Hatto bugungi davrimizda ham inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik toʻliq taʼminlanyapti deyish mushkul. Sayyoramizning qaysidir burchaklarida oʻrmonlar ayovsiz kesilmoqda. Inson omili tufayli kelib chiqqan yongʻin gektarlab yashil maydonlarni kultepaga aylantiryapti.

Bioxilma-xillikni asrashga yetarli eʼti­bor berilmasligi natijasida bir qancha noyob turlar yoʻq boʻlib ketmoqda, koʻplab ekotizim­lar zaxirasi ortga qaytarib boʻlmaydigan ja­rayonga yuz tutgan. Aholi sonining kundan kun­ga koʻpayishi esa tabiiy resurslarga talabni tinimsiz oshiryapti. Bu holat ekologik vaziyat­ni yanada chigallashtiryapti.

Shunday murakkab vaziyatda tabiatga inson omilining taʼsirini kamaytirish va barqaror rivojlanishga erishishning maqbul yechimlari­ni topish xalqaro hamjamiyat zimmasiga katta masʼuliyat yuklagan. Bu muammolarni hal etish uchun dunyo miqyosida koʻplab tashabbuslar ilga­ri surilyapti, bir qator strategiya va dasturlar ishlab chiqilib, ijrosini taʼminlash boʻyicha uzluksiz ish olib borilyapti.

Yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi ham insoniyatning ertangi taqdiriga daxldor ana shunday dolzarb muammolarga oqilona yechim topish, ekologik barqarorlikni taʼmin­lash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejam­korligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir. Qator strategik hujjat­lar doirasida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida bu ishlar yanada kengayib, samarali natijalarga erishildi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimiz­ga yoʻllagan Murojaatnomasida bu boradagi ustuvor vazifalar xususida toʻxtalib, ekolo­gik muvozanatni taʼminlash mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishla­ridan biri ekanini alohida urgʻuladi, mazkur jabhada amalga oshiriladigan muhim vazifa­larni belgilab berdi.

Xususan, ekologik barqarorlikka erishish, yer osti va yer usti boyliklaridan oqilona foy­dalanish, mazkur jabhada xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha keng qamrovli chora-tad­birlar amalga oshiriladi. Jumladan, kelgusi yil Samarqandda Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtiril­gan. Ushbu tadbirlar tarmoqlar, hududlar va biz­nes uchun hamkorlar topish, yangi ekoloyihalarni birgalikda boshlashga katta imkoniyat yaratadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin koʻmir va gazda isitiladigan is­siqxona bor. Ulardan havoga yiliga 137 ming tonna zararli modda chiqadi. Endi koʻmirda filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi. Ularni poytaxt atrofidan koʻchi­rib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yoʻlga qoʻyiladi. Shu maqsadda 200 gektardan kam boʻlmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga oʻtadigan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.

Albatta, ekologiya va atrof-muhit muhofaza­siga bu qadar katta eʼtibor qaratilishi bejiz emas. Kelajak taraqqiyotini oʻylagan har bir davlat bu borada tobora global tus olayotgan eko­logik muammolarga bugun eʼtibor qaratilmasa, ertaga kech boʻlishini yaxshi anglamoqda. Shunga monand ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda, avvalo, tabiiy muvozanatga bezarar usullarni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Mamlakatimizda 2025-yil davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar izchil amalga oshi­rilishi natijasida suv, havo, tuproq musaf­foligini taʼminlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurs tejaydigan texnologiya­larni joriy etish boʻyicha muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, tez surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizning energeti­kaga talabini toʻliq qondirish maqsa­dida “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilyapti. Soʻnggi besh yilda 6 ming megavattli quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tu­shirildi, umumiy generatsiyada “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yetdi.

Yaqinda hamkorlar bilan jami 3,5 ming megavattli 4 milliard 200 million dollarlik yangi “yashil” quvvatlar qurilishiga start beril­di. Bu — 2026-yilning oʻzida 7 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldini olishga zamin yaratishi bilan ahamiyatli.

Qishloq xoʻjaligida suv sarfini kamay­tirish maqsadida irrigatsiya tizimlari be­tonlashtirilyapti. Suvni tejaydigan texno­logiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Natijada suv sarfini kamayti­rishga erishilayotir.

Yurtimizda yiliga 14 million tonna mai­shiy chiqindi hosil boʻladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. Shu bois, soha­dagi ishlarni tashkil etishda ham zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Chiqindi kor­xonalari uchun yangi texnikalar olib berildi. Avvallari davlat monopoliyasida boʻlgan soha­da tadbirkorlikka yoʻl ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi.

Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqin­dini qayta ishlash korxonalari uchun foyda soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada bir qator sanitar-tozalash va chiqindini qayta ishlash korxonalari fao­liyati yoʻlga qoʻyildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. Toʻplash va tashib ke­tish yaxshilangani natijasida ushbu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.

Bu ishlar takomillashtirilib, chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Jumladan, Xitoy kompaniyalari ishtirokida chiqindi­larni qayta ishlash zavodlari qurilishi boshlandi. Loyihalar doirasida yiliga 3,6 mil­lion tonna chiqindi qayta ishlanadi va katta hajmda elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Tabiatni asrash va barqaror rivojlanishga erishishda bu jabhada belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangicha yondashuv asosida sifatli tashkil etish, ekologik qonunchilik ijrosini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi davlat boshqa­ruvi va nazorati tizimini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Prezidentimizning “Eko­logiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ayni yoʻnalishdagi ishlar rivojida muhim dasturulamal boʻldi.

Unga muvofiq, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining tashkil etilishi ekolo­gik muhitni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummil­liy loyihasini amalga oshirish, oʻrmonlarni koʻpaytirish, global iqlim oʻzgarishi oqibat­larini yumshatish, choʻllanishga qarshi kura­shish sohalarida yagona davlat siyosati va nazo­ratini amalga oshirishda muhim qadam boʻldi.

Ekotadbirning muhim natijalari

Inson sogʻlom va uzoq umr kechirishi uchun toza suv, toʻyimli oziq-ovqat bilan bir qatorda havoning sofligi nihoyatda muhim omillar qatorida turadi. Ammo soʻnggi yillarda atmosfera havosining ifloslanishi, chang-toʻzonlar kuchayganini inkor etib boʻlmaydi. Mamlakatimiz va mintaqamizda ham bunday ekologik noxush holatlar tez-tez qayd etilayot­gani barchamizni tashvishga soladi, albatta. Bunda tabiiy omillar qatorida tabiatga antropogen taʼsir ham kuchayib borayotgani ekologik barqarorlikka jiddiy taʼsir etmoqda.

Yaʼni kundan kunga koʻpayib borayotgan sanoat korxonalari, av­totransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar havoning sifati yomonla­shishiga sabab boʻlyapti. Bunday holatlar­ning oldini olish va ekologik muvozanatni yax­shilash borasida qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, Toshkent shahri va Toshkent viloya­tida atmosfera havosining ifloslanish dara­jasini pasaytirish hamda tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida reyd tad­birlari oʻtkazildi.

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmi­tasi maʼlumotiga koʻra, 2025-yil 25-noyabrdan 24-dekabrgacha boʻlgan davrda atmosfera havosi­ni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan 3700 dan ziyod obyekt tekshirildi. Bu jarayonda 1128 ta huquqbuzar­lik holati aniqlanib, maʼmuriy hujjatlar rasmiylashtirildi. Atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatgan yuzdan ortiq obyekt faoliyati 10 ish kunigacha boʻlgan muddatga vaqtincha toʻxtatildi. Yuzga yaqin issiqxonada chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatildi. 6 ta issiqxona gaz tarmoqlariga ulandi.

Davlat dasturi doirasida bu yoʻnalishda­gi ishlar yil davomida tizimli amalga oshi­rildi. Xususan, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 504 ming avtomobil ekologik meʼyorlarga muvofiqligi boʻyicha tekshirildi. 122 ta sanoat korxonasida chang-gaz tozalash qurilmalari oʻrnatildi. AI-80 benzinini ishlab chiqarish toʻxtatildi, joriy yildan boshlab esa savdosi toʻliq cheklandi. Avtotran­sportlarga ekostiker tizimi joriy etildi. “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkor­likda poytaxtimizda 7 avtomatik havo moni­toringi stansiyasi oʻrnatildi. 74 ta korxonada mahalliy tozalash inshootlari modernizatsiya qilindi, ikki ming gektar yer rekultivatsiya­dan oʻtkazildi.

“Yashil makon” tashabbusi doirasida 200 million tupdan ortiq daraxt va butalar ekil­di, “Mening bogʻim” loyihasi orqali 208 ta “yashil bogʻ” va jamoat parklari barpo etildi. Sanoat korxonalari atrofida 10 million tup koʻchat ekilib, koʻkalamzor hududlar yaratildi. Bu chora-tadbirlar yurtimizda suv, havo, tuproq sofligini saqlash, ekologik muammolarning inson hayoti va salomatligiga salbiy taʼsiri­ni kamaytirishda oʻz samarasini bermoqda.

