Oʻsha kezlarda Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash oʻlkalar – bugungi Janubiy Turkmaniston, Afgʻoniston, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkistonning bir qismini oʻz ichiga olgan eftaliylar sulolasining tayanch hududi Baqtriya-Toʻxoriston (Janubiy Oʻzbekiston, Janubiy Tojikiston, Shimoliy Afgʻoniston) oʻlkalarini qamrab olgan edi.

Xitoy, yunon, arman, suryoniy, arab, fors, hind, baqtriy va boshqa tillardagi yozma manbalar hamda saroy devoriy rasmlari, tanga pullar, turli buyumlar sirtidagi bitiklar va boshqa arxeologik topilmalardan anglashilishicha, eftaliylar Xitoy, sosoniylar Eroni, Vizantiya kabi oʻz davrining kuchli saltanatlari bilan siyosiy va madaniy aloqalar oʻrnatib, oʻzidan boy meros qoldiradi.

Bu sulola tarixi oʻlkamiz va chet el tarixshunosligida ancha oʻrganilgan boʻlishiga qaramay, hali koʻplab chigalliklar uchraydi. Ayniqsa, ularning ilk yashagan yurti, etnik kelib chiqishi, davlat boshqaruvi va qoʻllanilgan unvonlar boʻyicha bir toʻxtamga kelinganicha yoʻq. Ayrim izlanuvchilar ularni turkiy elat deb bilsa, boshqalar ularni eroniy tilli boʻlgan, deydi. Shuningdek, eftaliylar Markaziy Osiyoning qaysi oʻlkasida — Oltoy yo Tangritogʻ (Tyanshan) etaklarida yoki Orol boʻyida, Pomir yo Badaxshon togʻlarida yashagani, yo boʻlmasa Toʻxoriston ularning ilk yurti boʻlgani borasida tortishuvlar haligacha oʻz yechimini topmagan.

Vizantiya manbalarida Eφθαλϊτaı, Αβδέλαι, forscha Heftal, Heptal, armancha Hepʻtʻał, Tʻetal, arabcha Haytal (koʻplikda Hayâtila), xitoycha Yeh-ta, Yeh-tai-i-li-tʻo, Hua) koʻrinishlarida tilga olingan bu etnik guruh xitoycha Hua (Avar), yunoncha Var-Xun koʻrinishlarida ham keltirib oʻtilgan. Shuningdek, xitoy, yunon va boshqa tilli yozma manbalarda eftaliylar bilan bogʻliq etnik atamalar “avar”, “abdal”, “al-xun” koʻrinishlarida uchrab, “abdal” atamasi bugun qator turkiy xalqlar — oʻzbek va turkmanlarda, Ozarbayjon va Onadoʻli turklarida biror urugʻ nomi yoki toponim oʻlaroq saqlanib qolgan. Bundan tashqari, pushtunlarning yirik bir urugʻi “abdalzay” (abdal urugʻi), Tojikistondagi aholi maskanlaridan biri Yaftal ushbu etnonim bilan aloqador.

Arab mualliflari barcha turkiy elat va urugʻlarni emas, ular orasidan “xalach”, “kanjina turklari”nigina eftaliylar izdoshi deb tanishtirib, “Hayatila — Toʻxoristonni boshqargan qudratli kishilar guruhi, Xalaj va Kanjina turklari ularning avlodidir”, deb yozgan. Chamasi, ularning tili turkiy tillarning boshqa bir tarmogʻi boʻlib, milod boshlarida turkiy tillarning ajdodi — qadimgi turk (xun tili)dan ajralib chiqqan.

Turli tillardagi maʼlumotlar boshqa turkiy etnoslar kabi eftaliylarning ham bir necha urugʻ va qabilaga boʻlinganini koʻrsatadi. Xitoy, yunon, arman, hind, arab va fors tillaridagi maʼlumotlar oʻzaro solishtirilganda ularning quyidagicha 10 ta urugʻi boʻlgani anglashiladi: 1) eftal (abdal); 2) avar; 3) zobul; 4) kanjina; 5) kumiji; 6) xalaj; 7) xun (ol xun — qizil xun, oq xun); 8) qarluq; 9) kadis/kadisayer/kadis-xun; 10) choʻl.

