Prezidentimizning mamlakatimiz tarixida ilk bor o'tkazgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvida biznes sohasiga doir muammo va kamchiliklar haqida batafsil gaplashib olindi. Shu bois ham ishbilarmonlarning yillar davomida intiqib kutgan mazkur yuzma-yuz suhbati chinakam muloqot platformasiga aylandi. Qolaversa, unga hozirlik jarayonining o'zida 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslarning tushgani, ularning ko'pchiligi o'z joyida hal etilgani nechog'lik katta iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyat kasb etganini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Davlatimiz rahbarining eksportyor korxonalarni qo'llab-quvvatlash, yangi bozorlarga chiqishni rag'batlantirish va ularga ko'rsatilayotgan transport xarajatlari qoplashni yanada oshirish yuzasidan bildirgan takliflari boshqa tadbirkorlar qatori meni ham quvontirdi. To'g'ri, ayni kezda ham bunday xizmatlarni qisman qoplash, yuklarni bojxona orqali o'tkazish bo'yicha yangi tizim yo'lga qo'yilgan. Xususan, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 millard so'mdan ziyod moliyaviy yordam ko'rsatilishi tufayli ular tomonidan qariyb 800 million dollarlik eksport amlga oshirildi. Uchrashuvda yil yakuniga qadar bu miqdorni ikki milliard dollarga yetkazish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Muloqot chog'ida boshqa tadbirkorlar qatori men ham Prezidentimizga bevosita o'z takliflarimni bildirish imkoniyatiga ega bo'ldim. Korxonamiz 20 yildan ziyod vaqt mobaynida erkaklar kostyumlari, pidjaklar, shim va paltolar, shuningdek, maxsus kurtkalar tayyorlash va ularning ulgurji savdosi bilan shug'ullanib keladi.
To'qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar o'z samarasini beryapti. Masalan, korxonamizda 2015-yilda 100 kishi ish bilan ta'minlangan bo'lsa, so'ngi bir yarim yilda pandemiya sharoitiga qaramay, ular soni 500 nafarga etdi. Avvallari mahsulotlarimiz eksporti 200 ming dollar atrofida bo'lsa, endilikda uning hajmi 4,5 million yevroni tashkil etyapti. Ular Germaniya, Avstriya, Ispaniya, Polsha, Angliya, Rossiya, Qozog'iston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Joriy yil aprel oyi boshidan mamlakatimizda Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi preferentsiyalari amal qila boshlashi tufayli eksportimiz geografiyasini kengaytirishga muvaffaq bo'ldik. Bu bizga Yevropa bozoriga kirishda 12 foizgacha imtiyoz berib kelyapti. Biroq, transport tariflarining yuqoriligi bu bozordagi raqobatda katta muammo tug'dirib kelayotgan edi.
Shu fikrlarni bildirib, o'z mahsulotlarini eksport qiluvchilarga transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun 50 foiz miqdorda qo'shimcha imtiyoz taqdim etish taklifini ilgari surdim.
Prezidentimiz ushbu taklifni qo'llab-quvvatladi va boshlanishiga 1 yil muddatga transport xarajatlarini qoplash uchun imtiyozlarni 50 foizgacha oshirish bo'yicha mutassaddi rahbarlarga topshiriq berdi. Bu o'zgarish nafaqat to'qimachilik sanoati sohasidagi tadbirkorlarga, balki yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi barcha ishlab chiqaruvchilarga tatbiq etiladigan bo'ldi. Korxonalarga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan qo'shilgan qiymat solig'ini qaytarib berish tartibining endilikda barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etilishi ular faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Anna DOBRIX,
Namangan viloyatidagi “Iftihor kiyim sanoat” MCHJ rahbari,
Oliy Majlis Senati a'zosi