— Katta-katta rejalar, orzu va maqsadlar qilmagan tadbirkor tadbirkor emas. Tadbirkorlikni boshlagan yillari bizda ham shunday maqsad va rejalar boʻlgan. Ulardan biri “Made in Uzbekistan” belgisi tushirilgan mahsulotlarimizni xorij bozorlariga chiqarish sotish edi. Shu niyatimiz keyingi yillarda amalga osha boshladi. Bu biz, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlov va ishonch tufayli boʻldi. Natijada bizda qoʻrquv yoʻqoldi. Toʻgʻrisi, ilgari hisobraqamimizda qancha pul borligini aytishdan choʻchirdik, bor imkoniyatimizni yuzaga chiqarishga ikkilanib turardik. Chunki pulimizning ham, imkoniyatimizning ham soʻrovi boʻlar edi-da.

Bugun bizni har qanday qoʻrquv hissi tark etdi. Ongu tafakkurimiz oʻzgardi. Dunyo bozorlarini zabt etishga kirishdik. Barcha qitʼa bozorlarida yuzimiz yorugʻ, qaddimiz tik. Bu ham yangi Oʻzbekistonda yaratilgan faol va ishonchli ishbilarmonlik muhiti samarasidir.

Davlatimiz rahbari ikkita ish oʻrni yaratgan tadbirkorni yelkamda koʻtaraman, deb koʻp bor takrorlaydi. Kechagi uchrashuvda ham buni yana bir bor eslatdi. Mubolagʻasiz ayta olamanki, tadbirkorga nisbatan bunday eʼtibor kamdan kam boʻladi.

Uchrashuvda dunyoqarashimizni oʻzgartirmas ekanmiz, oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishish mushkulligi haqida ham gap bordi. Bu gapning qanchalik haqiqat ekanini faoliyatimiz misolida qisqacha aytib oʻtsam.

Gap shundaki, yaqin yaqingacha biz faqat xomashyo sotish bilan shugʻullanardik. Daromadimiz ham shunga yarasha boʻlardi. Mamlakatimizda tadbirkorlik muhiti oʻzgarishi bilan, oʻylab qarasak, xomashyodan tayyor mahsulot qilib eksportga yoʻnaltirsak, oʻn-oʻn besh barobar koʻp foyda olishimiz mumkin ekan. Shu bois, dunyoqarashimizni oʻzgartirib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishga kirishdik. Bugun biz yangi loyihalar asosida ishlayapmiz. Paxta xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni zabt etdik. Natijada eksport hajmi keskin oshib, 3 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratishgacha yetib keldik.

Dunyo miqyosida juda katta raqobat muhiti shakllangan bugungi sharoitda bozorlarga kirib borish oson ish emas. Raqobat shu darajadaki, bir dollarlik mahsulot sotish uchun juda katta kurash ketyapti. Shunday murakkab sharoitda ham oʻzbekistonlik tadbirkorlarning yaxshi natijalarga erishayotgani quvonarli. Bu yurtimizda tadbirkorlarga bildirilgan ishonch, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan faol ishbilarmonlik muhiti samarasidir.

ODDIY USTADAN YIRIK TADBIRKORGA AYLANDIM

Shuhrat MURODOV, Qarshi shahridagi “Alp Texno Servis” xususiy korxonasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi:

— Faoliyatimizni 2006-yili sinfdoshim Sanjar bilan televizor, elektr jihozlari, kompyuterlarni tuzatishdan, yaʼni oddiy ustachilikdan boshlaganmiz. Oʻshanda kun kelib Qashqadaryoda televizor ishlab chiqaradigan korxona egasi boʻlamiz, deb sira oʻylamaganmiz.

Hozirgi kunda korxonamizda 120 ga yaqin yigit-qiz ishlaydi. Ularning barchasi malakali mutaxassis. Buni qulay ishbilarmonlik muhiti samarasi, deb bilamiz.

Chunki 2006-yildan boshlab oʻn yil davomida erishganimiz faqat elektrotexnika ehtiyot qismlarini sotish va taʼmirlash uchun moʻljallangan kichikroq bir doʻkon edi. Shunda ham deyarli har kuni tekshir-tekshirlardan bezor edik. Bugun katta korxona egasimiz, lekin oxirgi marta qachon tekshiruvchi kelgan, eslolmaymiz.

Prezidentimizning 2016-yili Qashqadaryoga tashrifi faoliyatimizda tub burilish yasadi. Oʻshanda televizor ishlab chiqarish loyihasini taqdimot qilganmiz. Davlatimiz rahbari chet el tajribasini oʻrganib qaytishni maslahat bergan edi. Shundan soʻng Xitoyga borib televizor ishlab chiqarish tajribasini oʻrgandik. Koʻp oʻtmay kichik bir liniyani olib kelib, ishlab chiqarishning dastlabki bosqichini boshlab yubordik.

Oʻsha vaqtda bizni davlat qoʻllab-quvvatlamaganida, imtiyozlar berilmaganida, balki ishimiz bu darajaga yetmas edimi, deb oʻylaymiz. Yaʼni tadbirkorlarga kreditlar oʻz vaqtida ajratilishi, ishlab chiqarish faoliyatini boshlamoqchi boʻlganlarga nol qiymatda yer ajratilib berilishi eng katta yordam, deb hisoblaymiz.

Bu kabi imtiyozlar bugun ham davom etmoqda. Misol uchun, eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qoʻshimcha toʻlangan qiymat soligʻi qaytarib berilyapti. Bu bizning aylanma mablagʻga boʻlgan ehtiyojimizni qoplab turibdi. Bojxona imtiyozlari ham eʼtiborga molik.

Bugun bir yilda 120 ming dona televizor ishlab chiqaryapmiz. Ularning 80 foizdan koʻprogʻini eksport qilamiz. Birgina 2022-yilda 2 million dollarlik mahsulot eksport qilgan boʻlsak, joriy yilda 5 million dollarga yetkazishni koʻzlayapmiz.

Agar keyingi yillarda yangi televizorlar modeli va boshqa mahsulot turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻysak, eksport hajmini 20 million dollarga chiqarish imkoni boʻladi. Eksport geografiyasini esa Yevropa bozorlari tomon kengaytirmoqchimiz. Buni, albatta, uddalaymiz!