Mamlakatimizda global iqlim oʻzgarishlari keskinlashuvidan kelib chiqqan holda atrof-muhit muhofazasi masalalariga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻtgan yillarda sohaning mukammal tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. Har bir ekologik tadbirning moliyaviy manbalari aniqlandi. Suv, yer, bioxilma-xillik resurslari va atmosfera havosi muhofazasini taʼminlashga yoʻnaltirilgan konsepsiya va strategiyalar ishlab chiqildi. Ularda belgilangan vazifalarni amalga oshirish hisobiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni keyingi 5 yilda 8-14 foiz, oʻrmon fondidagi yer 12 foiz kengaytirildi. Birgina Orol dengizining qurigan 2 million gektarga yaqin maydonida yashil qoplamalar barpo etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish tom maʼnoda yaxshi anʼanaga aylandi. Atrof-muhitga antropogen taʼsir etuvchi sanoat korxonalari va transport vositalari ustidan samarali davlat va jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Elektromobil sanoatini rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
“Yashil” energetikani rivojlantirish borasidagi yirik investitsiya loyihalari hisobiga katta natijalarga erishilmoqda. Joriy yil yakuni boʻyicha mamlakatimizning jami elektr energiyasi tarkibida ekologik toza energiya salmogʻini 30 foizga yetkazish moʻljallangan.
Muammo va kamchiliklar
Biror soha rivoji, avvalo, uning huquqiy asosi qay darajada mukammal ekaniga uzviy bogʻliq. Shu maʼnoda, bundan chorak asr ilgari qabul qilingan “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi qonun normalari bugungi kun talablariga javob bermay qoʻydi. Jumladan, undagi boʻshliqlar va havolalar, qonunosti hujjatlarning tarqoqligi hamda ekologik ekspertiza xalqaro normalariga mos kelmasligi ekologik ekspertizadan oʻtkazish jarayoni samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qilib kelayotgandi.
Amaldagi qonunda davlat dasturlari, konsepsiyalari loyihalari hamda shaharsozlik hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish tartibi belgilanmagani sababli mazkur strategik hujjatlar amalda ekologik ekspertizadan oʻtkazilmagan. Bu, oʻz navbatida, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategik hujjatlarda koʻrsatilgan tadbirlarni amalga oshirishda qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlgan.
Ushbu qonun bilan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallari va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchining faoliyati tartibga solinmagani hamda loyihachining huquq va majburiyatlari belgilanmagani taqdim etilayotgan loyiha hujjatlarining sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bugun 100 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektning barchasi ham ekologik ekspertiza xulosasiga ega holatda faoliyat yurityapti deb boʻlmaydi. Qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka maʼmuriy javobgarlik belgilangan boʻlsa-da, bu boradagi huquqbuzarliklar davom etmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonun bilan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning atrof-muhitga taʼsir darajasi boʻyicha toifa koʻpligi va ular oʻrtasidagi farqlashning aniq mezonlari mavjud emasligi normani qoʻllash jarayonida tadbirkorlik subyektlarining eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Qolaversa, sohaning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda ekologik ekspertiza yoʻnalishini raqamlashtirishning huquqiy asoslari hamda jamoatchilik ekologik ekspertizasi instituti mavjud emasligi ham sohani demokratik tamoyillar asosida yuritish imkonini bermayapti. Oʻz navbatida, bu kabi muammo va kamchiliklar atmosfera havosi ifloslanishiga sabab boʻlmoqda.
Huquqiy asos va galdagi ustuvor vazifalar
Shu yil 24-fevralda qabul qilingan “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi qonun bugungi globallashuv jarayonida atrof-muhit muhofazasi sohasida muhim huquqiy hujjatdir.
Yangilangan qonun bilan ekologik ekspertizadan oʻtkazishning xalqaro skrining va skouping mexanizmlari joriy etilishi orqali atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha obyektlar toifalari 4 tadan 3 taga tushirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, xizmat koʻrsatish, hunarmandchilik va savdo xizmatlariga yoʻnaltirilgan minglab subyektlar faoliyatiga byurokratik toʻsiqlar qoʻyilishining oldini oladi. Vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirishga olib keladi.
Amaldagi qonunda davlat dasturlari, konsepsiyalari, shaharsozlik hujjatlari kabi strategik hujjatlar ekspertiza obyektlari hisoblansa-da, bunday loyihalarni ekologik ekspertizadan oʻtkazishning huquqiy mexanizmlari mavjud boʻlmagan. Yangi qonunga muvofiq, strategik ekologik baholash tizimi joriy etilishi mazkur hujjatlarda nazarda tutilgan faoliyat oqibatlarini oldindan aniqlash, baholash va tegishli choralar koʻrishga zamin yaratadi.
“Elektron hukumat” prinsiplariga koʻra, atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining huquqiy asoslari belgilab berilmoqda. Ushbu mexanizm tadbirkorlik subyektlari uchun davlat ekspertizasiga oid materiallarni onlayn tarzda taqdim etish va shu tartibda xulosa olishga imkon beradi. Bu esa sohada inson omilini cheklash orqali tadbirkorlik subyektlari ovoragarchiligining oldini olish, tizim shaffofligini taʼminlash, pirovardida korrupsion holatlarga barham berishga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, ekspertizani oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashini tashkil qilish normasi kiritilmoqda. Mazkur norma kollegial kelishuv asosida qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Sohaning xolislik va asoslanganlik prinsiplarini taʼminlaydi.
Qonunda buyurtmachi, loyihachi va ekolog-ekspertning vakolatlariga aniqlik kiritilib, masʼuliyati kuchaytirilmoqda. Loyihachilarga nisbatan malaka sertifikati joriy etilishi va tashkilotlar reytingi yuritilishi samaradorlikni oshirishga zamin yaratadi.
Davlat ekologik ekspertizasi organlari tomonidan 2024-yilda qariyb 32 mingta ekologik ekspertiza xulosasi berilgan boʻlsa, shundan 673 ta loyiha ekologik talablarga javob bermagani sababli rad etilgan. Mana shu jihatdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, yangi qonunda loyihachilarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va loyiha tashkilotlarining reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilangani, oʻz navbatida, ekologik talablarga javob bermaydigan loyiha hujjatlarini tayyorlashning oldini oladi.
Qonun yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarning qulay atrof-muhitga hamda uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlish huquqlarini taʼminlash, shaharsozlik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishning huquqiy asoslarini yaratish, bir soʻz bilan aytganda, ekologik barqarorlikni taʼminlashda dasturilamal boʻladi.
Davlat dasturida globallashuv jarayonida “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytirish, chiqindilar muammosini hal qilish kabi masalalar ekologik ekspertiza faoliyatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab berildi. Keyingi bosqichda ekologik ekspertiza faoliyatining qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish vazifalari belgilangani davlat ekspertiza organlariga katta majburiyat yuklaydi. Xususan, Davlat ekologik ekspertizasi markaziga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha sanoat va ishlab chiqarish korxonalari qamrovini toʻliq taʼminlash hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosalari ijrosini taʼminlash borasida samarali monitoring yuritish vazifasi yuklangan. Ushbu maqsadlarga erishish ekologik barqarorlikni taʼminlash, Parij kelishuviga asosan olingan majburiyatlarni toʻliq bajarish, davlatimizning xalqaro maydondagi imijini oshirishga xizmat qiladi.
Yangilangan qonun umumbashariy ekologik xavflar kuchayib borayotgan bir vaqtda qabul qilindi. Bu mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga zamin yaratadi. Boshqa tomondan esa markazimizning har bir xodimi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Gʻayrat MUHAMEDOV,
“Davlat ekologik ekspertizasi markazi”
davlat muassasasi bosh direktori