Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 1-martdagi 111-sonli qarori bilan avtomobil yoʻllarini, yoʻl inshootlarini, temir yoʻl kesishmalarini, avtomobil yoʻllari va koʻchalar boʻyida joylashgan AYOQS, AGTKS va AGQS (avtomobillarga benzin quyish, gaz toʻldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash loyihalarini kelishish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga koʻra, tadbirkorlik subyektlari mazkur masalada faqat Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.

Agar ariza beruvchilar yoki ularning ishonchli vakili oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchilar nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda belgilangan shakldagi soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.

Bunda davlat xizmatlari koʻrsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida yigʻim undiriladi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida xizmatdan YAIDXP orqali foydalanilganda imtiyoz taqdim etilgan boʻlib, bunda ular yigʻim summasining 90 foizini toʻlashlari mumkin.

Xizmat Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlarida shu yilning 27-martidan ishga tushdi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi

Axborot xizmati