Shuning uchun ham mamlakatimizda taʼlim-tarbiyaga, ertangi kunimiz egalarining intellektual salohiyat sohiblari boʻlib kamol topishiga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda.
Yosh avlod kamolini koʻzlab sohada olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlarning amaliy roʻyobi, samarasi esa barchamizning koʻz oʻngimizda yaqqol namoyon. Davlat dasturlari asosida mamlakatimizning barcha hududlarida yangidan, koʻrkam va muhtasham maktablar bunyod etilayotgani, mavjudlari kapital rekonstruksiyadan chiqarilib, ularda taraqqiyot asri talablariga hamohang qulaylik va shart-sharoitlar yaratilayotgani, maʼrifat maskanlarining moddiy-texnik bazasi yildan yilga mustahkamlanib, takomillashtirib borilayotgani zamirida farzandlarimizning ertangi kunga munosib, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan oʻgʻil-qizlar boʻlib ulgʻayishi maqsadi mujassam.
Kelajagimiz egalari maktabdan ona tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirishiga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlar, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishiga eʼtibor qaratilayotgani, farzandlarimizning kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta zamonaviy kasb-hunarni oʻrganib ulgʻayishi ilgari surilayotgani shuning ifodasi. Bu maqsadlar roʻyobida oʻqituvchining bilim-tafakkuri, malaka va mahorati, yuksak maʼnaviyati, insoniy fazilatlari gʻoyat muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Binobarin, shiddat bilan rivojlanayotgan yangi davr muallimi zamonaviy fikrlaydigan, yuksak bilim va ilgʻor pedagogik texnologiyalarni mukammal egallagan boʻlishi, taʼlim jarayoniga yangicha yondashuvlar asosida innovatsion usullarni muvaffaqiyat bilan qoʻllay olishi zarur va shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni soha ravnaqi bilan bogʻliq muhim mezonlarga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Islohotlarning izchil va mantiqiy davomi boʻlgan mazkur farmonda maktabgacha va maktab taʼlimining bugungi odimlari, ertangi ravnaqi, aynan oʻqituvchi-murabbiylar, ustoz-muallimlarning kasbiy bilim va tajribasi, malaka va mahoratini oshirib borish kabi ustuvor vazifalar, muhim chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.
Yangi oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1–4 sinflarida oʻquvchilarga boshlangʻich, 5–9 sinflarida tayanch hamda 10–11 sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos boʻlgan bilimlarni berishga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari va oʻquv-metodik majmualar joriy etiladi.
Yuqori sinf oʻquvchilarining qiziqishiga qarab tanlov fanlari joriy etilishi shu sinflarda dars beradigan oʻqituvchilarga ham ancha qulayliklarga olib keladi. Aytaylik, oʻquvchi oʻzi qiziqib maʼlum bir fanni tanladimi, demak oʻqituvchining ham bilim berish imkoniyati va koʻlami yanada kengayadi.
Oʻqituvchilar tomonidan sinflarda faqat nazariy bilim berish bilan cheklanib qolishiga barham berilib, barcha fanlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ulushi 60 foizga yetkazilishi va dars mavzulari aniq muammoni hal qilish orqali oʻrgatilishi asosiy mezon qilib belgilandi.
Shu oʻrinda farmonda pedagog kadrlarning kasbiy bilim va koʻnikmasini oshirish va baholash, maqomi hamda obroʻsini mustahkamlash, ularning moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilishi, shuningdek, ijtimoiy muhofaza qilinishini tashkil etish kabi keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanganini alohida taʼkidlash joiz.
Oʻqituvchining bilim-qobiliyati, intellektual salohiyati, izlanish va tashabbuslari taʼlimda sifat va samaradorlikni belgilaydi va bu oʻquvchining umumtaʼlim fanlarini chuqur egallashi, iqtidori, isteʼdodi yuzaga chiqishida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham farmonda maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash masalasiga, ularning malaka va mahorati bilan bogʻliq muhim jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Farmonda qayd etilganidek, 2023–2024 oʻquv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy maʼlumotli talabgorlar stajyor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega boʻlishi talab etiladi.
Oʻqituvchining bilim va salohiyati ortishi, oʻz ustida muntazam ishlashi, malaka va mahorat bobida toblanib borishi esa shiddatkor davr, rivojlanish mislsiz darajada borayotgan taraqqiyot asrining muhim mezoni, asosiy sharti.
Ayni paytda mamlakatimizda taʼlim muassasalaridagi pedagog-xodimlar soni 515 943 nafarni tashkil etadi.
Eʼtiborlisi, ustoz-muallimlar faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, ular orasida izlanuvchan-intiluvchan, oʻz kasbi va fanini mukammal biladigan, hamisha yangi tashabbuslarga intiluvchilar koʻpligi va ular safi tobora ortayotganini alohida taʼkidlash joiz. Yurtimizdagi maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan ustoz-muallimlar, murabbiylarning 285 063 nafari malaka (oliy, birinchi, ikkinchi) toifasiga ega, ularning 20 436 nafari xorijiy tillar boʻyicha turli darajadagi sertifikatlarga ega. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 42 nafar pedagog turli rivojlangan xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytgani, bu boradagi tashabbuslar davom etayotgani taʼlim va xalqaro hamkorlik yanada ravnaq topayotganini koʻrsatadi.
Ayni paytda Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti, viloyatlarda ham shunday institutlar soha xodimlarining bilim va tajribasini oshirgan holda zamon bilan hamqadam, hamnafas ishlashi, izlanishi, taʼlim jarayoniga yondashishi yoʻlida faoliyat olib bormoqda.
Barcha ezgu maqsadlar roʻyobiga bilim va tarbiya tufayli erishilar ekan, bunda ertangi kun yaratuvchisi, kelajak bunyodkori boʻlgan soha xodimlari zimmasidagi masʼuliyat katta. Zahmati ogʻir, mashaqqati ulkan, ayni paytda sharafi yuksak boʻlgan kasb egalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, kamoli yoʻlida yangidan-yangi tashabbuslarga ruhlantirishda ushbu meʼyoriy hujjatning dolzarb va muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Vahobjon RAJABOV,
Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari
ilmiy-tadqiqot institutining mustaqil tadqiqotchisi