Bu yilgi “Doʻrmon bahori” oʻtgan yilgi anjumandan farqli oʻlaroq, oʻzbek va rus shoir, yozuvchi, adabiyotshunos hamda tarjimonlarining birgalikdagi ijodiy muloqoti tarzida oʻtkazildi. Unda qirgʻizistonlik yozuvchi va publitsist Sergey Dudashvili, “Literaturniy Kirgizstan” jurnali tahrir hayʼati aʼzosi Vyacheslav Kadirov ishtirok etdi.
“Doʻrmon” ijod bogʻida ikki kun davom etgan tadbir oʻz oldiga koʻp millatli Oʻzbekiston adabiy muhitining bugungi kuni va istiqbollari haqida fikr almashish, tajribali va yosh yozuvchi hamda shoirlar oʻrtasida ijodiy muloqot, yosh ijodkorlarning Respublika Zomin seminariga tayyorlanish, yoshlar uchun mahorat saboqlari tashkil etishni maqsad qilib qoʻygan.
– Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida qozoq, tojik va rusiyzabon adabiyot ijodiy kengashlari faoliyat olib boradi, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Risolat Haydarova. – Bu kengashlar qozoq, tojik, rus tillarida ijod qiluvchi shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos va dramaturglarni oʻz atrofiga birlashtirgan. Oʻzbekiston adabiy muhitida ushbu tillarda ijod qiluvchi shoir va yozuvchilarning munosib oʻrni boʻlib, bu ijodkorlar mamlakatimiz madaniy va maʼnaviy hayotini ajoyib asarlar bilan boyitishgan.
Jumladan, rus tilida ijod qilgan Zoya Tumanova, Yavdot Ilyosov, Aleksandr Faynberg, Mixail Gar kabi soʻz ustalari yaratgan asarlar mamlakatimiz maʼnaviyati xazinasiga ulush boʻlib qoʻshilgan. Oʻzbek adabiyotini rus tili orqali xorij mamlakatlarida tanitish ishlariga aynan mamlakatimizda yashab ijod qilayotgan shoirlar, yozuvchilar va tarjimonlar katta hissa qoʻshishgan. Bugungi kunda oʻzbek sheʼriyati va nasrini rus tiliga mahorat bilan oʻgirishda Raim Farhodiy, Yevgeniy Abdullayev, Nikolay Ilin, Bax Axmedov, Larisa Yusupova kabi badiiy tarjima ustalarining xizmatlari katta.
Forum doirasida “Oʻzbekistonning zamonaviy adabiyoti”, “Adabiyotlarning oʻzaro boyishi”, “Oʻzbekistondagi rus sheʼriyati oʻzbek tiliga tarjimada”, “Hujjatli-tarixiy nasrning jozibali tomonlari” mavzusida adabiy suhbat va muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida sheʼriyat, nasr, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti yoʻnalishlarida Galina Dolgaya, Adhambek Alimbekov, Larisa Yusupova, Suvon Meli, Kavsar Turdiyeva, Risolat Haydarova, Nikolay Ilin, Davron Rajab, Fozil Farhod kabi taniqli shoir, yozuvchi va tarjimonlar bilan ijodiy suhbatlar oʻtkazildi.
Oqshomda esa sozandalar va shoirlar ishtirokida badiiy kecha boʻlib oʻtdi. Forumda yoshlarning ijod namunalari koʻrib chiqilib, eng yaxshilari Zomin seminarida qatnashish uchun tanlab olindi.
“Doʻrmon bahori” adabiy forumi yakunida ishtirokchilarga “Tashakkurnoma” topshirildi.