Yolgʻizlar yoniga chopgan odamlar,
Dunyodan dunyolar topgan odamlar,
Nochorlar kamini yopgan odamlar,
Qorongʻu tunlarda chiroq boʻlaylik,
Ehson daraxtiga yaproq boʻlaylik.
Muborak roʻzayu ramazonda yurtimizning barcha hududlarida, mahallalarida xayr-saxovat yoʻlida yozilayotgan iftorlik dasturxonlari gʻoyat fayzli boʻlmoqda.
Prezident qarori va tashabbusi amalda
Odamlar orasidagi mehru muhabbatni, xayr-saxovatni koʻpaytiradigan, insonlarni bir-birlariga oqibatini mustahkamlaydigan, nochor, nogiron, beva-bechora va qariyalarga yordam qoʻlini choʻzadigan amallar nechogʻli koʻp qilinsa, jannatmonand Oʻzbekistonimizga, muqaddas zaminimizga shunchalik koʻp rizq va baraka yogʻilaveradi.
Muborak oy munosabati bilan butun Oʻzbekiston boʻylab oʻtkazilayotgan xayru ehson tadbirlarida diydorlashayotgan nuroniylarimiz, mehnat faxriylari, mahalla kayvonilari, oqsoqollar, hoji ota, hoji onalarimiz, qoʻyingki, yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha insonlarning saharlik va iftorlik duolarida yurt tinchligi, mamlakat obodligi, xalq farovonligi soʻralgan goʻzal niyatlar va tilovatlar qilinmoqda.
“Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi tomonidan yurtimizning barcha viloyatlarida boʻlib oʻtayotgan ana shunday tadbirlarda biz ijodkorlar ham ishtirok etmoqdamiz. Sirdaryo tumani Furqat mahallasida yashovchi Xolbuvi aya Narziqulovaning xonadonida ham iftorlik dasturxoni yozildi. Iftorlikka mahallaning otaxon va onaxonlari, mehnat faxriylari, faollar, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchi ehtiyojmand oila vakillari taklif etildi.
Keling, shu tadbirlar bahonasida qalbi ezgulikka toʻlgan piru badavlat onaxonlarimizning ibratli hayot yoʻllari haqida maʼlumot berib ketsam. Shoyad yozganlarim ibrat boʻlsa.
Kutilmagan va quvonchli tashrif
7 farzandning onasi, 20 nevaraning buvijonisi 72 yoshli Xolbuvi ayani hayotning sinovlari chetlab oʻtmagan. Nogironligi bor 2 farzandini boshqa bolalari qatori oq yuvib, oq tarab, parvarishlab voyaga yetkazdi. Umri mehnat bilan oʻtdi. Hammaning tashvishi oʻzi bilan-da, deb umrguzaronlik qilayotgan Xolbuvi aya joylarda tashkil etilayotgan iftorlik tadbirlari haqida eshitganida unchalik ham eʼtibor bermagan edi.
Ammo uning holidan xabar olish, xonadonida iftorlik dasturxoni yozish uchun “Nuroniy” jamgʻarmasining respublika darajasidagi va mahalliy rahbarlari bir guruh nuroniylar, mehnat faxriylari bilan kirib kelishgani aya va xonadon aʼzolari uchun kutilmagan, quvonchli tashrif boʻldi.
— Mehmonlar kutilmaganda kirib kelishdi, — deydi Xolbuvi aya Narziqulova. — Odatdagidek, qanday yashayapsiz, deb soʻrab-surishtirib, sovgʻa berib, qaytib ketishsa kerak, deb oʻylabman. Ammo birdaniga iftorlikka tayyorgarlikni boshlab yuborishsa boʻladimi! Qoʻni-qoʻshnilar, mehmonlarni ham taklif qilishdi. Anchadan beri hovlimiz bunchalik fayzga toʻlmagan edi. Rahbarlar uyingizga sovgʻa-salom, iftorlik neʼmatlari bilan toʻlib-toshib kelib, hol-ahvol soʻrab tursa, hovli joyingiz bilan tanishib, xuddi tugʻishgan aka-ukangizdek yaqin olib, qozon osib, iftorlik tadorigini boshlab yuborsa, odamning koʻngli osmoncha koʻtarilib ketarkan.
Qozon boshida boshlangan shukronalik suhbatlari toʻkin dasturxonga osh tortilib, bir piyola koʻk choy ustida davom etdi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi mamnuniyat toʻla fikrlashuvlar, shu yili 30-aprelida oʻtkaziladigan referendum, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini qoʻllab-quvvatlayotgan yoshi ulugʻlarimizning minnatdorlik soʻzlari duolarga ulandi.
Toshkent viloyati hududlarida
Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani “Mashrab” va “Jumagul”, Yangiyoʻl tumanidagi “Mirishkor”, “Shoʻralisoy”, “Darxon”, Ohangaron tumanidagi “Sartamgʻali”, Chirchiq shahridagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻinlarida ehtiyojmand va nogironligi boʻlgan oilalar xonadonlarida yozilgan iftorlik dasturxonlari ham koʻngilochar kutilmagan uchrashuvlar, dilkash davralarga aylanib ketdi.
Suhbatlarda Chirchiq shahridagi Mir Alisher Navoiy mahallasida yashayotgan nochor oilaga ikki xonali uy qurib berilgani, shu mahallada yashovchi yana bir oilaning nurab borayotgan eski uyi buzilib, yangisi qurilayotgani ham mamnuniyat bilan tilga olindi.
Vodiy, voha va poytaxtda saxovatdan soʻz ochildi
Andijon viloyati Asaka tumani Amir Temur mahallasida 150 kishilik, Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani Gʻallakor mahallasida 200 kishilik, Muborak tumani Boʻston mahallasida yozilgan 135 kishilik iftorlik tadbirlarida ham oʻzbekning bek bobolari, yuzlari farishtali momolari bosh-qosh boʻlishdi.
Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi Al-Fargʻoniy mahallasida ham iftorlik dasturxoni yozilib, nuroniylar, keksalar “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchilar, mahallaning ehtiyojmand oilalari taklif etildi. 170 nafardan ortiq mehmonni bir davraga jamlagan ehson iftorligi oldidan Qurʼon tilovat qilinib, oʻtganlar yod etildi. El-yurtga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari soʻnggi yillarda inson qadrini ulugʻlash, uning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasidagi islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati haqida ham fikr almashdilar. Keksayu yosh uch avlodni bir dasturxon atrofiga jamlagan iftorlik tadbiri maʼrifiy suhbatlarga ulanib ketdi.
Otalarimiz duoga qoʻl ochganida, “oxiratimni bergin”, deb duo qiladilar. Har qanday yoshi ulugʻ inson mehrga, eʼtiborga tashna boʻladi. Birgina misol. Namangan viloyati Sohilobod mahallasida yashovchi Abdumutal Xudoyberdiyev 27 yil davomida Namangan don mahsulotlari kombinatida, temir yoʻl orqali mahsulot joʻnatish boʻlimida ishladi.
Hozir nafaqada boʻlsa-da dehqonlarga xos tirishqoqlik bilan tomorqaga mehr berib, qulupnay, gilos, loviya, sabzi, piyoz, kartoshka kabi meva va sabzavotlardan moʻl hosil olmoqda. Mehnati tufayli hech kimdan kam emas. Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimligi va “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi mutassaddilari otaxonni yoʻqlab borishi uning uchun kutilmagan quvonchli tashrif boʻldi. Oqshom Abdumutal otani koʻrgani kelgan mahalla yoshlarining musiqiy chiqishlari bilan yanada sermazmun oʻtdi. Ushbu mehru saxovat oyidagi xayr-ehson tadbirlarida koʻngli quvonchga toʻlayotgan hamyurtlarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz el-yurtimiz tinchligi, osoyishtligi, mamlakatimizning yanada gullab-yashnashi, xalqimiz farovonligi yoʻlida duolar qilishmoqda. Zero, ikki olam sarvari Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Uch toifa odamning duosi rad etilmaydi: ota-onaning duosi, roʻzadorning duosi va musofirning duosi”, deganlar.
Xayr-ehson va iftorlik tadbirlari “Nuroniy” jamgʻarmasining har bir mahalla, qishloq hamda ovullardagi vakillari tashkilotchiligida koʻtarinki ruhda, fayzli oʻtmoqda.
Dardmandni koʻzidan bilgan oʻzbekmiz,
Mayizni qirqtaga boʻlgan oʻzbekmiz,
Uylari boʻgʻdoyga toʻlgan oʻzbekmiz,
Qorongʻu tunlarda chiroq boʻlaylik,
Ehson daraxtiga yaproq boʻlaylik.
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi