баннер
14 Mar 2025
02:26

    Dunyoning mafkuraviy manzarasi. Bu jarayonda faqat uygʻoq jamiyatlar gʻolib

    Dunyoda geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar tobora keskinlashmoqda, xalqaro munosabatlar tizimida yuzaga kelayotgan mojaro va ziddiyatlarni kuch ishlatish orqali hal etishga intilishlar kuchaymoqda.

    Yaqinda 10 yildan koʻproq muddat Janubiy Koreyada shartnoma asosida ishlashga ketgan kursdoshim yurtimizga qaytib keldi, Toshkentda, Buxoroda suhbatdosh boʻldik, shaharlarni aylandik. Shunda doʻstim oʻz yurtidan ancha muddat uzoqda boʻlgani uchunmi, Toshkent va Buxorodagi oʻzgarishlar, osmonoʻpar binolaru, odamlarning oʻz hayotidan mamnunligi, zamonaviy mashinalarda yurishi, yoshlar uchun gavjum hududlar koʻpayib, ularning bilim olishga, kasb egallashga ishtiyoqini kuzatib, hayratini yashira olmadi.

    Yana bir manzaradan zavqlanganini eʼtirof etdi: qahvaxonalarda xalqimiz oilasi, yaqinlari, doʻstlari bilan shod-xurram ovqatlanmoqda, hordiq chiqarmoqda.

    Ha, albatta, soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekiston tarixchiligida yangi sahifalar ochildi. Viloyatlardagi shahar, tumanlar qiyofasi butkul oʻzgardi. Bunga sabab oqilona siyosat tufayli, avvalo, boshqaruvdagi har bir rahbarning tafakkuriga “Islohotlar islohot uchun emas, avvalo, inson uchun” bosh gʻoyasi singdirilishi boʻldi. Xalqimiz tafakkurida ham yaxshi kunlarga ishonch, umid kurtak ochdi. Yaxshi, qulay ish oʻrinlari yaratildi, “Bizga shu ham boʻlaveradi” deb eski emas, koʻrkam, zamonaviy binolarda yashash imkoni berildi. Bugun sanogʻi ancha salmoqli katta zavod, fabrikalar, ishlab chiqarish korxonalari, savdo va tijorat, umuman, xonadonlardagi kichik bandlikdan tortib, eng yirik zavodlargacha ishga tushirildi.

    Bir fuqaro — Oʻzbekistonning bir vakili, bugun biz 37,5 milliondan oshdik. Barchamiz birlashsak, barqaror rivojlanish sari odimlaymiz. Shunga yarasha ulkan maqsadlar sari boryapmiz.

    Bunday ezgu maqsadlar dastlab BMTning Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasida, keyinchalik “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibi” deb nomlangan salmoqli hujjatda belgilab qoʻyildi. Xususan, global ahamiyatga ega boʻlgan “Kun tartibi — 2030”ning qisqa va oʻrta muddatlarga moʻljallangan 17 ta barqaror rivojlanish maqsadi dunyoning 193 mamlakati qatorida Oʻzbekiston tomonidan ham qabul qilindi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlari yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir inson qadrini va uning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ekologik va rivojlanish huquqlarini taʼminlash bilan bogʻliq zamonaviy qarashlarini oʻzida jamlagani bilan ham ahamiyatlidir. Bugun hech bir fuqaro oʻz muammosi bilan oʻzi qoldirilmagan. Oddiy fuqaro, tadbirkor, yoshlar, ayollar, yoshi ulugʻ yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam boʻlsin, barchasining harakati, muammosi, tashvishini eshituvchi masʼul rahbarlar hamda nazoratga oluvchi shaxslar bor. Hatto avvallari minglab mavjud boʻlgan, shunchaki tilda boʻlgan “kambagʻallik” soʻzi kuchli iroda bilan ochiqchasiga aytilib, bu toifadagi fuqarolarimizni yuksaltirish uchun masʼul vazirlik tashkil etildi. Bugun ushbu vazirlik mutasaddilar va jamoatchilik harakati bilan minglab aholimizning kambagʻallikdan chiqib, ishbilarmon, oʻziga toʻq oila boʻlib yashashi uchun harakat qilmoqda.

    Gʻurur bilan aytishimiz kerakki, Oʻzbekis ton 2023-yili BRM indeksida (SDG index) 71,1 ball bilan 166 ta mamlakat orasida 69-oʻrinni egallab, 2022-yildagidan 8 pogʻona yuqorilashga erishdi. Bunda yurtimizda barqaror rivojlanishning 10 ta maqsadi — kambagʻallikni qisqartirish, gender tenglik, toza suv va sanitariya, barqaror shaharlar va aholi punktlari, tinchlik, adolatli, samarali institutlar hamda barqaror taraqqiyot yoʻlida ijobiy oʻsishga erishildi.

