Ekspert guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarini koʻzdan kechirdi

    Saylov 20 Avgust 2024 589

    Saylov qonunchiligiga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi hamda besh kunlik muddatda tekshirib chiqishi belgilab qoʻyilgan.

    Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 10-avgustda “Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish toʻgʻrisida” qaror qabul qilingan edi.

    Ekspert guruhi aʼzolari tarkibiga Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasining xatshunos ekspertlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etildi.

    Ushbu ekspert guruhlari tomonidan Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining tegishli Nizom talablariga qatʼiy rioya qilgan holda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni, shu jumladan siyosiy partiyalarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini, imzolarning haqiqiyligi tekshirish jarayonlari boʻlib oʻtdi. Imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etdi.

    Ekspert guruhlari tomonidan tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridan teng nisbatda tanlab olindi.

    Ekspert guruhi aʼzolari imzo varaqasining toʻgʻri toʻldirilganligiga, tuzatishlarga yoʻl qoʻyilganiga, oʻchirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan toʻldirilganligiga, oʻxshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga eʼtibor bergan holda har bir imzo varaqasini koʻzdan kechirdilar.

    Vizual tekshiruvda nuqsonlar yoki shubhali holatlar aniqlangan imzo varaqalari puxtaroq tekshirish uchun saralab olinib, sohaning professional mutaxassislari boʻlgan kriminalist, xatshunos ekspertlar tomonidan yozuvlarni kattalashtirib koʻrsatuvchi maxsus asboblar yordamida diqqat bilan tekshirildi.

    Agar MSK tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

    Ekspert guruhlari imzo varaqalarini tekshirish natijalariga koʻra yakuniy xulosa tayyorlaydi. Markaziy saylov komissiyasi Ekspert guruhlarining xulosasini inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishi va deputatlikka nomzodlar koʻrsatishiga ijozat berish masalasini koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.