Bu davrda sayyoramiz aholisi 149 million kishiga ortganini eʼtiborga olsak, qayd etilgan natija, albatta, quvonarli.
JSST tahlilida ushbu koʻrsatkichlar yigirma yil avvalgi davr bilan ham taqqoslangan. Unda keltirilishicha, 2002-yilda sayyoramizdagi har uchinchi katta yoshli odam tamaki chekkan boʻlsa, 2022-yilda har beshinchi odam bu illat asiriga aylangan.
Eʼtiborlisi, ayni paytda kashandalikni qisqartirishga erishayotgan mamlakatlar soni 150 taga yetgan. Bu borada Braziliya peshqadam. Mazkur davlatda 2010-yildan beri tamaki isteʼmoli 35 foizga kamaygan boʻlsa, Niderlandiya 30 foizlik koʻrsatkich bilan ikkinchi oʻrinni band etib turibdi.
Biroq pasayish tendensiyasi xotirjamlik uchun asos boʻla olmaydi. Chunki Yer yuzida 1,25 milliard kishi hamon chekuvchilar safida. Qolaversa, oltita davlat — Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldovada tamaki isteʼmoli oʻsishi davom etmoqda.
Bundan tashqari, eng koʻp kashandalar soni Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida roʻyxatga olinyapti. Bu yerda aholining 26,5 foizi chekuvchilar. Ikkinchi oʻrindan Yevropa mintaqasi davlatlari joy olgan. Mazkur hududda aholining 25,3 foizi tamaki isteʼmol qiladi.
Xotin-qizlar oʻrtasida bu illatga rujoʻ qoʻyganlar soni Yevropada eng yuqori. Boshqacha aytganda, bu yerdagi statistika dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻproq. Shu bois ekspertlar 2030-yilga kelib, mintaqada chekish bilan bogʻliq kasalliklar eng yuqori darajaga yetishini prognoz qilmoqda.
Mavjud vaziyatni hisobga olib, JSST barcha aʼzo davlatlarni tamaki mahsulotlari isteʼmoli, ishlab chiqarilishi, realizatsiya va targʻibotini qatʼiy tartibga solishga chaqirdi.