Dunyo uzra taralgan mag'rur sado

    Dunyoda kechayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni ko'rib-kuzatib ba'zan o'ylanib qolamiz: o'z chegarasi, o'z davlat ramzlariga ega bo'lishning o'zigina chinakam mustaqillikka kifoya qilarmikan?

    Jahon xaritasida nomi qayd etilgan ko'pgina mamlakatlarning hol-ahvoliga boqib esa keskin bosh chayqaymiz: yo'q, aslo. Bunday muqaddas maqomga erishish uchun dunyo jamoatchiligi oldida o'z so'zing, o'z fikring ham bo'lishi shart. Uni o'z ona tilingda, o'z davlating tilida ifodalay olishing ham zarur.

    Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so'zlagan nutqini o'qirkanman, yuqorida bayon etilgan o'ylar xayolimdan o'tdi. Barchamiz kuzatganimizdek, nutq o'zbek tilida, buyuk jahongir ajdodlarimiz, bobolarimizga xos mag'rur ohangda jarangladi. Nazarimda, bu nutq ma'no-mazmunini boshqa millat vakillari ham biror-bir tarjimonsiz, elektron quloqchinlarsiz anglab oldi. Chunki davlatimiz rahbari nafaqat xalqimizning, balki dunyo hamjamiyatining dilida, ong-shuurida kezinib turgan o'ylarni, dard-iztiroblarni, quvonchu tashvishlarni teran ifodaladi. Chin o'zbekona madaniyat, mulohazakorlik, yuksak did, saviya bilan yorqin bayon etdi. eng muhimi, eng ahamiyatlisi, butun nutq davomida yangi O'zbekistonning, yangi davrning nafasi sezilib turdi. Ulug'vor o'zgarishlar, islohotlar ichidagi mamlakatning nafaqat so'zini, balki yurak zarbini, ko'ngil kechinmalarini ham butun dunyo ahli sezdi, angladi. ­Prezidentimiz o'z chiqishida qator muammolarni ro'y-rost tilga olib, ularning echimi borasida jiddiy mulohazalar, takliflar berdi. Bu takliflar chorlov, da'vat ohangida jarangladi, yangi O'zbekistonning qat'iy, aniq ­tutumidan, tanlagan yo'lida sobitqadamligidan darak berdi, o'zbek xalqi o'z manfaati, o'z doirasi nuqtai nazaridangina fikr yuritmasligini, balki jahon xalqlariga xayrixohligini, kurrai zamin dardiga hamdardligini ko'rsatdi. Jumladan, davlatimiz rahbari BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirishi, barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilishni taklif etishi fikrimizning yorqin dalilidir.

    Yillar davomida ko'rsatilgan harbiy zo'ravonlik afg'on xalqining kulfatiga-kulfat qo'shdi, xolos. Bu jafokash zaminda tinchlik, barqarorlik o'rnatilishidan nafaqat biz, balki butun dunyo ahli manfaatdordir. ­Prezidentimiz o'z faoliyatining ilk pallasidayoq bu global muammoga jiddiy e'tibor qaratgandi. Afg'onistondagi muxolif tomonlarni yurtimizga chorlab, ularni bir davraga o'tqazib, ochiq muloqot-munozara o'tkazishlari ta'minlangani, jafokash afg'on xalqiga doimiy ravishda chinakam do'stlik qo'li cho'zilib, uning rivojlanishi uchun imkon qadar hissa qo'shib kelinayotgani fikrimizning yaqqol tasdig'idir. Jumladan, bizning elektr, bizning temir yo'l Afg'onistonga allaqachon etib borgani,
    xalqimizning bunday saxovati, insonparvarligi dunyo jamoatchiligi tomonidan qizg'in ­e'tirof etilayotgani haqida mamnuniyat bilan so'z yuritishimiz mumkin. Davlatimiz ­rahbari BMTda jarangdor o'zbek tilida xalqaro hamjamiyat e'tiborini yana bir karra afg'on muammosiga qaratarkan, barcha kattayu kichik davlatlarni bu zaminda tinchlik, barqarorlik o'rnatish uchun hamkorlikka, hamnafaslikka chorladi. “Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg'on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro'yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan — tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu bois, BMT huzurida afg'on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko'rsatadigan qo'mita tashkil etish lozim. Ushbu qo'mitaning asosiy vazifasi Afg'onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko'mak berishdan iborat bo'lishi zarur”, deya ta'kidlab o'tdi Prezidentimiz.

    Sir emas, Orol dengizining qurishi, bu hududdagi qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolar haqida o'ttiz-qirq yildan beri bong urib kelamiz. Lekin shu paytgacha bu muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy tadbirlarga deyarli qo'l urilmadi. Shiorbozlik, balandparvoz chaqiriqlardan nariga o'tilmadi. Mana, so'nggi uch yil ichida bu sho'rxok zamin ulkan islohotlar ichida qoldi. Dengiz suvi qochgan, qumloqqa aylangan ming-ming gektar erga cho'lbop, sho'rxokka mos o'simlik ko'chatlari qadaldi, Mo'ynoq hududida korxonalar tashkil etildi. Hukumatimiz tomonidan Orolbo'yini o'zlashtirishga xalqaro hamjamiyat e'tibori tortildi. Natijada BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi. endilikda ushbu fond og'ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko'rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi sifatida xizmat qilsa, nur ustiga nur bo'lardi. Shu bois, davlatimiz rahbari Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini o'rtaga tashladi. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash xalqaro kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo'lishini alohida ta'kidladi.

    Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida, bunyodkor ajdodlarga xos ohangda so'zlagan nutqi ulkan ma'naviy-ma'rifiy hodisadir. O'zbek tili dunyoning eng nufuzli minbarlaridan birida mag'rur jarangladi. Bu yangi O'zbekistonning, yangi davrning o'ziga xos ulkan yutug'idir. Zero, mustaqillik, yuqorida ta'kidlaganimizdek, dunyoga o'z so'zini, o'z fikrini o'z tilida ayta olgan mamlakatgagina xosdir. O'zbekiston shunday mamlakatlar sirasiga kira olganidan behad faxrlanamiz. Bugun baralla ayta olamizki, BMT bosh qarorgohi qarshisida shunchaki bayrog'imiz emas, bizning so'zimiz, fikrimiz, mavqeimiz mag'rur hilpirab turibdi.

    Luqmon BO'RIXON,

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi