Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisobotiga koʻra, ketma-ket ikki hafta davomida yer yuzida COVID-19 bilan kasallanish holatlari oshib boryapti. Masalan, oʻtgan haftada oʻsish koʻrsatkichlari 7 foizni tashkil etib, jami 12 milliondan ziyod kishi bu xavfli infeksiyani yuqtirgan.
Shunga qaramay, koronavirusdan oʻlim darajasi pasayishda davom etmoqda. Masalan, 14-20-mart sanalarida kasallik tufayli qariyb 33 ming bemor hayotdan koʻz yumgan. Bu 7-13-mart sanalariga qiyoslaganda 23 foiz kam koʻrsatkichdir.
Koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sezilarli oʻsish tendensiyasi Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida kuzatilgan — 21 foiz. Xitoy, Yaponiya, Vyetnam, Filippin, Avstraliya va Kambodja shular jumlasidan. Yevropaning 53 mamlakatida epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda.
Qolgan mintaqalarda kasallanishlar soni kamaydi. Ayniqsa, Sharqiy Oʻrta Yer dengizi mintaqasi davlatlarida keskin pasayish qayd etilgan — 41 foiz. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida esa bu koʻrsatkich 23, Afrikada 33 hamda Janubiy va Shimoliy Amerikada 17 foizni tashkil etdi.
Oʻtgan haftada koronavirus tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Koreya Respublikasida roʻyxatga olingan — 2,8 million nafar. Ikkinchi oʻrinni 1,9 millionga yaqin koʻrsatkich bilan Vyetnam davlati band etdi.
Germaniya esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda 1,5 milliondan ziyod odam koronavirusni yuqtirgan. Toʻrtinchi oʻrinni 583 mingga yaqin holat bilan Fransiya, beshinchi pogʻonani esa 513 mingdan ortiq bemor bilan Avstraliya egalladi.
Jahonda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlarining katta qismi Rossiyada qayd etildi — qariyb 3,7 ming nafar. Ikkinchi oʻrinda — AQSH. Mamlakatda hafta davomida 3,6 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu koʻrsatkich 2,2 ming nafarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Janubiy Koreyada 2 ming nafardan ortiq hamda Xitoyda 1,9 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.