Maʼlumki, mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Keyingi toʻrt yil ichida tibbiyotga oid 180 dan ortiq Farmon va qarorlar, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
Joriy yilning 6-noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tizim ishini tubdan takomillashtirish bilan bogʻliq dolzarb vazifalar belgilab berildi. Shundan keyin Prezidentimiz tibbiyotdagi islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bitta Farmon va ikkita qarorni imzoladilar.
“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutloqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-6110-sonli Farmon, “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yana-da oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi hamda “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorlar shular jumlasidandir.
- Ayni kunlarda sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan barcha saʼy-harakatlar mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov tomonidan tasdiqlangan alohida Media-rejada viloyatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni OAVlarda tizimli yoritish maqsadida matbuot tadbirlarini tashkillash rejalashtirilgan, - dedi boshqarma Axborot xizmati rahbari Abdulla Gʻoziyev.
Media-reja doirasidagi ilk brifing “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasida shifokorlar guruhini tuzish tartibi va amalga oshirilayotgan ishlar”ga bagʻishlandi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Botirov bu yoʻnalishdagi faoliyatni batafsil izohlab berdi. Viloyat markazida va Toʻraqoʻrgʻon tumanida aholining salomatlik koʻrsatkichlarini aniqlash borasidagi ishlarga eʼtibor qaratildi. Namangan shahridagi 2-oila poliklinikasi bosh shifokori Zulfiya Mamadjonova tibbiy xatlov va antropometrik oʻlchov jarayonlarining borishi haqida gapirdi.
Birifingdan soʻng navbatdagi tadbir “Ochiq muloqot ” shaklida davom etdi. Davlat tibbiy sugʻurta tizimining joriy etilishiga oid chiqishlar qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Botirov, VSSB bosh mutaxassislari Oybek Abduxalilov va Dilshod Hoshimovlar bu haqda axborot berishdi.
Muloqot chogʻida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javoblar olishdi.