Xalq zakosida toblangan, el nafasi bilan yashagan, soddaligida hikmat, kamtarligida ulugʻvorlik yashiringan donishmand siymo xonadoniga davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, talaba va oʻquvchilar, ijodiy tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari toʻplandi. U yerda shoir sheʼrlari bilan aytilgan Vatan, bahor, muhabbat ulugʻlangan kuy-qoʻshiqlar yangradi.
2026-yilning 20-mart kuni Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning uy-muzeyi tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu muzey shoir tavalludining 85-yilligiga munosib sovgʻa boʻldi.
Yurtimizda Abdulla Oripovning nomini abadiylashtirish uchun koʻplab xayrli ishlar qilingan. Xususan, Qashqadaryo viloyatida shoir nomidagi ijod maktabi va memorial muzey tashkil etildi. Toshkent shahrida Adiblar xiyobonida Abdulla Oripov haykali bunyod etildi. Yangi Oʻzbekiston bogʻidagi monumentda shoirning barelyefi ham oʻrnatildi. Abdulla Oripov hujjatli va badiiy filmlari yaratildi. Ularning eng yuksagi, shubhasiz, ushbu uy-muzeyning tashkil etilgani boʻldi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tadbirni kirish soʻzi bilan ochgach, shoirning milliy sheʼriyat ravnaqiga yangi ruh va mazmun baxsh etgan siymolardan biri ekanini, uning ijodida til imkoniyatlaridan mohirona foydalanish, sheʼriy shakl va ifodadagi izlanishlar, eng muhimi, umuminsoniy gʻoya va qadriyatlarning teran talqini yaqqol namoyon boʻlishini taʼkidladi.
— Abdulla Oripov sheʼriyatida milliy va umuminsoniy gʻoyalar uygʻunlashib ketgan. Uning asarlari tarix, anʼana va maʼnaviyat manbalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, oʻquvchiga oʻzbek xalqining oʻziga xos tafakkuri, ruhiy olami va madaniy merosini teranroq anglash imkonini beradi. Shu jihatdan, shoir ijodi nafaqat adabiy hodisa, balki oʻzbek haqli ruhiyatini ifoda etuvchi maʼnaviy koʻzgu sifatida ham qadrlanadi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi. — Adib yashagan ushbu uyning hovli markazidan oʻrin olgan haykali siymosida uning ijodni va adabiyotni sevishi, oʻta nozik didli inson ekani aks etgan. Muzeyda jam boʻlgan kitoblar, qoʻlyozmalar, uy jihozlari, kiyimlar, barcha-barchasini koʻrib, bir muddat adib bilan yuzma-yuz boʻlgandek, uning ijodiy nafasini his etgandek boʻlamiz.
Tadbir davomida ijod ahli va jurnalistlar adibning uy-muzeyi bilan tanishdi. U bilan zamondosh boʻlganlar iliq xotiralarni yodga oldi. Ijodi haqidagi koʻplab maʼlumotlarni taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda adabiyotga, ijodkorlarga berilayotgan yuksak eʼtibor, xususan, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov xotirasini abadiylashtirish, uning ulkan adabiy merosini kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirildi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shuhrat Rizayev soʻzga chiqib, shoir xotirasini abadiylashtirish, xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan shoir va jamoat arbobi haqida toʻliq metrajli badiiy film yaratish gʻoyasi asosida suratga olingan “Abdulla Oripov” badiiy filmi haqida soʻzladi.
Shoirning turmush oʻrtogʻi Hanifa Mustafoyeva Abdulla Oripov uy-muzeyining tashkil etilishida hissa qoʻshgan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Uy-muzeyda saqlanayotgan barcha eksponatlar yozuvchining bolalik va yoshlik yillari, ibratli hayot yoʻli va ijodi haqida hikoya qiladi.
Abdulla Oripov qoldirgan bebaho adabiy meros zamonlar oʻtsa hamki oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirishda oʻrni va taʼsiri beqiyos. Adib uy-muzeyi esa ushbu ulkan xazina bilan yuzlashish, ijod ummonidan bahramand boʻlish imkonini beradi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri