Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondan yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuv bir qator ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutadi. Sun’iy intellekt, robototexnika, kiberxavfsizlik va dron texnologiyalari kabi texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e'tibor qaratildi. Hamkorlik doirasida tomonlar O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun maqsadli stajirovkalar tashkil etishga, shuningdek, bakalavriat, magistratura va PhD bosqichi talabalari uchun yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldi.

Professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va sog‘liqni saqlash sohasida stajirovkalar tashkil etish istiqbollari muhokama etildi.

Kelishuvlarning alohida bir qismi Gonkong universitetida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari ulushini kengaytirishga qaratilgan. Tomonlar ta'lim dasturlarini birgalikda moliyalashtirish mexanizmini kelishib oldi, bu esa Gonkong universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik iqtidorli yosh mutaxassislar sonini oshirish imkonini beradi.

Tashrif doirasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi vakillari Gonkongda tahsil olayotgan stipendiatlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda ularning o‘qishi, ilmiy ishi, yashash sharoitlari va xalqaro akademik muhitga moslashish masalalari muhokama etildi. Jamg‘arma rahbariyati talabalarning akademik o‘zlashtirishini monitoring qilib, ularning takliflarini hamda kelgusidagi kasbiy rivojlanish rejalarini tingladi.

Jamg‘arma o‘z stipendiatlarini xorijda qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy aloqada bo‘lish va yuzaga keladigan masalalarni hal qilishga yordamlashish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirayotgani ta'kidlandi, deb xabar beradi jamg‘arma matbuot xizmati.