Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining bergan xabariga koʻra, delegatsiya aʼzolari yurtimiz Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev hamrohligida Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham boʻlib, koronavirusni davolash borasidagi Oʻzbekiston tajribasi bilan tanishdi.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining umumiy qiymati 504 milliard soʻm boʻlib, 33 gektar maydondagi 2 ta kompleksni oʻz ichiga oladi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Muassasa 4 ming oʻringa moʻljallangan.

Reanimatsiya boʻlimlarida har bir koyka sunʼiy oʻpka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu boʻlimni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha jihozlash ham mumkin.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya boʻyicha eng ilgʻor apparatlar oʻrnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda oʻrtacha 40 kishiga tashxis qoʻysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Ekspress-test usulida qondagi antitanachalarni 10 daqiqada aniqlash imkoni yaratilgan. Polimer zanjirli reaksiyaning antigen ekspress testi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 5 daqiqada insonda koronavirus bor yoki yoʻqligi aniqlanadi.

Shuningdek, qabul-diagnostika boʻlimida multispiral kompyuter va magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen hamda zamonaviy ultratovush diagnostikasini bir vaqtning oʻzida bajarish mumkin.

Mehmonlar Oʻzbekistonda qisqa fursatlarda shunday ulkan majmuaning barpo etilgani tahsinga loyiq ekanini taʼkidlashdi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.