Uyida toʻy-maʼraka boʻlganida qarindoshidan avval qoʻshnisini chaqirgan, bir kosa issiq ovqatini qoʻshnisiga ilinadigan xalqmiz. Qoʻshnimiz qaysi millat vakili boʻlishidan qatʼi nazar, biz uchun qadrli. Bu xalqimizning qadimiy qadriyatlaridan. Prezidentimiz aytganidek, “Oʻzbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari koʻp. Lekin bizning eng katta kuchimiz bebaho boyligimiz bu – yagona, ahil oila boʻlib yashayotgan koʻp millatli xalqimizdir”.

Bugun mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillari emin-erkin, oʻzaro totuv yashashi uchun barcha shart-sharoi yaratilgan. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yildan 30-iyul —Xalqlar doʻstligi kuni mamlakatimizda keng nishonlab kelinayotir. Ushbu sanada yurtimizda Harakatlar strategiyasi, keyinchalik Taraqqiyot strategiyasining alohida dastur, yoʻl xaritasidagi tegishligi bandlar va yoʻnalishlarda belgilab olingan ustuvor vazifalar amalda qoʻllanmoqda. Shu bilan birga, “Inson qadri uchun”, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” kabi ulugʻvor gʻoyalarning amaliy natijasi tufayli bugun jamiyatimizning barcha jabhasida millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikning asl mazmun-mohiyati bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlayotir.

Millatlararo totuvlik gʻoyasi

Millatlararo totuvlik gʻoyasi jahon xalqlari uchun umuminsoniy qadriyat. U tinchlik va farovonlik kafolati, millatlararo oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikning maʼnaviy asosi. Mazkur gʻoya har bir millat vakilining orzu-umidlari, iqtidori va isteʼdodi toʻliq roʻyobga chiqishi uchun zamin hozirlaydi. Uni Vatan istiqboli, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi umuminsoniy maqsadlar sari yetaklaydi. Kuni kecha davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlanganidek, “Koʻp millatli xalqimiz — bizning eng katta boyligimiz, yurtimizdagi millatlar va konfessiyalararo hamjihatlik — barcha yutuq va marralarimizning mustahkam asosidir”.

Zotan, 150-yil davom etgan mustamlakachilik siyosati tufayli Oʻzbekistonga kuchli assimilyatsiya qilinuvchi ijtimoiy makon sifatida qaralgan. Shu bois, mamlakatimiz hududini koʻp millatli makonga aylantirish boʻyicha tarixiy jarayonlar amalga oshirildi. Maʼlumotlarga qaraganda, 1885-yilda hozirgi Oʻzbekiston hududida 18 ga yaqin millat vakillari istiqomat qilgan boʻlib, ularning 11 tasini mahalliy xalqlar vakillari, 7 tasini koʻchirib keltirilganlar (ruslar, ukrainlar, armanlar, gruzinlar, Rossiya yahudiylari, polyaklar, tatarlar) tashkil etgan. 1926-yilga kelib esa koʻchirib keltirilgan millatlar soni 80 ga yetgan. 1959-yilda ularning soni 113 taga, 1979-yilda 123 taga, 1989-yilda esa 130 taga yetgan edi.

2023-yilning 1-iyul holatiga koʻra, doimiy aholisi soni 36 million 372 ming 276 kishini tashkil etayotgan yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq, bir-biriga yelkadosh boʻlib yashab kelmoqda.

Hamjihatlikning huquqiy maqomi

Asrlardan asrlarga oʻtib kelgan millatlararo totuvlik anʼanalari bardavomligini taʼminlash maqsadida mustahkam huquqiy asos yaratildi. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida multikulturalizm bahslari avj olgan bir paytda Oʻzbekiston hududida yashayotgan har bir millat uchun urf-odati, tili, dini, milliy qadriyatlarini saqlab qolish va rivojlantirish shart-sharoitlari yaratildi.

Xalqimizning bagʻrikengligi tufayli koʻplab millat vakillariga boshpana berildi. Koreyslar, nemislar, armanlar, gruzinlar, mesxeti turklari, polyaklar, yunonlar, qrim tatarlari oʻzbek elida qoʻnim topdi. Ularning zurriyodi shu zaminda tugʻildi, shu yerda taʼlim-tarbiya olib, voyaga yetdi. Bugun nafaqat oʻzbeklar, balki boshqa millat va elatlarning taniqli siymolari sharafiga koʻchalar, istirohat bogʻlari, muassasalarga nom berildi, monumentlar oʻrnatildi.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, Respublika baynalmilal markazi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasiga aylantirildi. Mazkur qoʻmita zimmasiga jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, tinchliksevar siyosatni izchil amalga oshirish vazifasi yuklandi. Qoʻmita binosi yonida millatlar va elatlarni hamjihatlikka chorlovchi Doʻstlik bogʻi barpo etildi. Turli millat vakillarining milliy madaniyati yanada yuksalishiga xizmat qiladigan madaniyat uylari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugun qoʻmita huzuridagi 140 dan ortiq milliy-madaniy markaz va 30 dan ortiq doʻstlik jamiyati har bir millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlarini saqlab qolish, oʻrganish va rivojlantirishga koʻmaklashmoqda.

