Dunyoni asrash qaygʻusi biz yoshlarni har lahza hushyor va sergak boʻlishga undaydi

    Insoniy fazilat va axloq-odob mustahkam maʼnaviy-maʼrifiy makonda, zaminda vujudga keladi, yuksaladi. Ajdodlarimiz erishgan barcha yutuqlar va zafarlar ana shu poydevorga asoslangan.

    Prezidentimiz maʼruzalaridan birida taʼkidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham, albatta, boʻladi”.

    Ha, yangi Oʻzbekistonning yangi maʼnaviy makoni koʻp ming yillik tariximiz, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosi, axloqiy-ruhiy, hayotiy tajribalariga asoslanadi.

    Hozir xorijdan kelgan qaysi bir sayyoh bilan suhbatlashmang, koʻhna Samarqand shahrini dunyo tanib, u xalqaro anjumanlar oʻtkaziladigan maskanga aylanib borayotganini eʼtirof etadi. Shu bois, AQSHning “The Huffington Post” nashri Samarqand shahrini “Dunyoning albatta borib koʻrish kerak boʻlgan 50 shahri” roʻyxatiga kiritdi.

    Shu yil 1-2-noyabr kunlari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatimizga tashrifi doirasidagi tadbirlarni biz, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari ham katta qiziqish bilan kuzatdik. Tashrif aynan Registondan boshlangani bejiz emas. Bu yerda xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy mushtaraklikni mujassam etgan jihatlar koʻp. Xususan, Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda, savdo va ilm-fan homiysi sifatida Osiyo va Yevropada roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga katta taʼsir koʻrsatgani bizga havas qilsa arziydigan buyuk tariximizdan maʼlum. XV asrda Parijda buyuk sarkarda Amir Temur sharafiga “Yevropaning xaloskoriga” yodgorligi bunyod etilgan. Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI bir-biriga maktublar yuborib, aloqa oʻrnatgan. Yozishmalarda siyosiy masalalar bilan birga, savdo-iqtisodiy aloqalarga ham katta eʼtibor qaratilgan.

    Olimlarimizning taʼkidlashicha, Amir Temurning tarixiy xizmati yana shundan iboratki, uning harakatlari tufayli Osiyo va Yevropa davlatlari tarixda birinchi marta yagona jugʻrofiy-siyosiy makonda ekanini his etdi.

    Bugun Samarqandga tashrif buyurayotgan davlat rahbarlari, xalqaro ekspertlar, akademik doiralar hamda sayyohlar Samarqandning tarixiy obidalari va muzeylari, nodir arxitektura ansambllari bilan tanishib, betakror tarixiy moʻjiza oldida taʼzim qilayotgani bejiz emas.

    Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyining oʻzi bir dunyo. Bobosi Temurning ezgu ishlarini davom ettirgan Ulugʻbek ham hukmdor, ham olim sifatida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirgan, bunyodkorlikka katta eʼtibor qaratgan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qoʻllanma hisoblanadi. Ushbu asarni Yevropa, jumladan, fransiyaliklar ham yaxshi bilishadi.

    Xususan, fransuz astronomi Jozef-Nikolya Delil faoliyati davomida Mirzo Ulugʻbekning asarlarini oʻrgangan, “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarini lotin tiliga tarjima qildirgan. Delil 1739-yilda buyuk bobokalonimizning astronomiya jadvallari haqida nutq soʻzlagan. Ushbu nutq matni hozirgacha saqlanib qolgan. Bu kabi maʼlumotlar ikki xalq aloqalarining tarixiy ildizlari qanchalik teranligini koʻrsatadi.

    Shu bois, butun dunyoda Amir Temur shaxsiga va temuriylar merosiga qiziqish katta. Jumladan, 1988-yilda Fransiyada Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganuvchilar uyushmasi tuzilgan. Uning sobiq prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur va temuriylar davrini koʻp yillar davomida tadqiq etgani, Fransiya va Oʻzbekiston xalqlari yaqinlashishiga katta hissa qoʻshgani uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

    1996-yilda YUNESKOning Parijdagi qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” koʻrgazmasi boʻlib oʻtgan. Oʻtgan yili davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi katta voqea boʻlgan edi. Unda temuriylar merosiga alohida oʻrin ajratildi.

    1404-yilda Sohibqiron Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo yoʻl xotiralaridan iborat “Kundalik”larida bunday yozadi: “Temur davlatining shon-shuhrati Ovroʻpo mamlakatlarigacha borib yetdi. Angliya, Fransiya, Ispaniya, Genuya va Vizantiya singari davlatlarning hukmdorlari Amir Temur bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlar oʻrnatishga intilib, ulugʻ jahongir huzuriga muntazam ravishda oʻz elchilarini yuborib turdilar”.

    Demak, VI-VII asr avval ham yurtimiz jahon siyosati va diplomatiyasida muhim oʻrin tutgan. Qolaversa, iqlimi va tabiati benazir, tuprogʻi unumdor bu zamin oʻsha zamonlarda ham xorijliklarni oʻziga maftun etgan.

    Amir Temur Ispaniya qiroli Genrix III, Fransiya hukmdori Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV saroylariga elchilar yuborib, mutanosib ravishda ispaniyalik, fransiyalik, angliyalik, xitoylik va boshqa qator xorijiy elchilarni oʻz saltanatida qabul qilgan.

    Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan xatidagi quyidagi fikri diqqatga sazovordir: “Siz oʻz savdogarlaringizni mening saltanatimga yuboring. Biz ularni iliq qarshi olib, izzat-ikrom koʻrsatamiz. Biz ham oʻz savdogarlarimizni sizning yurtingizga yoʻllaymiz. Siz ham ularga hurmat koʻrsating, ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yoʻl qoʻymang. Sizga bundan boʻlak talabim yoʻq. Zero, dunyo savdo ahli ila obod boʻlajak”.

    Eʼtibor bering, qanday oddiy va aniq fikr: dunyo savdo ahli ila obod boʻlajak! Demak, Amir Temur tashqi siyosatida xalqaro iqtisodiy-savdo aloqalarini keng miqyosda yoʻlga qoʻyish, undan barchani, avvalambor, oʻzining xalqini bahramand etish bosh gʻoya boʻlib xizmat qilgan.

    Bugun maʼrifatli Movarounnahr ruhi, temuriylar davrida fan va sanʼatning gullab-yashnagani Yevropada uygʻonish jarayoniga hayotbaxsh taʼsir etganini, umumjahon taraqqiyotiga koʻmaklashganini anglab faxrlanamiz.

    Samarqand xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga, muhim siyosiy va iqtisodiy qarorlar qabul qilinadigan joyga aylandiki, amaliy ahamiyat tus olayotgan samarali xalqaro hamkorlik dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning muhim omili boʻlib qoldi. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun aniq, maqbul hamda samarali yoʻldir.

    Shahzoda KAMOLOVA,

    Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU

    tarix fakulteti talabasi