Tibbiy tekshiruvlar natijasida esa ularning aksariyatida umurtqalararo disk churrasi aniqlanyapti. Xoʻsh, u qanday kasallik? Disk churrasi xuruj qilganda nima qilish lozim? Shu kabi savollarga tibbiyot fanlari doktori Shohaydar Shotursunov javob berdi.
— Umurtqalararo disk churrasi boʻyin va bel qismlarida koʻp uchraydi, — deydi mutaxassis. — Bemor oʻzida xastalik rivojlanayotganini mustaqil bila olmaydi. Oʻtkaziladigan kompyuter va magnit rezonans tomografiya tekshiruvi xulosasi orqaligina unga aniq tashxis qoʻyish mumkin. Aksariyat kishilar beldagi ogʻriqqa jiddiy eʼtibor bermaydi. “Tuz yigʻilishi”, “nerv tolalari shamollashi” kabi taxminlar bilan yuraverish, odatda, kasallikning zoʻrayishiga sabab boʻladi.
Xastalik xuruj qilganda bemorda koʻngil aynishi, qayt qilish, churra joylashgan soha atrofi qoʻl bilan paypaslanganida qorinda toʻlgʻoqsimon ogʻriq kuzatiladi. Churra kattalashib, taranglashadi. Bu holatda ogʻriq qoldiruvchi dorilar qabul qilish mutlaqo mumkin emas. Chunki ular keyinchalik organizmda turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, oʻzbilarmonlik bilan uy sharoitida davolanish ham jiddiy muammolarga sabab boʻladi. Eng toʻgʻri yoʻl — shifokor koʻrigidan oʻtish hamda buyurilgan davo muolajalarini oʻz vaqtida bajarishdir.
Bu kasallikni koʻpincha yaqinlar umurtqa pogʻonasini bosish, uqalash va shunga oʻxshash amaliyotlar orqali davolashni taklif etadi. Biroq mutaxassis sifatida shuni aytamanki, bunday choralar aksincha, shikastlangan umurtqani qiynashi va bemor holatini yanada ogʻirlashtirishi mumkin.