Muzokaralar chogʻida Hindiston Eksimbanki mutaxassislari bank faoliyatining yoʻnalishlari, shu qatorda turli xil ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish sohasidagi xalqaro sheriklar (davlatlar, banklar va boshqalar) bilan hamkorlik boʻyicha batafsil maʼlumotlarni taqdim etdi.
Tomonlar oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashdi. Ular doirasida Hindiston banki ishtirokida Oʻzbekistonda ijtimoiy ahamiyatga molik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etildi. Jumladan, taʼlim, uy-joy kommunal xoʻjaligi, transport infratuzilmasi va boshqa sohalarda qoʻshma dasturlar amalga oshirilishi mumkin. Muzokaralar yakunida bunday maslahatlashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazishga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Hindiston Eksimbanki Oʻzbekistonning azaliy sherigi boʻlib, uning ishtirokida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va boshqa loyihalar amalga oshirib kelinyapti.
Hindiston Eksimbanki kichik va oʻrta biznesning eksport krediti sohasidagi yetakchi davlat bankidir. Moliya muassasasining kredit liniyalari mahsulotlar, xizmatlar, texnologiyalar va uskunalar eksportini qoʻllab-quvvatlashning asosiy moliyaviy mexanizmi hisoblanadi. Ular chet el hukumatlari, milliy va mintaqaviy rivojlanish banklari, xorijiy moliyaviy institutlar va tijorat banklari foydasiga ochilishi mumkin, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.