Hayot mashaqqati va taqdir bitigi
Chog'roq hovli chetidagi tut daraxti soyasida jussasi cho'kib, xayolga berilgan Rohat buvining ko'ngli eziladi. Har kuni qizining, ikki nevarasining taqdirini o'ylaydi.
Dilfuza opa 2-3 yoshli go'dak vaqti aravachadan yiqilib, bel va elka qismiga jiddiy shikast etgandi. Ota-onasi davolatishga rosa harakat qildi. Toshkentdagi travmatologiya institutida oylab muolaja olindi. U vaqtlarda hozirgi tibbiyot qayoqda, deysiz. Shifokorlar jarrohlik amaliyotini o'tkazish mumkinu, ammo asab tolalariga jiddiy shikast etishi oqibatida ruhiy zo'riqish kuzatilishi, shol bo'lib qolish ehtimoli borligidan ham ogohlantirdi. Buni eshitgan ota-ona tavakkal qilolmay, operatsiyadan voz kechdi...
Shu tariqa murg'ak qizning bola qalbi o'ksib voyaga etdi. Lekin irodasi toblana bordi, qiyinchiliklarga chidashga, yashash uchun kurashga o'rgandi. Turmushga chiqdi. Baxtli kunlar edi, ammo yana bir musibatga yo'liqdi. Og'ir xastalik tufayli turmush o'rtog'i vafot etdi. Undan yodgor bo'lib bir o'g'il, bir qiz qoldi.
Opa ko'p qayg'urdi, nachora, endi farzandlari uchun ham yashashi, mehnat qilishi kerak.
– Farzandlarimni bag'rimga bosib, tuni bilan yig'lab, o'ylab chiqardim. Lekin ko'z yoshi bilan hech narsa qilib bo'lmasligini anglab, harakat qila boshladim, – deydi Dilfuza opa.
Tikuvchilikdan topgan puli ro'zg'orni arang tebratishga etardi. Hayot beshafqat, Alloh suygan bandasiga dard ham berar ekan. Dilfuza opaning keksa onasi to'shakka mixlanib qoldi. Endi onasiga qarashi kerak, tikuvchilik qilishga esa sharoit, imkon qolmadi. Nafaqa puli o'zining dori-darmoni, ikki farzandining ehtiyoji va betob onasining xarajatlariga “urvoq” ham bo'lmaydi.
Qizi maktabdan o'ksib kelsa, o'g'li ko'chaga chiqishga iymanardi. Onasining esa dardi ichida.
“Shu kunlar ham bormidi, qizim kun sayin cho'kib boryapti. To'y-hashamga bormaydi, tuzukroq kiyimi ham yo'q. O'g'li bilan qizining o'qishiga zo'rg'a pul topib turibdi. Dard ustiga men ham ortiqcha tashvish bo'ldim. Boshqalarga o'xshab eb-ichadigan, o'ynab-kuladigan kunlar ham bormikan sho'rlik peshonasida”, deb o'ylardi Rohat buvi.
Bu kunlarda esa mamlakatda yangi islohotlar davri boshlangan edi. Bir kuni erta tongdan darvoza taqilladi...
Yorug' kunlar eshik qoqib keldi
Kutilmagan yo'qlovdan Dilfuza opaning yuragi shuv etdi. “Suvdanmi, elektr danmi? Yoki tunov kuni do'kondan qarzga un olgan edim, shuni so'rab keldimikan”, deb o'yladi.
Darvozada mahalla raisi bilan yana allakimlar turardi.
– Bu kishi tumanimiz hokimi, bular bank mutasaddilari, moliya ta'minotchilari, – deya tanishtirdi rais buva. – Sizning holingizdan xabar olgani keldik.
Dilfuza opa shu paytgacha birovga dardini aytmagan, mahalladan ham, hokimdan ham yordam so'ramagan edi. Shu bois, bularning maqsadini yaxshi tushunmay turdi. Har qalay uyga taklif qildi...
Xullas, opaga “Mikrokreditbank”dan 28 million so'm kredit ajratildi. Maqsad ham aniq edi: non mahsulotlari va shirinlik pishiradigan pech sotib oladi.
Opaning matonati, maqsad sari intilishi bilan ishlar ham yurishib ketdi. Tez orada opa non va shirinliklar ishlab chiqaradigan yakka tadbirkor sifatida tanildi. Bugun mahalladoshlari uni mehnatkash, oqila va tadbirkor ayol sifatida hurmat qiladi.
Kreditga olingan bitta pech bilan boshlangan ish bugun ancha kengayibdi. Uy ayvonida pech, xamir qoradigan uskuna joylashgan. Yangi pishgan non va shirin kulchalar isi ufurgan ozoda tsex. O'g'li onasiga yordamchi, ona-bola gurunglashib, non yasaydi.
Yaqinda tuman hokimi yana opa bilan suhbatlashdi. Endi opa pishirgan mahsulotlarini sotishi uchun zamonaviy do'konga ehtiyoj bo'layotgani haqida gapirdi. Tashabbus qo'llab-quvvatlandi. Opa uchun serqatnov yo'l yoqasida engil konstruktsiyali shinamgina do'kon qurib berildi. Issiq, shirmoy, piyozli non va kulchalarning xaridori ko'p.
– Mahsulotlarimiz xaridorlarga manzur bo'layotganidan xursandman. Mehnatimizga, nasibamizga yarasha daromad qilyapmiz. Garchi jismoniy kamchiligim bo'lsa-da, ko'p qiyinchiliklarni ko'rganimga qaramay, o'zimni omadli, baxtli inson, deb bilaman. Hamisha Allohdan birovlarning qo'liga qarovchi emas, aksincha, yordam beruvchilar qatorida bo'lishni so'raganman. Bu niyatimga bugungi islohotlar orqali erishdim. Qizim ham bo'y etib qoldi. Sepini yig'yapman. Nasib qilsa hali to'ylar qilamiz, – deydi Dilfuza opa.
Baxtli inson yo'qdir onamday
– Onam bizni voyaga etkazaman, deb ko'p qiynaldi. Qattiq ezilardim, lekin chorasiz edik. Mana, yorug' kunlar ham bor ekan peshonamizda. Bizni qo'llab-quvvatlagan davlatimizga ming rahmat. Oilamiz to'kis, onamning yuziga qon yugurgan, kayfiyati ko'tarinki. Bugun onam bechora emas, ulardek baxtli inson yo'q, – deydi Dilafro'z.
* * *
Kun peshindan oqqan. Rohat buvi tut daraxti tagida so'rida o'tiribdi. Endi ko'ngli to'q, qizining taqdiridan ham, nabiralari kelajagidan ham. Shunday xursandchiliklarga etkazganiga, tinch-osoyishta o'tayotgan kunlariga shukr qilib duoga qo'lini ochadi: Allohim, xalqimizga sog'lik-omonlik, yurtimizga tinchlik, islohotlarimiz boshida turgan rahbarlarga kuch-quvvat ato et.
Bu vaqtda Dilfo'za rayhonlarga suv separ, onasi yangi uzilgan nonni do'konga olib chiqish uchun shoshilar, hovlini esa non va rayhon isi tutgan edi...