    Aholimizning 50 foizini tashkil etadigan ayollarning barqaror rivojlanishdagi hissasi ham sezilarli darajada. Soʻnggi yetti yilda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi koʻpaydi. Ishbilarmon xotin-qizlar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Salkam yarim million opa-singlimiz ish bilan taʼminlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda taʼlim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Xotin-qizlarni ziyoli qilish borasidagi davlatimiz siyosati samarasini bera bosh ladi. Quvonarlisi, magistraturani davom ettirayotgan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt summalari davlat tomonidan qoplab berilmoqda.

    Albatta, yurtimizda erishilayotgan yutuqlar, natijalar mislsiz darajada ekani bugun nafaqat oʻzimizda, qoʻshni davlatlarda, balki jahonning eng yirik mamlakatlarida ham eʼtirof etilmoqda.

    Dunyoning turli mintaqasida kechayotgan mafkuraviy, siyosiy va harbiy mojarolar natijasida eng yirik kompaniyalar va ishbilarmon doira vakillari tinchligi kafolatlangan yurtni, hududni, kelajagi uchun aniq barqaror jadal rivojlanayotgan mamlakatni oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida tanlaydi. Ayni damda bunday xalqaro tadbirkorlik makoni yangi Oʻzbekis tondir.

    Bu yuksak marralar, natijalar qachon shiddat bilan davom ettiriladi? Qachonki tinchlik boʻlsa! Shu oʻrinda bugun dunyoda yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatarlar bunday ezgu maqsadlarga erishish yoʻlida jiddiy toʻsiq boʻlayotganini alohida qayd etib oʻtish kerak.

    Xatarlarni nimalarda koʻramiz?

    Dunyoda geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar tobora keskinlashmoqda, xalqaro munosabatlar tizimida yuzaga kelayotgan mojaro va ziddiyatlarni kuch ishlatish orqali hal etishga intilishlar kuchaymoqda.

    Bugun jahonda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplaridan chekinish, xavf-xatar va tahdidlar yechimiga biryoqlama qarash holatlari kuzatilmoqda. Ayniqsa, har bir xalqning haq-huquqlarini hurmat qilish, suveren mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga qarshi tahdid yoki kuch ishlatishdan tiyilish, yuzaga kelgan har qanday nizoni muzokaralar yoʻli bilan hal etish borasida qator savollar toʻplanib qolgan.

    Shuningdek, aksariyat hollarda adolat, oʻzaro hurmat, tenglik, hamkorlik va hamjihatlik tamoyillariga panja orasidan qarash holatlari hamda oʻzaro ishonch, bir-birini tushunish, ochiq va konstruktiv muloqot bobida inqiroz kuzatilmoqda. Ilgari maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat yoʻli bilan himoya qilib kelgan qud ratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga, keskinlik va mojarolar tobora kuchayib bo rayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

    Afsuski, xalqaro hamjamiyat tomonidan oliy qadriyat sifatida tan olingan inson, uning hayoti, erkinlik va huquqlarini poymol etish koʻpgina mamlakatlarda oddiy holga aylanmoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilda dunyoda qurolli toʻqnashuvlar yuz berayotgan hududlar soni 55 taga yetgan, zoʻravonliklar soni esa 28 foiz koʻpaygan.

    Bunga Ukraina, Falastin, Suriya va bosh qa geosiyosiy, qurolli ziddiyatlar kechayotgan hududlarni keltirib oʻtish oʻrinli. Achinarlisi shundaki, minglab ayollar, yosh bolalar, umuman, oddiy tinch aholi mana shunday dahshatli fojialar qurboniga aylanmoqda. Bugun dunyo boʻylab kechayotgan qurolli mojarolar oqibatida halok boʻlganlar soni 14 foiz koʻpaygan. Bunday talotoʻplar oqibatida dunyo aholisining 2,3 foizi oʻz yurtini tashlab ketishga majbur boʻlgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir. Xullas, vaziyat kun sayin izdan chiqib, chigallashib bormoqda.

    Navbatdagi tahdid sayyoramizda iqlim oʻzgarishi va ekologik vaziyat keskinlashuvi, bioxilma-xillik qisqarishi, atrof-muhit ifloslanishi va tabiiy resurslar kamayishi bilan bogʻliq.

    Toʻgʻrisi, bugun ekologik xatarlar kun sayin “halokatli nuqta”ga yaqinlashmoqda. Barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidlardan biriga aylangan ushbu masala ayni paytda hatto dunyodagi geosiyosiy vaziyatga ham sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.

