Dunyo bo'yicha yuqori havo harorati avgust oyida ham saqlanib qoladi – Jahon meteorologiya tashkiloti

    Dunyoning ko'plab mamlakatlarida kuzatilayotgan yuqori havo harorati avgust oyida ham saqlanib qoladi.

    Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO)ning katta maslahatchisi Jon Nern ma'lum qildi.

    Nernning ta'kidlashicha, iqlim o'zgarishi natijasida yuzaga keladigan issiqlik to'lqinlari tez-tez yuzaga kelib turadi, bu jarayon faqatgina yozda kuzatilmaydi.

    Joriy yilning yozida dunyoning ko'plab mamlakatlarida rekord darajadagi yuqori harorat qayd etildi, bir qator hududlarda suvdan foydalanish cheklangan, konditsionerlarning ishlashi tufayli elektr energiyasi iste'moli oshdi va olimlar bu faqat boshlanishi, deb bashorat qilishmoqda.

    Issiq yozning ta'siri allaqachon o'zini namoyon qilmoqda. Germaniya va Gretsiyada yuqori harorat tufayli o'rmon yong'inlari sodir bo'ldi, Fransiyada qurg'oqchilik xavfi tufayli bir qator hududlarda suvdan foydalanishda cheklovlar joriy etildi, shahar hovuzlari yopildi. Ispaniyaning bir qator mintaqalari, asosan Pireney yarim orolining janubiy qismi aholisi suv ta'minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda, suv omborlarini to'ldirish darajasi mavsum uchun o'rtacha darajadan past, ba'zi shaharlarda suvdan foydalanish cheklangan, deb xabar beradi ria.ru.