʼminlash belgilandi.
Shuningdek, agentlikka Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda uch oy muddatda “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Davlat xizmatchilarining mulkiy deklaratsiya tizimi korrupsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 160 dan ortiq mamlakat aktivlar deklaratsiyasi talablarini joriy etgan. YEXHTga aʼzo mamlakatlarning aksariyatida aktivlarni deklaratsiyalashning keng jamoatchilik uchun oshkora tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Deklaratsiyalarning ommaviyligi, yaʼni jamoatchilik uchun ochiqligi ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatini yana-da oshiradi. Zero, fuqarolik jamiyati va jurnalistlar koʻpincha korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar tomonidan deklaratsiyalarning haqqoniyligini rasmiy tekshirishning boshlanishiga olib keladigan nomuvofiqliklarni aniqlashda asosiy rol oʻynamoqda.
Korrupsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning eʼlon qilinishi korrupsiyaga qarshi samarali vosita ekani eʼtirof etilgan.
Aytish kerakki, aktivlarni deklaratsiyalash tizimi aksariyat mamlakatlarda mavjud boʻlishiga qaramay, bu borada yagona standartlar mavjud emas. Har bir mamlakat deklaratsiya tizimi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Biroq bu borada barcha tizimlarning umumiy maqsadi ikkita asosiy masala atrofida birlashgan: noqonuniy boyishning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini hal qilish.
Shu oʻrinda ushbu ikki tushunchaga izoh berib oʻtsak. Noqonuniy boylik orttirish -davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining daromad va mol-mulk deklaratsiyasida nazarda tutilgan pul mablagʻi yoki mulkidan ortiq boylik orttirishi va mansabdor shaxs ushbu mol-mulkining qonuniy manbalari haqida ishonarli dalillarni taqdim qila olmasligi.
Manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat.
Ayni kunlarda mamlakatimizda keng jamoatchilik ishtirokida qizgʻin muhokama qilinayotgan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchilari va ularning oila aʼzolarining daromadlari, mol-mulki va koʻp miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilish tartibi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Unga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari har yili oʻzining va oila aʼzolarining daromadlari, mol-mulki va koʻp miqdordagi xarajatlari haqida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda deklaratsiya topshirishi shart. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan roʻyxatda ayrim toifadagi davlat fuqarolik xizmatchilari, shu jumladan, ularning yaqin qarindoshlarining kengaytirilgan doirasiga nisbatan daromadlar, mol-mulk va koʻp miqdordagi xarajatlarni deklaratsiya qilish yuzasidan qoʻshimcha talablar belgilanishi mumkin.
Deklaratsiya topshirilgani haqidagi maʼlumotlar nomzodning davlat fuqarolik xizmatiga kirishidan oldin kadrlar boʻlinmalari tomonidan tekshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi davlat fuqarolik xizmatini tugatgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida oxirgi oʻn ikki oy uchun deklaratsiya taqdim etadi. Bu jarayon toʻgʻri va toʻliq amalga oshirilgani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat soliq organi tomonidan tekshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchilari va oila aʼzolarining daromadlari mol-mulki va koʻp miqdordagi xarajatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyada keltirilgan maʼlumotlar belgilangan tartibda chop etiladi, maxfiy va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa turdagi maʼlumotlar bundan mustasno.
Xulosa qilish mumkinki, jismoniy shaxslarning daromad va xarajatlari toʻgʻrisida deklaratsiya amaliyoti butun dunyoda korrupsiya huquqbuzarliklariga qarshi kurashishda keng tarqalgan institutdir. Deklaratsiya, unda bayon etilgan maʼlumotlarning oshkoraligi davlat xizmatiga koʻrsatgan xizmatlari asosida kirish uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Shuningdek, jahon amaliyotida parlament aʼzolari uchun ham tadbirkorlik va xususiy shaxslar manfaatlarini himoya qilishni cheklashga qaratilgan aktivlarni deklaratsiyalash tizimi keng tarqalgan. Jismoniy shaxslarning umumiy deklaratsiyasi shaffoflik, hisobdorlik va davlatning iqtisodiy oʻsishini kafolatlaydigan muhim vosita sanaladi. Xorijiy davlatlarda davlat mansabdor shaxslarining deklaratsiya tizimiga toʻliq va bepul kirish imkoniyati uchun tashkiliy-huquqiy tartib-taomillar ham ishlab chiqilgan.
Davlat xizmatchilarining barcha toifalari uchun aktivlarni deklaratsiya qilish tizimini joriy etish katta resurslarni talab qiladi. Bu jarayonni tegishli tayyorgarlik ishlarini koʻrmasdan amalga oshirish qiyin. Aktivlar deklaratsiyasini kiritishda dastlab ijro hokimiyati, prokuratura, xavfsizlik idoralarining davlat xizmatchilari, shuningdek, davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlari bilan cheklanish taklif etiladi.
Mustaqillik va daxlsizlik muammosi bilan bogʻliq holda parlament aʼzolari va sudyalar uchun aktivlar deklaratsiyasini joriy etish keyingi bosqichda amalga oshirilishi mumkin va buni tegishli organlarning institutlari orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Aktivlar deklaratsiyasining kiritilishi munosabati bilan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik yoki deklaratsiya taqdim etmaganlik uchun dastlab intizomiy, maʼmuriy choralarni qoʻllash lozim boʻladi. Keyinchalik yuqori lavozimli mansabdor shaxslarga nisbatan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik yoki deklaratsiya taqdim etmaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin.
Bahodir ISMOILOV,
Bosh prokuratura akademiyasi
Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy taʼlim markazi boshligʻi
Umid ABDURAHIMOV,
Bosh prokuratura akademiyasi magistranti