Koʻpi turkiy, bir boʻlagi esa eroniy va boshqa elatlardan boʻlgan ushbu urugʻlar orasida eftal, oq xun, qizil xun va avar kabilar xunlarning bir tarmogʻi sifatida bilingan boʻlsa, kanjina, qarluq, choʻl kabi elatlar esa yo eftaliylarning, yo boʻlmasa turklar (Turk xoqonligi)ning biror urugʻi oʻlaroq tilga olinadi. Yozma manbalarda eftaliylar va qarluqlar orasida oʻzaro qarindoshlik aloqalari borligiga xitoy, arab va fors mualliflari bir necha bor urgʻu bergan. Gardiziy “Zayn al-axbor” asarida (XI asr) Toʻxoriston haytallari va qarluqlar yaqinligi toʻgʻrisida quyidagilarni yozgan boʻlib, bu bejiz emas edi: “Turk xoqoni qarluqlarning koʻpaygani, ustunlikka ega boʻlgani va Toʻxoriston haytallari bilan ittifoq tuzib, ulardan qiz olib, qiz bergani va Turkistonning zaiflashganini koʻrgach, oʻlkasining oqibatidan qoʻrqdi”.

Eftaliylar sulolasining siyosiy jihatdan uyushib, yirik bir kuchga aylanishi boʻyicha shu kabi qarashlar bildirilgan: IV asr oʻrtalarida yoki ikkinchi yarmida kelib chiqishi toʻlaqonli aniqlanmagan yangi koʻchmanchilar guruhi paydo boʻladi. Ular Vizantiya manbalarida xioniylar deb atalgan boʻlib, chamasi, Shimoliy Syun-nu (xun)larning birmuncha oldinroq Gʻarbga koʻchishi bilan bogʻlanadi. Ular IV asrning oʻrtalarida Samarqandni egallab, Toʻxoristonga oʻtgach, bu yerni oʻzining tayanch hududiga aylantiradi. 370-yillarda ular sosoniylarga yordam berib, Amid (Diyorbakir)gacha boradi. Ularni V asr boshlarida yenggan kidariylar boshqaruvni qoʻlga kiritadi. Xioniylar kabi kidariylar shimoldan Amudaryo va Sirdaryo oraligʻiga kirib kelayotgan kezlarda Qangʻni egallab, keyinroq Sugʻdni, soʻng IV asr oxiri — V asr boshlarida Hindikushdan janubdagi yerlar — markaziy va gʻarbiy Panjobni bosib oladi.

Sugʻdni tayanch hududga aylantirgan kidariylar 430-yillarda Amudaryodan oʻtgan sosoniylar podshosi Varaxran II (Bahrom Gur) bilan urushda yengiladi. V asr oʻrtalarida kidariylar oʻrnini asl nomi abdal boʻlgan eftaliylar nomi bilan mashhur negizi koʻchmanchi elat egallaydi. Eftaliylar Oltoy va Sharqiy Turkistondan kelib, kidariylar oʻrnini egallagach, 440-450-yillar oraligʻida bosh tayanch hudud oʻlaroq Toʻxoriston oʻlkasini tanlagan. 457-yilda eftaliylar yetakchisi Axshunvar Chagʻoniyon va Badaxshonda hokimiyatni qoʻlga olgan. Keyinroq kunchiqarda Sharqiy Turkistondagi Qorashahrgacha, gʻarbda Hirot va tevaraklari, janubda Shimoliy Hindistongacha boʻlgan ulkan tegra ular qoʻl ostida qayta birlashtirilgani eʼtiborga olinsa, eftaliylar hokimiyati asosan Kushon sulolasi boshqargan hududlarda yoyilgan edi.

