Dunyo olimlari “tvindemia” xavfidan ogohlantirmoqda

    Salomatlik 18 Yanvar 2022 1282

    Dunyoda epidemiologik vaziyat barqarorlashishi yana ortga surilishi mumkin. Bir tomondan koronavirus pandemiyasining yangi toʻlqini avj olmoqda. Qator davlatlarda kunlik kasallanish koʻrsatkichlari rekord darajaga yetyapti.

    Koronavirusning “omikron” shtammi, ayniqsa Yevropa mamlakatlarini ancha “holdan toydirdi”. Biroq, olimlarning aytishicha, qitʼa aholisini oldinda yana bir ogʻir sinov kutib turibdi. Bu — gripp infeksiyasi.

    Maʼlumotlarga koʻra, ushbu xastalik tufayli har yili jahonda 650 mingga yaqin odam hayotdan koʻz yumadi. Shunga qaramay, oʻtgan yili Yevropada gripp virusi nisbatan kam tarqaldi.

    Chunki avvalgi kuz-qish mavsumlarida mintaqada pandemiya cheklovlari hozirgiga qaraganda ancha qatʼiy edi. Odamlar tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va shaxsiy gigiyena qoidalariga ogʻishmay amal qilayotgandi. Buning ustiga, oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish talablari kuchaytirilgandi.

    Ammo koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash koʻrsatkichlari osha boshlagach, karantin talablari yumshatildi, qator cheklovlar bekor qilindi. Bu esa aholi oʻrtasida gripp xastaligi keng tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltirdi.

    Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boʻyicha Yevropa markazi (ECDC)ning xabar berishicha, oʻtgan yil dekabr oyi oʻrtalaridan boshlab Yevropada gripp viruslari kutilganidan koʻra ancha tez tarqala boshladi.

    Ushbu markaz bosh eksperti Pasi Penttinenning fikriga koʻra, mintaqada yashovchilar yozgacha choʻzilishi mumkin boʻlgan gʻayrioddiy “davomli gripp” mavsumi bilan yuzma-yuz kelishlari mumkin.

    Fransiya Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatning uch viloyati, jumladan, Parij aholisi allaqachon gripp toʻlqiniga duch kelgan. Boshqa hududlar ham shunday epidemiya arafasida. Shu sababli olimlar ikki karra pandemiya, yaʼni “tvindemia” xavfidan ogohlantirishmoqda.

    “Ahvol yomonlashib ketsa, bu yil tarqalayotgan grippning dominant shtammi — H3 A virusi koʻproq keksalar orasida eng ogʻir holatlarga sabab boʻladi” deyishmoqda mutaxassislar.

    Shunday murakkab bir vaziyatda “omikron” bilan bogʻliq xavotirlar hanuz bosilgani yoʻq. Shvetsiya akademik laboratoriyasida uch bemorda ushbu shtammning yangi mutatsiyasi aniqlandi.

    “Omikron”ning bu turiga BA.2 deb nom berilgan. Qayd etishicha, hozir yangi mutatsiya Skandinaviya davlatlarida juda faol tarqalmoqda. Masalan, BA.2 varianti allaqachon Daniya va Norvegiyada ham aniqlangan.