“El-yurt umidi” jamgʻarmasi birinchi stipendiya tanloviga arizalar qabuli boshlandi

    Mamlakatimizda 4 Iyun 2025 1398

    Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qildi.

    Qayd etilishicha, tanlov Jamgʻarma Boshqaruv kengashining 2025-yil 3-iyundagi 1-sonli qaroriga asosan, yetakchi xorijiy universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish istagida boʻlgan nomzodlar uchun tashkil etilmoqda.

    Tanlov doirasida jami 450 ta oʻrin ajratilgan boʻlib, shundan 130 tasi bakalavriat, 220 tasi magistratura va 100 tasi doktorantura bosqichi uchun moʻljallangan. Oʻrinlar STEM yoʻnalishlari, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, geodeziya, yer munosabatlari), davlat boshqaruvi, tibbiyot va taʼlim sohalariga yoʻnaltiriladi.

    Nomzodlarga hujjat topshirish jarayonida yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida jamgʻarma tomonidan onlayn platforma ishga tushirildi.

    Nomzodlar hujjat topshirishda quyidagi maʼlumotlarni yuklashi lozim:

    • jamgʻarma ijrochi direktori nomiga ariza (namunasi platformada mavjud);
    • xorijiy universitetning qabul xati (Letter of acceptance);
    • mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud boʻlsa);
    • attestat yoki diplom nusxasi;
    • xalqaro til sertifikati;
    • motivatsion insho va boshqalar.

    Hujjatlar 16-iyungacha qabul qilinadi.

    Tanlov jarayoni, baholash mezonlari hamda qoʻshimcha maʼlumotlar Jamgʻarmaning rasmiy sayti Eyuf.uz orqali muntazam eʼlon qilib boriladi.