Oʻzbekistonda boshqa millat va elat vakillari singari koreyslar uchun ham tarixi, tili, madaniyati, dini, urf-odat, qadriyatlarini oʻrganish, milliy marosim va bayramlarini nishonlash imkoniyati yaratilgan. Koreyslar ona tilini oʻrganadi, boshqa etnik birlashmalar bilan birga Oʻzbekistonning davlat va milliy bayramlari hamda Sollal — koreyscha yangi yil, Tano — yoz bayrami va Chusok — hosil bayrami kabi milliy bayramlarini nishonlaydi. Shuningdek, yurtimizda 12 ta oliy taʼlim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda koreys tili oʻqitilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan qoida va meʼyorlar asosida nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, ularning huquqini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgani ham qilinayotgan ishlarning mantiqiy davomidir.

Orziqib kutilgan fuqarolik baxti

Yaqin yillargacha Oʻzbekistonda fuqaroligi boʻlmagan koʻp odamlar sarsonu sargardon boʻlgani sir emas. Ularning fuqarolik huquqi yoʻq edi. Mana shunday notenglikka barham berildi. Oʻzbekistonda koʻp yillardan buyon yashab, mehnat qilib kelayotgan boshqa millat vakillariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini topshirish tizimi joriy etildi. Masalan, Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi farmoniga asosan, koreys millatiga mansub 70 nafar yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi pasporti topshirildi. Oʻtgan yillarda ular soni bir necha yuzdan ortdi. Bu esa koʻp yillar yurtimizda astoydil mehnat qilib, Oʻzbekistonimizni Vatan deb qadrlagan insonlarga yanada koʻtarinki ruh va kayfiyat bagʻishladi. Ayni paytda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillariga teng huquq va erkinliklar berilib, davlat va jamiyat boshqaruvi ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashishi uchun keng imkoniyat yaratildi. Chunonchi, bugun senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar rahbarlari orasida turli millat vakillari samarali faoliyat yuritmoqda. Shahar va qishloqlardagi oʻzini oʻzi boshqarish organlari (qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari va hokazo)ga oʻzbeklar bilan birga rus, tojik, tatar, qirgʻiz, qozoq, ukrain va boshqa millatga mansub oqsoqollar (mahalla raislari) rahbarlik qilmoqda.

Koʻp yillik muzlarning erishi

Yurtimiz bir necha davlat bilan chegaradosh, shu bilan birga, chegara atrofidagi aholi bir-biri bilan bordi-keldili, quda-andali. Avvallari shularning chegaradan oʻtolmay, hatto yaqinlari taʼziyasiga ham bora olmagan holatlar koʻp boʻlgan. Hozir Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik, millatlar, xalqlar oʻrtasida tinchlik, totuvlik, bagʻrikenglik tamoyilini joriy etish siyosati hukm surmoqda. Buni chegara hududlarning erkinlashtirilgani, qardosh xalqlar rahbarlarining fuqarolarga siyosiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa sohalarda qulay sharoit yaratib berayotgani, fuqarolar qoʻshni mamlakatda yashayotgan yaqinlari bilan uchrashib, diydorlashgani, borish-kelish jarayoni jadallashganida ham koʻrish mumkin. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar boʻyicha oliy komissari Lamberto Zanyer bunday deydi: “... Hozir mamlakatingiz qoʻshnilari bilan chegaralarni ochdi, odamlar emin-erkin yaqinlarini koʻrgani borishyapti. Bu tashabbuslarning hammasi millatlararo munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yurtingizga Oʻsh orqali kirib keldik. Fargʻona vodiysida boʻlib, bu yerda turli tillarda oʻqitiladigan maktablarga bordik, oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik. Oʻzbekistondagi taʼlim va boshqa sohalarda xalqaro kelishuvni taʼminlash boʻyicha holat ijobiyligiga guvoh boʻldik. Umuman, millatlararo munosabatlar yoʻnalishida konstruktiv siyosat yuritilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda bagʻrikenglikni mustahkamlash yoʻlida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ayni shu jarayonga bizning tashkilot ham munosib hissa qoʻshishga tayyor”.

Baxtli, tinch-totuv va farovon Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari oʻzlarini erkin his etmoqda, oʻzbeklar bilan birga qoʻlni qoʻlga berib ishlamoqda, yashamoqda. Oʻzbeklarning bagʻrikengligi yurtimizda asrlar davomida shakllanib kelgan boshqa xalqlarga hurmat koʻrsatish, samimiy, doʻstona munosabatda boʻlish borasidagi qadimiy qadriyatlar, umuminsoniy qarashlarga tayangan holda yondashish anʼanasidan kelib chiqadi. Qolaversa, mamlakatimizda barcha millatlar uchun teng huquqlilik asosida yuritilayotgan siyosat, ularning ona tili, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlarini rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Azizbek AMONOV,

Buxoro davlat universiteti

birinchi prorektori