    Hozir dunyoda 3,6 milliard kishi iqlim oʻzgarishidan sezilarli darajada aziyat chekayotgan hududlarda yashamoqda, 2 milliard odam esa toza ichimlik suvdan bahramand boʻla olmayapti. Buning ustiga har yili 600 million kishi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan xavfli kasallik lardan jabr koʻrmoqda. Havoning haddan tashqari isib ketishi bilan bogʻliq oʻlim darajasi tobora koʻpayib bormoqda.

    Bu odamzodning ona tabiat bilan muloqoti va unga boʻlgan mehrining keskin kamayganidan dalolat beradi. Shuning uchun yurtimizda soʻnggi yetti yilda ekologik barqarorlikni taʼminlash, atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyotning jadal hayotimizga kirishi, rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Joriy 2025-yilga Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtiso diyot yili deb nom berilishida ham keng maʼno, ustuvor maqsad-vazifalar bor.

    Achinarli xotira. Yaqin-yaqingacha biz ona tabiatni asrash kerakligi haqidagi shiorlar bilan cheklandik, xolos. Keyingi yillarda bu boradagi jadal qadamlar “Yashil makon” umummilliy harakati yuzaga kelishi va uning doirasida yurtimizda millionlab koʻchat ekilishi, qurilayotgan binolar atrofida yoki boʻsh turgan keng maydonlarda daraxtzorlar tashkil qilinishi bilan yangi bosqichga chiqdi.

    Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo dunyo boʻyicha iqlim oʻzgarishidan eng koʻp zarar koʻrayotgan mintaqalardan biridir. Koʻp yillik meteorologik kuzatishlar soʻnggi 30-yilda mintaqamizda favqulodda jaziramali kunlar soni 2 karra koʻpaygani, oʻrtacha havo harorati oshib borishi ham dunyodagi umumiy koʻrsatkichlardan 2 barobar yuqori ekani hamda togʻlardagi muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib bitganini koʻrsatmoqda.

    Tahlillarga koʻra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari hozirning oʻzida har yili qariyb 2 milliard dollar miqdorida zarar koʻrmoqda. Yillar oʻtib ushbu iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Yaʼni suv taqchilligi muammosi allaqachon muqarrar tus olgani va bundan buyon tobora chuqurlashib borishi achchiq haqiqatdir.

    Turli tabiiy ofatlar, shiddatli demografik oʻsish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar ham suv taʼminoti va ekologiya bilan bogʻliq vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu muammolarni hal qilish masalasi Oʻzbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega. Negaki mamlakatimiz dunyodagi eng katta ekologik ofatlardan biri — Orol fojiasini bevosita oʻz boshidan oʻtkazmoqda.

    Prezidentimiz doimiy ravishda mamlakatlarning birinchi rahbarlari, masʼul vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiya, sammitlar, kengaytirilgan va kichik muloqotlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, suv tanqisligi va tabiiy ofatlardan saqlanish hamda Orol muammosini hamjihatlikda, birlashib hal etish tashabbusi, gʻoyalarini ilgari surib kelayotir.

    Chunki bugun xalqimiz global isish, ekologik muvozanat buzilishi bilan bogʻliq anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurgʻoqchilik va chang boʻronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va choʻllanishi, bioxilma-xillik tobora qisqarib borishi, qishloq xoʻjaligi hosildorligi pasayishi, ichimlik suv taqchilligi, havo ifloslanishi kabi jiddiy tahdidlar bilan yuzma-yuz yashamoqda. Ushbu global muammo yangi Oʻzbekistonning 2030-yilga qadar shiddat bilan barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ham toʻsqinlik qilayotir.

    Biz, albatta, xalqimiz bir tanu bir jon boʻlib, jonajon ona zaminimiz atrof-muhitni asrash va ekologik toza, barqaror “yashil” iqtisodiyot sari intilmogʻimiz kerak. Global iqtisodiyotda tizimli uzilishlar vujudga kelishi, savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yoʻlida yangi toʻsiqlar paydo boʻlishi, tovarlar va xizmatlar aylanishining izdan chiqishi, energetik xavfsizlikka tahdidlar oshishi tobora yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shuning dek, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar halokatli tus olishi oqibatida koʻplab mintaqalarda ijtimoiy beqarorlik sodir boʻlmoqda.

    Yoshlar asosiy drayverga aylanmoqda

    Bugun barcha sohalar singari taʼlimga eʼtibor yuksaldi. Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimining yillar davomida yechimini kutayotgan masalalari hal etilmoqda. Bu sohaga xususiy bogʻcha va maktablarning kirib kelishi davlat va nodavlat sektor oʻrtasidagi yaxshi maʼnodagi raqobat muhitini yaratdi. Samarasi shuki, bugun yosh avlod zamonaviy taʼlim-tarbiya olmoqda. Ota-onalar farzandini raqobatda yetakchi boʻlgan zamonaviy bogʻcha va maktabga adolatli, raqamlashtirilgan tizimlar orqali joylashtirish imkoniga ega boʻldi. Toshkent shahri va viloyatlarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ochilishi yangi avlod jadidlari, yangi Oʻzbekistonni barpo etadigan yoshlar tarbiyalanishiga katta maydon boʻlyapti.

    Joriy yilning yanvar oyida “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” doirasida yurtimiz taʼlim tizimi yutuqlari xal qaro maydonda yana bir bor eʼtirof etilishi barchamizga quvonch bagʻishladi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi Shayx Zoid nomidagi nufuzli mukofotning “Global oʻrta maktablar” nominatsiyasida gʻolib topildi. Maktab oʻquvchilari Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustozi Sohibxon Azizovning yomgʻir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi gʻalabani qoʻlga kiritdi. Tanlovga 156 ta davlatdan jami 5980 ta ariza kelib tushgani aytildi. Abu-Dabida mukofotni oʻquvchilarga Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi.

    Taʼlimga berilayotgan eʼtibor samarasi har jabhada, jumladan, BAA sammitida ham namoyon boʻldi. Yoshlarimizning bu ajoyib muvaffaqiyati barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi, shuningdek, biz tanlagan barqaror va “yashil” rivojlanish yoʻli naqadar toʻgʻri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

    Yurtimizda oliy taʼlim ham yangi davrga yuz tutdi. Bugun yoshlar talabalikka qabul qilinishidan tortib, oliygohni bitirib, ishga joylashish, kasb-hunar egallashiga qadar ijtimoiy nazoratga olindi. Yaʼni til, kasb-hunar bilishni qoʻllash va moliya viy koʻmak tizimi yaratildi. Bu yoshlarga oid davlat siyosatining muhim jihatiga aylandi. Natijada maktablarni bitirgan oʻquvchilar bir vaqtning oʻzida dunyoning eng nufuzli 10, 15, 20 tagacha oliygohiga qabul qilingani haqida xabarlar chiqayotir. Bunga oʻrganib ham qoldik. Bugungi davr yoshlari oʻqishini, kasb-hunar egallashini, asosiysi, kelajakda kim boʻlishini faqatgina ota-ona emas, balki iqtidori, qiziqishidan kelib chiqqan holda oʻzlari oilaviy bamaslahat qaror chiqaradigan boʻldi.

    Yangi Oʻzbekiston yoshlarining ertangi kunga ishonchi baland. Yurt koriga yarash, unga munosib farzand, yetuk kadr boʻlish, oʻzi yashab turgan jamiyatni barqaror rivojlanadigan, farovon hayot kafolatlangan davlatga aylantirish uchun oʻzini safarbar etish ishtiyoqi baland.

    Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan davlat va nodavlat oliygohlar yoshlari jamiyatimizning turli boʻgʻinlarida yetakchi kadr yoki rahbar lavozimlariga kirib kelmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, “Mana, men yangi Oʻzbekiston bunyodkori boʻlaman!” degan minglab yoshlar jamiyatimizning asosiy drayveriga aylanib bormoqda.

    Oʻzbekiston oliy taʼlimining barcha yoʻnalishlari qatorida birgina sogʻliqni saqlash sohasida taʼlim berayotgan oliygohlarda nafaqat oʻzbek yoshlari, balki xorijiy mamlakatlardan kelib tahsil olayotgan minglab talabalar, ilmiy izlanuvchi, tadqiqotchilar bor. Bu esa tarixiy anʼananing takrorlanishi, yaʼni buyuk siymolarimiz merosini oʻqitish, oʻrganish yana oʻzimizga qaytganini anglatadi. Bu yutuqlarning barchasi mamlakatimizdagi uzoqni koʻzlab yuritilayotgan islohotlar natijasidir.

    Xulosa qilib aytganda, bugungi dunyoning globallashuv, axborot va mafkuraviy xurujlar avj olgan bir davrida Oʻzbekis ton taraqqiyot yoʻlida yuksak marralar sari odimlab bormoqda. Bu borada maqsad va vazifalar aniq. Har bir vatandoshimiz, ayniqsa, aholimizning 60 foizdan ortigʻini tashkil qiladigan yoshlarimiz yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurish kabi ulugʻvor maqsadlarni roʻyobga chiqarishga shaylanmogʻi darkor. Ayniqsa, “Oʻzbekiston menga nima qildi?”, deb emas, balki “Men yurtim uchun nima qildim?” kabi gʻoyalarni hayotimizning shioriga aylantirishimiz kerak.

    Azizbek Omonov,

    sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,

    dotsent

    Telegram kanalimiz
    Text to speech