Sosoniylar shohi Yazdigird II (438-457-yillar) eftaliylar bilan bir necha bor urushlar olib borgan. Podshoh Peroʻz 484-yilda eftaliylar bilan urushda oʻldirilgan va qoʻshini tor-mor qilingan. Nafaqat Peroʻz, balki uning akasi Xoʻrmuzd ham eftaliylar yordamida Eron taxtini qoʻlga kiritgan.

Kunchiqarda esa eftaliylar 479-509-yillar oraligʻida Sharqiy Turkistonning barcha shahar davlatlarini oʻziga boʻysundirgan. Janubda eftaliylar Shimoliy Hindistondagi ulkan hududlarni bosib olgan.

Oltoy togʻlarining sharqiy etaklari, Janubiy Sibir va Moʻgʻulistonni oʻz ichiga olgan kengliklarda Juan-juan yoki Avar xoqonligi (402-552-yillar) deb ataladigan yirik saltanat koʻplab el-uluslarni oʻz bayrogʻi ostida birlashtirgan boʻlib, eftaliylar sulolasi bilan qoʻshnichilik va qarindoshlik aloqalariga ham ega edi. Sharqiy Turkiston va Yettisuv ularning chegara hududlari boʻlgan. Xitoy yilnomalarida eslatilishicha, yeda (eftaliy)lar kuch-qudratga erishgan paytda (450-yillarda) unga Gʻarbiy oʻlkalardagi Kangyuy (Choch yoki Sugʻd), Xoʻtan, Shale (Koshgʻar), Kucha‚ Ansi (Qorashahr) kabi 30 ga yaqin kichik hukmdorlik boʻysungan.

Oʻsha kezlarda Xitoyda Shimoliy Vey (Toba) (385-556-yillar) sulolasi yetakchilik qilar edi. Eronda esa yirik siyosiy kuch — sosoniylar imperiyasi boshqaruv tizginini qoʻlda tutib, Xurosonni egallash uchun eftaliylarga qarshi kurash olib bormoqda edi. 560-yillarda sosoniylar ham xuddi Xitoyga oʻxshab mintaqada yangi siyosiy kuch — Turk xoqonligi oʻrtaga chiqishini xayrixohlik bilan kutib oladi va xoqonlikning eftaliylarga qarshi siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi.

Boshqaruv markazi Kobul boʻlgan eftaliy sulolasi tarmoqlaridan birini boshqargan Toʻraman (515-yilda vafot etgan) Hind daryosi qirgʻoqlaridagi bir necha oʻlkani boʻysundirib, Malvagacha yetib boradi. Uning oʻgʻli Mihraqul (515­-530-yillar) oʻz boshqaruv markazini Kobuldan Gandxara (Sharqiy Panjob)dagi Sakal shahriga koʻchiradi. Xitoylik sayyoh Sun Yun u bilan 520-yilda shu yerda uchrashadi. Say­yohning yozishicha, oʻsha chogʻlarda eftaliylar Kashmirni qoʻlga kiritgan edi. Hind hukmdori Yasodxarman bitiklaridan aniqlanishicha, 533-yilda u eftaliylarni yengib, Mihraqulni oʻziga boʻysundiradi. Shundan keyin Kashmirni tashlab chiqqan eftaliy hukmdori Gandxara (bugungi Pokiston)ga qaytadi.

Eftaliylar sulolasining tayanch oʻlkasi Toʻxoriston boʻlib, bu yerda uning bir necha boshqaruv markazi oʻrin olgan edi. Oʻlkadagi Chagʻoniyon, Termiz, Balx, Qunduz va boshqa shaharlar kushonlar va xioniylar davrida biror boshqaruv markazi vazifasini oʻtaganidek, eftaliylar davrida ham bu holat saqlanib qoladi. Shuning uchun yozma manbalarda eftaliylar sulolasi Toʻxoriston oʻlkasi oʻlaroq tilga olinadi. “Vey-shu” yilnomasida 464-yilda Tuxolo (Toʻxoriston)dan Shimoliy Vey sulolasiga elchi kelgani tilga olingan boʻlib, u, chamasi, eftaliylar tomonidan yuborilgan. “Suy-shu” va “Tan-shu” yilnomalarida esa 615-yilda Toʻxoristondan Xitoyga elchi joʻnatilgani, u xitoyliklarga idan (eftaliy)lar bilan yonma-yon yashashlari toʻgʻrisida soʻzlab bergani aytiladi.

Eftaliylar sulolasini yuksaltirishda Burqut, Kunxon, Axshunvor, Fagʻanish, Varz, Gatfar, Toʻraman, Mihraqul kabi boshqaruvchilarning oʻrni katta. Ularning koʻpi qadimgi turkiy, eroniy va hind madaniyati oʻzaro qorishgan muhitda yashagani uchun ushbu tillarga xos ism va unvonlarga ega boʻlgan. Shimoliy Hindistonni boshqargan eftaliy hukmdorlardan Toʻraman va oʻgʻli Mihraqul (542-yilda vafot etgan) ismlari turkiy negizda — toʻra “qonun, tuzuk” + man “eski turkcha ism va sifat yasovchi qoʻshimcha”, mihra — eski eroniycha “mitra” (quyosh, quyosh xudosi) va turkiy “qul” (banda) soʻzlaridan yasalgan. Eftaliylarning yabgʻu, tegin, tarxon, chabish singari turkiy, xutav, buzurg, farmondor, hazoroxta kabi sugʻdiy va ­baqtriy tillarga xos katta-kichik unvonlari boʻlgani maʼlum.

Eftaliylarning ota-bobolari — Oltoy va Oʻrxun vodiysi (Moʻgʻuliston), Janubiy Sibir, Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilgan Xun saltanati boshqaruvchilari oʻz davrida Yevroosiyoning eng kuchli otliq qoʻshiniga ega boʻlgan. Ushbu xunlarning harbiy ishini davom ettirib, Markaziy Osiyoning janubi-gʻarbiy oʻlkalari — Sharqiy Turkiston, Pomir, Badaxshon boʻylab Toʻxoriston va Sugʻdga yetib kelgan eftaliylar, yaʼni oq xunlar yoʻl-yoʻlakay boshqa elatlarni, jumladan, togʻlik jangovar elatlarni oʻziga qoʻshib olgach, harbiy jihatdan yanada kuchayib, mintaqadagi eng yirik siyosiy va harbiy kuchga aylanadi. Xitoycha “Tan-shu” yilnomasida yozilishicha: “Tuxolo (Toʻxoriston)... Tuxololiklar idan (eftaliy)lar bilan birga istiqomat qiladi, jangovar qoʻshini 100 ming”. Tuxolo (Toʻxoriston) muayyan bir oʻlka nomi, idan, yaʼni eftaliy esa xalq va davlat nomi boʻlib, 100 ming qoʻshin eftaliylarga tegishli edi.

Eftaliylarning sosoniylar hukmdori Peroʻzga yordam uchun 30 ming qoʻshin yuborgani haqida maʼlumot uchrashi ular qoʻshinining salmogʻi ancha katta boʻlganidan darak beradi. Eftaliylar qoʻshinining katta qismi otliqlardan iboratligi, shuningdek, qoʻshin 2000 ta filga ega boʻlgani haqida yozma manbalarda eslab oʻtiladi. Chamasi, eftaliylar Shimoliy Hindistonni egallagach, bu yerdagi fillarni qoʻlga kiritib, hindlar kabi jangda ulardan foydalana boshlagan. Eftaliylar qoʻshinining asosiy qismi otliqlardan tashkil topganini xitoy yilnomalaridagi quyidagi maʼlumot tasdiqlaydi: “Bey-shi” yilnomasida “Yeda (eftaliylar) ot va tuyalari koʻp... Xalqi qattiqqoʻl va jasur boʻlib, jang qilishga mohirdir”, deyiladi.

Eftaliylar qoʻshinining bir qismi yayov (piyoda) askarlardan iborat boʻlib, jangchilar boshdan-oyoq poʻlat zirh kiygan, boshida dubulgʻa, qoʻlida “qingʻiraq” yoki akinak (xanjarsimon uzun toʻgʻri qilich)ga oʻxshash qurollar bilan urushga kirgan. Buni koʻplab arxeologik topilmalar — Qizil (Sharqiy Turkiston) va Tavka qoʻrgʻon (Surxon vohasi)dan topilgan qurol-yarogʻlar, saroy devoriy suratlaridagi tasvirlar ham tasdiqlaydi.

Eftaliylar davrida mintaqada sugʻdiycha, xorazmcha, “nomaʼlum yozuv” (ehtimol, qadimgi turkiy), karoshti, eftaliycha yozuvlar mavjud boʻlgan. Eftaliy yozuvi haqida xitoylik Syuan Szyan bunday yozgandi: “Yozuvlaridagi asosiy harflar soni yigirma beshta boʻlib, ular yordamida iboralar, soʻzlar yasaydilar. Sahifaga xatni eniga tushiradilar, chapdan oʻngga qarab oʻqiydilar”.

Diniy eʼtiqod borasida ham xilma-xillikni koʻrish mumkin. Ulkan saltanat ahli zardushtiylik, qadimiy eʼtiqodlardan Siyovush, Anaxita, Mitraga, buddaparastlik (asosan Shimoliy Hindistonda) kabi dinlarga sigʻingan. Shu bilan birga, oʻlkada Moniy va Mazda taʼlimotlari ham tarqala borgan. Eftaliylar Oltoydan koʻchib kelish arafasida tangrichilikka oʻxshash inonch tizimi boʻlgan degan qarashlar bor.

Eftaliylarning tashqi aloqalari xalqaro savdo-sotiq yoʻllari boʻyicha raqibi Eron bilan gʻoyat keskin kechgan. Sosoniylarning eftaliylarga oʻlpon toʻlashi Peroʻzning oʻgʻli Qubod hukmronligi yillarida ham davom etadi. Eftaliylar sosoniylarning ichki ishlariga aralashishga intilgan. Masalan, 496-yili taxtdan agʻdarilib, qamoqqa tashlangan Qubod qochib, eftaliylar oldiga boradi. Eftaliylar yordamida Qubod 499-yili yana Eron taxtiga oʻtiradi. Eftaliylar sosoniylarni oʻziga qaram qilib olganidan soʻng ularning imkoniyatidan Vizantiyaga qarshi kurashda foydalangan. Ularning Vizantiyaga qarshi 502-yildagi yurishi sosoniylar ishtirokida amalga oshirilgan.

Eftaliylarning Xitoy bilan munosabatlari asosan savdo-sotiq orqali amalga oshirilib, Buyuk ipak yoʻlining shimoliy va janubiy yoʻnalishlari mintaqamiz orqali oʻtishi katta ahamiyat kasb etgan. Ularning Hindiston va Yevropaning sharqiy oʻlkalari bilan ham yaqin aloqalarda boʻlgani maʼlum.

Shunday qilib, V-VI asrlarda oʻlkamizda, yalpi olganda, mintaqada yuz yildan ortiq davr davomida eftaliylar sulolasi hukmronlik qildi. Davlatni boshqarishda ular oʻtmish dongdor sulolalaridan qolishmagan. Aksincha, eftaliylar sulolasi soʻnggi kushonlar zamonida boshboshdoqlik yoʻliga kirgan mamlakatni qaytadan birlashtirib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar va tashqi aloqalarni yanada rivojlantirdi.

Gʻaybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori,

professor