Oʻzbekistonda kamida 19 bolaning oʻlimiga sabab boʻlgani aytilayotgan yoʻtalga qarshi siroplarning ishlab chiqaruvchisi – Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi preparatni tayyorlashda ingrediyentlardan birining farmatsevtik versiyasidan emas, sanoatda ishlatiladigan zaharli versiyasidan foydalangan. Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar tarqatdi.

Maʼlum qilinishicha, Marion Biotech propilenglikol moddasini Maya Chemtech India nomli vositachi kompaniyadan sotib olgan. Bu kompaniya esa farmatsevtikada qoʻllanadigan materiallarni sotish litsenziyasiga ega boʻlmagan va faqat sanoatda ishlatiladigan moddalar savdosi bilan shugʻullangan.

“Marion bu moddalardan yoʻtalga qarshi siroplar ishlab chiqarmoqchi boʻlganini biz bilmaganmiz. Bizning moddalarimiz nima maqsadda ishlatilishini bizga aytishmagan”, – degan ish tergov qilinayotgani sabab shaxsini ochiqlashni istamagan manba.

Reutersʻning ikki suhbatdoshi preparatlarni ishlab chiqarishda propilenglikolning sanoat versiyasi ishlatilganini bildirgan. Bu zaharli moddadan suyuq yuvish vositalari, antifriz mahsulotlari, boʻyoqlar, qoplamalar ishlab chiqarish va pestitsidlarning samarasini oshirishda keng foydalaniladi.

“Marion propilenglikolning tijoriy versiyasini sotib olgan. Uni emas, Hindiston Farmatsevtika komissiyasi tasdiqlagan versiyasini olishlari kerak edi”, – degan tergovda qatnashayotgan anonim manbalardan biri.

Uning qoʻshimcha qilishicha, farmkompaniya Oʻzbekistonga sotgan siroplarini ishlab chiqarishda bu ingrediyentdan foydalanishdan oldin uning xavfsizligini tekshirib koʻrmagan. Vaholanki, Hindiston qonunchiligiga koʻra, ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanadigan ingrediyentlarning xavfsizligi uchun javobgardir.

Maya kompaniyasi hozircha javobgarlikka tortilmagan, biroq tergov davom etyapti. Kompaniya vakili Reutersʻga izoh berishni istamagan, faqatgina holat farmatsevtika sohasining federal rasmiylari tomonidan taftish qilinayotganini aytish bilan cheklangan. Shuningdek, Marion kompaniyasi ham, Hindistonning farmatsevtika regulyatori ham, Sogʻliqni saqlash vazirligi ham agentlikning soʻrovlariga javob bermagan.

Marion Biotech avvalroq biror xato-kamchilikka yoʻl qoʻyganini rad etgan edi. Mart oyida kompaniyaning uch nafar mulozimi hibsga olingan.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, Marion Biotech tomonidan ishlab chiqarilib, Quramax Medical tomonidan Oʻzbekistonga yetkazib kelingan “Dok-1 MAKS” va “Ambronol” siroplarining ayrim partiyalari tarkibidan propilenglikol moddasi oʻrniga yoki u bilan birga zaharli moddalar – etilenglikol va dietilenglikol topilgan.

Dekabr oyida bu dorilarni ichganidan keyin kamida 19 nafar bola halok boʻlgani oydinlashgandi.

Davlat xavfsizlik xizmati 27-dekabrdagi xabarida holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Qumarax kompaniyasi va dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazining toʻrt nafar mansabdor shaxsi qamoqqa olinganini bildirgandi.

Jinoyat ishining keyingi tafsilotlari haqida shu paytgacha maʼlumot berilmadi.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova bolalar haqiqatan ham shu dorilardan zaharlangani isbotlansa, kompensatsiya toʻlanishini maʼlum qilgan. “Hozir har bir bola toʻgʻrisida tekshiruvlar olib borilyapti”, – degandi vazir oʻrinbosari yanvar oyidagi chiqishida.