Ayni paytda poytaxtimizda ekologik muvo­zanatni yanada yaxshilash maqsadida shaharning 4 ta qismida sunʼiy koʻl va havzalar qurish ishlari olib borilyapti. Shahrimizda soya-salqin hududlarni kengaytirish, yashil bogʻlarni koʻpaytirish boʻyi­cha alohida dastur boshlanadi. Shuningdek, shahar drenaj tizimining master-re­jasi ishlab chiqilib, shu yildan qurilish ishlari boshla­nishi eʼlon qilindi. Dastur doirasida 150 kilo­metr yopiq drenaj ti­zimini qurish, 197 kilo­metr kanal va kollektorlarni taʼmirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish reja­lashtirilgan. Yomgʻir suvini yigʻadigan 17 ta inshoot barpo etildi. Bu suv daraxt va yashil hududlarni sugʻorishga ishlatiladi.

Barqaror rivojlanish asosi

Sayyoramiz taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq boʻlayotgan yana bir dolzarb ekologik muam­mo iqlim oʻzgarishidir. Buning oldini olish uchun issiqxona gazlarini kamaytirish, ular­ning chiqarilishini cheklash lozim. Shu maq­sadda BMT tomonidan qabul qilingan Parij bitimi mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan. Uning doirasida issiqxona gazlari tashlanmalarini kamaytirish va “yashil” ri­vojlanish tamoyillarini hayotga tatbiq etish belgilangan.

Shu maqsadda “Issiqxona gazlari chiqa­rilishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Prezidentimizning 2025-yil 7-iyul­dagi “Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ham bu borada muhim huquqiy asoslardan biri boʻldi. Ushbu hujjatlarda belgi­langan vazifalar oʻz vaqtida bajarilishi mam­lakatimizning issiqxona gazlari emissiyasini global miqyosda kamaytirishga qoʻshayotgan his­sasini yanada kengaytirish hamda xalqaro ugle­rod birliklari bozoriga chiqishini tashkil etish orqali investitsiyalarni jalb qilish, atrof-muhit yaxshilanishiga hamda iqtisodi­yot barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Ayni yoʻnalishdagi ishlar samaradorligi­ni oshirishda oʻrmonlarni va yashil hududlar­ni kengaytirishning ahamiyati beqiyos. Zero, oʻrmonlar tabiiy muvozanatni saqlash, havo sofligini taʼminlash va barqaror rivojla­nishning muhim omilidir. Shu bois, mamla­katimizda oʻrmon maydonlarini kengaytirish va degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash boʻyicha choralar izchil kengaytirilmoqda.

2025-yilda oʻrmonlarni barpo etish va tiklash ishlari 150,7 ming gektar maydonni qamrab oldi. Oʻrmon-melioratsiya tadbirlari­ning asosiy hajmi Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududiga qaratildi, u yerda 145,2 ming gektar oʻzlashtirildi. Eng katta maydonlar Moʻynoq tumaniga toʻgʻri keladi, u yerda 90,5 ming gektarda oʻrmonzor barpo etilgan. Shuningdek, Buxoro viloyati­ning bir qator tumanlari, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ham sezilar­li ishlar amalga oshirildi. Boshqa hududlarda yana 5,5 ming gektar oʻr­mon barpo etildi.

Shu bilan birga, koʻchatxonalarni rivojlantirish va oʻrmon xoʻjaligining moddiy bazasini mustahkamlash boʻyicha tizim­li ishlar olib borilmoqda. Koʻkalamzorlashti­rishda barqaror surʼatlarni taʼminlash uchun oʻtgan yili 979 tonna daraxt va buta urugʻlari tayyorlandi. Oʻrmon xoʻjaliklarida 1300 gektar maydonda zamonaviy koʻchatxonalar tashkil eti­lib, u yerda mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan 123 million tup koʻchat va nihollar yetishtirildi.

Tuproq degradatsiyasining oldini olish­ga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yili choʻl va togʻoldi hududlarida 1390 gektar maydonda himoya oʻrmon chiziqlari yaratil­di. Bu tuproq eroziyasi va shamol taʼsiri­ni kamaytiradi. Togʻli va adir hududlarda 41 gektarda oʻrmonlar terrasalash usuli bilan barpo etildi, bu esa nishablarni samarali mustahkamlash va tabiiy landshaftlarni saqlash imkonini beradi. Qoʻshimcha yoʻnalish sifatida dorivor va oziq-ovqat oʻsimliklari plantatsiya­larini rivojlantirish maqsadida 5890 gektar maydonda 7918 tonna mahsulot yetishtirildi.

Oʻrmon fondidan foydalanish samarador­ligini oshirish doirasida avval past samara­li deb topilgan 4842 gektar yer oʻzlashtirildi. Bundan tashqari, 1530 gektar oʻrmon fondi uchastkalari onlayn-auksionlar orqali ija­raga berildi. Bu esa xususiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasida tad­birkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

Islohotlarning yana bir yoʻnalishi ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish boʻldi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi eksperi­mental plantatsiyalar yaratildi. Arnasoy tu­manida shoʻrga chidamli oʻsimliklarning yangi galofit bogʻini yaratish ishlari boshlandi. Natijada mamlakatimiz hududini qoplagan oʻrmonlar maydoni 4,7 million gektarga yetdi.

Elektromobillardan foydalanish ragʻbatlantiriladi

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning qamrovi keng, kutilayotgan nati­jalar esa ancha salmoqli. Zero, tabiat bizning yak­kayu yagona yashash makonimiz, tirikligimizning muhim manbai. Shu bois, bu jabhadagi islohotlar izchil davom etishi va dolzarb ekologik muam­molarning yechimini topish yoʻlidagi saʼy-harakatlar bar­davom boʻlishi bugungi va kelajak avlodlar oldidagi ezgu vazifamizdir. Shu maʼnoda, Prezidentimizning parlament va xalqimizga Murojaatnomasida jamiyatni yuksaltirishning muhim yoʻnalishlari qatori­da ekologik masalalar yechimiga ustuvor ahamiyat qaratilgani davlatimizning bu boradagi uzoq muddatli strategik siyosatining yaqqol ifodasi boʻldi.

Xususan, Murojaatnomada ekologik mu­vozanatni taʼminlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, sanoatni mo­dernizatsiya qilish va zararli chiqindilarni kamaytirish, atrof-muhitga salbiy taʼsir­ni kamaytirish maqsadida yirik korxonalar uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi. Ushbu mablagʻlar atmosfera havosiga chiqariladigan zararli moddalarni kamayti­rish uchun filtrlar, tozalash inshootlari va chiqindilarni monitoring qilish stansiyala­rini oʻrnatishga yoʻnaltiriladi.

Murojaatnomaning alohida qismi elek­tromobillardan foydalanishni ragʻbatlan­tirishga bagʻishlandi. Qayd etilganidek, ekologik toza transport vositalari sonini oshirishga qaratilgan besh yillik dastur amalga oshiriladi. Dastur doirasida mahal­liy elektromobillar uchun avtokreditlar 12 foiz, import elektromobillar uchun esa 16 foiz stavkada taqdim etiladi. Zaryadlash stan­siyalarini tashkil etayotgan tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi.

Shuningdek, yer uchastkalarini auksionlar­da bozor narxidan ikki baravar arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi. Elektromo­billarni quvvatlashda 1 kilovatt-soat uchun 300 soʻmdan oshgan elektr energiyasi xarajatla­rining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Elektromobillarda taksi xizmati­ni koʻrsatayotgan fuqarolar uchun ham qoʻshimcha imtiyozlar belgilangan.

Chang-toʻzonlarning oldini olish maqsadida Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydon­da “yashil makon” hududi barpo etiladi, Sir­daryo viloyatida esa 84 kilometr uzunlikdagi “yashil devor” tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida jami 250 ming gektar maydonda, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Har bir hududda botanika va dendrologiya bogʻlari, shuningdek, kamida 20 ta soya-salqin sayr yoʻlaklari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz yaqin besh yil ichida korxo­nalarda ekostandartlarni joriy etish kamida 30 ming nafar ekologik menejer tayyorlashni talab etishini taʼkidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda har bir hududda “yashil” tex­nikumlar tashkil etilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafargacha mutaxassis tayyor­lash yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengayti­riladi. Havo, suv va tuproq sifatini baho­lashga moʻljallangan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy shamolla­tishni kuchaytirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ham olib boriladi.

Umuman olganda, 2026-yilda ekologiya soha­sini rivojlantirish uchun 1 trillion 900 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi reja­lashtirilgan.

Sohaga qaratilayotgan bunday eʼtibor tabiatga mehrli munosabat orqali kelajak avlodlarga unumdor yer, zilol suv, musaffo havoga ega boʻlgan goʻzal Vatanni meros qilib qoldirishdek ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqa­rish yoʻlida qoʻyilgan muhim qadamlardir. Tabiiyki, ezgu niyatlar amalga oshishi uchun butun jamiyatimiz yakdil va hamnafas boʻlishi ayni muddao. Zero, tabiat har bir insonga ona­dek aziz. Shunday ekan, uning bagʻri butun va barqaror boʻlishi har birimizning farzandlik mehrimiz va eʼtiborimizga bogʻliq.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri