Yurtimizda soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda bajarilayotgan keng koʻlamli ishlar, uzoq yillar davomida eskicha tizimda ishlab kelgan qishloq xoʻjaligi sohasini tubdan isloh qilish, unga ilgʻor va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar oziq-ovqat sanoatini butunlay yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu, ayniqsa, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, meva-sabzavot yetishtirish, ishlab chiqarish va eksport qilishdagi yuqori koʻrsatkichlarda yaqqol aks etmoqda.
Bugun eksport qilingan meva-sabzavotlarimiz dunyoning turli burchaklarigacha yetib boryapti. Oxirgi yillarda mahsulotlarni MDH mamlakatlaridan tashqari yirik tashqi bozorlar — Xitoy, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Boltiqboʻyi davlatlariga eksport qilish yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatimizda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashda sifatning yaxshilanishi, qadoqlash jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarning qoʻllanilishi hisobiga dunyoda oʻzbek mahsulotlari, ayniqsa, gilos, anor, qovun, quritilgan mevalar, yongʻoq va uzumga talab ortib bormoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida umumiy qiymati 416,6 million dollarga teng 720,4 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilindi. Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Qozogʻiston (31,3 foiz), Rossiya Federatsiyasi (25,6 foiz), Qirgʻiziston (17,1 foiz), Afgʻoniston (5,8 foiz), Xitoy (3,2 foiz), Pokiston (3,1 foiz) va Ukraina (2,0 foiz) hissasiga toʻgʻri kelgan.
— Avvalgiga nisbatan bugungi natijalarimiz yomon emas, ammo yurtimizning bu boradagi imkoniyatlarini hisobga olsak, hali qilishimiz kerak boʻlgan ishlar juda koʻp, — deydi Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov. — Yillar davomida qishloq xoʻjaligi sohasida toʻplanib qolgan muammolar, oʻtgan davr mobaynida sohada deyarli tub islohotlar oʻtkazilmagani, yerga yangicha, zamonaviy hamda ilmiy yondashuv bilan qaralmagani, yerlar asl egalariga berilmagani bois qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishda barini boshidan boshlashga toʻgʻri keldi. Achinarlisi, hozir ham odamlarimizda yerga koʻr-koʻrona yondashuv, ekinni tezroq yerga qadab, tezroq hosil olish va sotishga intilish bor. Biroq biz jahon bozoriga chiqayotgan ekanmiz, avvalo, sifatli va xalqaro standartlar talablariga javob beradigan mahsulotlar yetishtirishga eʼtibor qaratishimiz lozim. Bu borada qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, klaster, kooperatsiya va plantatsiyalar tashkil etish muhim ahamiyatga ega boʻlib, ular tizimni tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.
Diversifikatsiya — qishloq xoʻjaligida zamonaviy yondashuv
Qishloq xoʻjaligini isloh qilish haqida gapirilgan ilk kunlardanoq bu borada eski tizimdan voz kechib, sohaga yangicha yondashuvni olib kirish, hududlarni bir xil mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish, aholiga ekin ekishdan tortib, mahsulotlarini sotishga koʻmaklashadigan “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, joylarda jahon tajribasida keng ommalashgan klasterlar, kooperatsiyalarning tashkil etilishi sifatli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni jadallashtirdi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida respublikamizning barcha hududlaridagi tumanlarda mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan koʻplab ana shunday qishloq xoʻjaligi kooperativlari, klasterlari tashkil etilib, ular orqali minglab kam taʼminlangan, ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanmoqda.
Bugungi kunda sohani rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalashga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Jahon amaliyotida keng qoʻllanilayotgan ushbu atama lotincha “diversifikatsion” soʻzidan olingan boʻlib, oʻzgartirish, xilma-xil taraqqiyot maʼnolarini anglatadi. Uning lugʻaviy maʼnosi islohiy maʼnosidan ayro boʻlmagan holda, ishlab chiqarilgan mahsulot assortimenti, yaʼni turini koʻpaytirish, yangi isteʼmol bozorlarini izlab topish, ishlab chiqarishning yangi koʻrinishlarini oʻzlashtirish kabi tushunchalarni beradi.
— Qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish bevosita fermer xoʻjaliklarini diversifikatsiyalashga bogʻliq boʻlib qolmoqda — dedi Muxtor Umarov. — Sohadagi islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, eng muhimi, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotini yana-da yuksaltirish, qishloq joylarda aholi turmush darajasini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, oʻz navbatida, fermer xoʻjaliklari faoliyatini diversifikatsiyalashni taqozo etmoqda. Boisi, diversifikatsiyaning asosiy maqsadi fermerlarning bozor konyunkturasi oʻzgarishini oʻz vaqtida ilgʻay olish va xoʻjalikning iqtisodiy faoliyatini barqarorlashtirishdan iborat.
Dunyo tajribasida allaqachon plantatsiyalar, kooperatsiyalar tashkil etib, ularning atrofida dehqon, fermerlarni birlashtiradigan, tizimni boshqaradigan liderlar bilan ishlash yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Turkiya yoki Niderlandiyada klasterlar, dehqon xoʻjaliklari yoki dehqon birlashmalari tashkil qilinib, ularga birikkan har bir oila, har bir fermerga 1,5-2 gektardan yer beriladi. Ularni bitta yetakchi boshqaradi, yaʼni u klaster yoki plantatsiyaga tegishli barcha moliyaviy, huquqiy va boshqa muammolarni hal etishni oʻz zimmasiga oladi. Xaridor yoki bank xodimlari hamma masalalarni klaster rahbari bilan kelishadi. Tabiiyki, klaster yoki kooperatsiyada harakatlanayotgan lider bu borada tajribaga ega, tashqi yoki ichki bozordagi xaridorlar bilan aloqa oʻrnatgan boʻlishi talab etiladi. Jarayonda lider oldindan buyurtma shartnomasini imzolaydi va shu asosda klaster yoki kooperatsiyadagi dehqon va fermerlarga buyurtma beradi. Mazkur tizim texnikalar yetishmovchiligiga ham barham beradi. Chunki bitta klasterga bitta texnika, bitta omborxona yetarli boʻladi. Ular texnikadan kelishgan holda, galma-gal foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali ortiqcha sarf-xarajatni tejab qoladi.
Davlatimiz rahbari 23-iyul kuni qishloq va suv xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yana-da rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2021-yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bogʻlar barpo etib, yangi tartib asosida aholiga 1-1,5 gektardan yer tarqatgan holda 2-2,5 ming oilaning bandligini taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar berdi. Meva-sabzavotchilik kooperativ va klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 212 million dollar ajratilishi belgilandi.
Tashkil etiladigan plantatsiyalar tarkibidagi oilalar soni qancha koʻp boʻlsa, yetakchilarda xorijga koʻproq mahsulot yetkazib berish boʻyicha yirik shartnomalar tuzish imkoniyati shuncha katta boʻladi. Klaster, kooperatsiya yoki plantatsiya rahbari qoʻl ostidagi dehqon va fermerlar, oilalarga koʻchat, urugʻlik yetkazib berishdan tortib, yetishtirilgan mahsulotni yaxshi narxda eksport qilib berishgacha boʻlgan jarayonni oʻz zimmasiga olishi aholi uchun qulaylik yaratadi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ushbu jarayonlar samaradorligini oshirishda klaster, plantatsiyalar tarkibida ilmiy markazlar tashkil etish, ularda dehqon va fermerlarga zarur bilim va koʻnikmalarni berish tashabbusi ilgari surildi. Biz ilm-fan taraqqiy etgan davrda yashayapmiz. Demak, har bir soha, hatto dehqonchilikka ham ilmiy yondashish talab etiladi. Klaster yoki kooperatsiya rahbari yangi bozorlarga chiqish, koʻproq foyda keltiradigan mahsulotlarni topib, ularni koʻpaytirish texnologiyasini amaliyotda qoʻllash boʻyicha zarur bilimlarga ega boʻlsa, hosildorlik ham, daromad ham yildan yilga ortib boradi.
Imtiyozlar eksport salohiyatini oshirmoqda
Bugun meva-sabzavot ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan tadbirkorlarga qator imtiyozlar, zarur sharoitlar yaratilib, ayrim mahsulot turlari bojxona toʻlovlaridan ozod qilinayotgani, zamonaviy issiqxonalar qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotgani yurtimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Qashqadaryo parnik taraqqiyot invest” MCHJ korxonasi rahbari Asomiddin Rahmonov ham ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy issiqxona qurishga qaror qilganida Qarshi shahri hokimligi uning tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, 32 gektar yer maydoni ajratib berdi. Ishni boshlash uchun bank tomonidan tadbirkorga 7 yilga 6 foizli stavka asosida xorijiy liniyaning valyuta krediti hisobidan 5 million AQSH dollari berildi. Tadbirkor 14 gektar yerda gidroponika usulidagi innovatsion issiqxonani ishga tushirib, 240 nafar yoshni ish bilan taʼminladi. Bozor talablaridan kelib chiqib, hozir issiqxonaning 10 gektarida pomidorning pushtirang navi, 4 gektarida esa bodring yetishtirilmoqda.
— Prezidentimiz 2016-yildayoq gidroponika usulidagi issiqxonalar qurish, qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida innovatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda jahon talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish haqida gapirganida koʻpchilik uchun bu tasavvur etish qiyin boʻlgan jarayon, amaliyotda deyarli qoʻllanilmagan yangilik edi, — deydi “Qashqadaryo parnik taraqqiyot invest” MCHJ korxonasi rahbari Asomiddin Rahmonov. — Lekin davlatimiz rahbarining qatʼiy saʼy-harakatlari, ishbilarmonlikni qoʻllab-quvvatlash, barcha sohalarga ilgʻor texnologiyalarni olib kirishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlari bilan xalq chin maʼnoda tadbirkorlikka oʻrgandi. Amaliyotga faol tatbiq etilayotgan farmon va qarorlar bilan oʻz ishini ochish istagidagi yoshlar oldida toʻsiq boʻladigan barcha gʻovlar olib tashlandi. Bugun haqiqatan ishlagan odam yaxshi yashaydigan zamon keldi. Faqat mashaqqatlardan qoʻrqmasdan, oʻz oldiga qoʻygan maqsadi sari dadil harakat qilish kerak, xolos.
Asomiddin aka yil soʻngiga qadar mahsulotlarni qayta ishlashga moʻljallangan 2 ta mini sexni ishga tushirish loyihasi ustida ishlayapti. Unga koʻra, issiqxonada pishib yetilgan qishki mahsulotlarni dunyo bozorlariga eksport qilish, yozgilarini esa sexlarda qayta ishlab, tomat, konserva kabi tayyor mahsulotlarga aylantirish koʻzlangan.
Yurtimizda meva-sabzavot eksporti boʻyicha nafaqat mahalliy, balki xalqaro loyihalarni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Ulardan biri USAIDning qishloq xoʻjaligida qiymat zanjirini rivojlantirish (AVC) loyihasi boʻlib, shu kunga qadar loyiha doirasida yurtimizdagi 600 dan ortiq agrobiznes vakili faoliyatiga koʻmak berildi. Mutaxassislar 2018-2019-yillarda hamkor fermerlar hosili 79 foiz, yillik daromadlari 38 foiz oʻsishiga hissa qoʻshdi.
Ayni paytda loyiha aʼzolari 280 dan ortiq meva-sabzavot ishlab chiqaruvchi korxona bilan hamkorlik qilmoqda. Loyiha doirasida yurtimizdagi meva-sabzavot eksport qiluvchi 70 dan ortiq kompaniyaga amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
20 yildan buyon meva eksporti bilan shugʻullanib kelayotgan RedPack MCHJ rahbari Rahmonberdi Salamatov ham loyiha koʻmagida oʻz biznesini kengaytirishga erishdi.
– Biznesimni boshlaganimda bor-yoʻgʻi 3 ta xodimim bor edi, – deydi Rahmonberdi Salamatov. – Hozir esa 30 kishini ish bilan taʼminlaganman. 1994-yilda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida qovun ekiniga ixtisoslashgan biznesni boshlaganimda meva va sabzavot eksport qiluvchilar uchun koʻplab sunʼiy toʻsiqlar bor edi. 2017-yildan boshlab bu tizimni tartibga solish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar eksport hajmining oʻsishi va ushbu sohaga kirishni istagan yangi tadbirkorlar soni ortishiga turtki berdi.
2017-yilda Rahmonberdi akaning USAIDning qishloq xoʻjaligida qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi mutaxassislariga murojaati asosida ular kompaniyani latviyalik meva importyori bilan bogʻladi va ikki tomonlama hamkorlik aloqalari oʻrnatilishiga erishildi. Hozirga qadar RedPack kompaniyasi Latviyaga 187 ta mashinada qovun joʻnatishga muvaffaq boʻldi. Har yili bu koʻrsatkich 20 foiz oshmoqda. 2020-yilgi mavsumda Rahmonberdi aka Belarus, Latviya, Germaniya va Ukrainaga qoʻshimcha yuklarni yetkazib berish boʻyicha 3 million dollarlik 6 ta yangi shartnoma imzolagan.
Mamlakatimizda meva-sabzavotni qayta ishlash sohasi ham kun sayin rivojlanib bormoqda. Ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, yirik korxonalar egalariga imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga soʻnggi yillarda tizimda sezilarli yutuqlar koʻzga tashlanyapti. Bu boradagi muvaffaqiyatlarni koʻplab klasterlar, xususan, Toshloq tumanidagi “Oʻz-Segang” koreys-oʻzbek qoʻshma korxonasi faoliyati misolida ham koʻrishimiz mumkin. Hozir barcha turdagi meva-sabzavotlarni qayta ishlash yoʻlga qoʻyilgan mazkur korxona yiliga 16 ming tonna mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega. Quvonarlisi, bunday yirik korxonlar soni yurtimizning barcha hududlarida kun sayin ortib bormoqda.
Xalqaro standartlar — eksport kafolati
Oziq-ovqat eksporti haqida gap borganida, eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan yana bir muhim jihat mahsulotning jahon standartlari talabiga javob berishi hisoblanadi.
Oxirgi yillarda bu yoʻnalishda ham sezilarli oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Koʻplab dehqonlar, fermer xoʻjaliklari va meva-sabzavot eksporti bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga Global G.A.P, Organic, NASSR kabi xalqaro sertifikatlarning berilishi noanʼanaviy bozorlar, jumladan, Yevropa davlatlariga yoʻl ochmoqda.
— Xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritish koʻpchilik oʻylaganidek tez va oson kechadigan jarayon emas, — dedi Muxtor Umarov. — Buning uchun yillab vaqt kerak boʻladi. Masalan, dehqon yeriga gilos ekayotgan boʻlsa, yeri, suvining tarkibi va sifatidan tortib daraxtlarning navi, hosildorlik darajasigacha tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak boʻladi. Barcha jarayonlar tahlildan muvaffaqiyatli oʻtib, talabga javob beradi, deb topilganidan keyingina xalqaro sertifikat beriladi.
Bundan tashqari, mahsulot jahon bozorida oʻz oʻrnini topishi uchun eksportyor tinimsiz oʻz ustida ishlab, meva-sabzavot sifati, uzoq yoʻlga chidamliligi, eng muhimi, xaridor topishda bilim va tajribaga ega boʻlishi lozim. Bugungi kunda koʻplab tadbirkorlar, dehqon va fermer xoʻjaliklari ana shu jihtlarni oʻrganib, koʻnikmalar hosil qilishi, ularga berilayotgan qator imtiyozlardan toʻgʻri foydalanishi natijasida eksport borasida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ham taʼkidlashimiz joiz. Ayniqsa, vodiy ahli bu borada yetakchilik qilmoqda.
Aytish kerakki, bugun barcha hududlarda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish, odamlarni ish bilan taʼminlash, ishlab chiqarish va eksportni rivojlantirish davlat iqtisodiyotining muhim qismiga aylandi. Joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida respublikaning 55 ta tumani meva-sabzavotchilikka toʻliq ixtisoslashtirildi. Yurtimidagi 4 ta viloyat — Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Navoiyda jami 18,5 ming gektar, xususan, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida gʻalla maydonlari toʻliq qisqartirilib, oʻrniga meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Oltiariqda 1 350 gektarda voyish usulida yangi tokzorlar, Quvada 950 gektarda anorzor va Quvasoy shahrida 700 gektar maydonda gilos plantatsiyalari barpo etilmoqda.
Bu borada amalga oshirilishi rejalashtirilgan kelajak loyihalar ham bisyor. Prezidentimizning 2020-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oziq-ovqat sanoati yoʻnalishida 568,8 million dollarlik 49 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, meva-sabzavot tarmogʻi va qayta ishlashda qiymati 332,9 million dollar boʻlgan 24 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, 2020-2022-yillarda davlat investitsiya dasturiga qoʻshimcha ravishda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish yoʻnalishida umumiy qiymati 5,83 trillion soʻm boʻlgan 529 ta yangi loyiha ustida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz raisligida 23-iyul kuni oʻtkazilgan yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya qilish boʻyicha 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan Jahon banki bilan kelishuvga erishilgani alohida taʼkidlandi. Aytish joizki, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta ilm va innovatsiyani rivojlantirib, tarmoqda boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida shu yoʻnalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investitsiyasi va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Yigʻilishda sohani rivojlantirishga ajratilayotgan mablagʻlarni toʻgʻri yoʻnaltirib, bir soʻmni ikki soʻm qiladigan loyihalarni ishlab chiqish, buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va eksportga tayyorlash quvvatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ushbu kelajak loyihalar, aniq chora-tadbirlarning bari qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yana-da yaxshilash, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va, albatta, Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning barcha burchaklariga yetib borishini taʼminlashga xizmat qiladi.
“Bizga buyurtma portfeli zarur”
Oziq-ovqat yetishtirish va yirik shartnomalar imzolashda bizdan oʻzadigan davlatlar koʻp.
— Soʻzsiz, meva yetishtirish va eksport qilish boʻyicha Oʻzbekiston soʻnggi yillarda yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshildi. Ayniqsa, oʻrik, gilos, anor mevalariga xorijda talab ortib bormoqda. Biroq mavjud talabni sifatli qondirish, eksport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun bizga buyurtma portfeli zarur, — dedi Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov. — Buyurtmalarni muvofiqlashtiruvchi organlar bilan klasterlar, kooperatsiyalar, plantatsiyalarni rivojlantirishimiz zarur. Hozircha bizda katta-katta plantatsiyalar yoʻq. Barcha ekin maydonlari kichkina tomorqalarga boʻlingan. Ulardan mahsulotlarni yigʻib, bir joyga jamlab, eksport qilish bilan shugʻullanadigan brokerlar sinfi, “Tomorqa xizmati” MCHJlar shakllangan. Toʻgʻri, bu tadbirkorlar oʻz faoliyati va vakolati doirasida aholiga mahsulotlarini sotishda yaqindan yordam beryapti. Ammo mamlakatlar oʻrtasida yirik shartnomalar imzolash uchun muvofiqlashtiruvchi organlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish talab etiladi.
Yurtimizda bu boʻyicha zarur ishlar boshlangan. Vazirlar Mahkamasining iyun oyida muhokamaga qoʻyilgan “Xalqaro bozorlarda tan olingan sifat va muvofiqlik standartlarini (Global G.A.P, Organic, NASSR va boshqalar) joriy etishga koʻmaklashuvchi mexanizmlarni ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida ayni shu masalaga eʼtibor qaratilib, tegishli tashkilotlarga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti boʻyicha buyurtma portfelini shakllantirish vazifasini yuklatish koʻzda tutilgan. Ishonamizki, yaqin yillarda bu ish amalga oshiriladi. Ayni kezda Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi ham buyurtmalarni muvofiqlashtiruvchi organlar qatorida boʻlishga intilmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri