“Svet oʻchganda kimga murojaat qilish kerak?”, “Masʼullar bu holatdan xabardormi?”, “Gazlashmagan hududlarda elektr energiyasi uchun imtiyozlar bormi?”, “Nega ayrim avariyalar soatlab bartaraf etilmaydi?” kabi savollar jamoatchilik orasida eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan.
Shuningdek, “elektr oʻchishi rahbariyatdan yashiriladi”, “masʼul idoralar vaziyatga befarq” degan qarashlar ham mavjud. Ushbu savollarga oydinlik kiritish, elektr taʼminoti tizimida aslida qanday ishlar olib borilayotganini bilish maqsadida vaziyatlarni monitoring qilish monitoring markazida, “Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tizimidagi vaziyatlarni monitoring qilish markazi boshligʻi Mansur Murodov hamda “Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevlar bilan suhbatlashdik.
— Xalq orasida elektr oʻchganda hech kim ahvol bilan qiziqmaydi, masʼullar befarq, rahbariyatga ham yetmaydi degan gaplar bor. Bu qarash qayerdan kelib chiqqan, deb oʻylaysiz?
— Bunday fikrlar xalq orasida anchadan beri aylanib yuradi. Oʻzimga ham bir necha bor aytishgan. Men oʻzim ham qishloq joyidanman, shu sabab bu holatlarni yaxshi tushunaman. Lekin aslida energetika tizimida elektr taʼminoti bilan bogʻliq biror holat rahbariyatdan yashirilishi mumkin emas. Har qanday avariya yoki uzilish avtomatik tarzda nazorat tizimida aks etadi.
— Demak, elektr oʻchishi sodir boʻlishi bilan bu haqda maʼlumot markazga keladimi?
— Albatta. Biz faoliyat yuritayotgan monitoring markazida respublika boʻyicha elektr taʼminoti doimiy kuzatiladi. Qaysi hududda, qaysi tarmoqda muammo yuzaga kelgani shu zahoti aniqlanadi. Rahbariyat eng koʻpi bilan besh daqiqa ichida xabardor qilinadi.
— Avariyalar nega oʻz vaqtida bartaraf etilmayapti, degan eʼtirozlar ham bor. Bu borada holat qanday?
— Energetika tizimi elektr oʻchishidan mutlaqo manfaatdor emas. Aksincha, uzilishlar qanchalik tez bartaraf etilsa, tizim uchun ham, aholi uchun ham shunchalik yaxshi. Soʻnggi yillarda avariyaviy holatlarni bartaraf etish muddati sezilarli qisqartirildi.
— Qish mavsumida uzilishlar koʻpayishining asosiy sabablari nimalardan iborat?
— Birinchi sabab — rejali ishlar. Yoz va kuz oylarida, shuningdek qish davomida ham elektr tarmoqlarini yangilash, modernizatsiya qilish ishlari olib boriladi. Bu jarayonda xavfsizlik nuqtayi nazaridan elektrni vaqtincha oʻchirishga toʻgʻri keladi. Ikkinchi sabab — sovuq havo. Qish paytida elektr qurilmalariga ortiqcha yuklama tushadi, bu esa profilaktik tekshiruvlarni talab qiladi. Uchinchi sabab — kutilmagan avariyalar. Tabiiy omillar yoki texnik sabablar tufayli bunday holatlar yuzaga kelishi mumkin.
— Avariyalarni bartaraf etish boʻyicha qanday tayyorgarlik koʻrilgan?
— Butun respublika boʻylab 600 dan ortiq tezkor chiqish brigadalari faoliyat olib bormoqda. Qoʻshimcha brigadalar, ehtiyot qismlar va maxsus texnika zaxirasi yaratilgan. Asosiy maqsad — qish mavsumini betalofat oʻtkazish.
— Ilgari avariyalar soatlab davom etardi. Hozir bu koʻrsatkichlar oʻzgarganmi?
— Ha, albatta. Ilgari ayrim holatlarda avariyalarni bartaraf etish 7–8 soatgacha choʻzilardi. Hozir bu vaqtni 1–3 soatgacha qisqartirishga erishdik. Avariyalar soni ham sezilarli kamaytirildi.
— Aholi elektr oʻchirishlari haqida qayerdan va qanday maʼlumot olishi mumkin?
— Rejali oʻchirishlar haqida bir kun oldin hududiy elektr tarmoqlarining rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali eʼlon qilinadi. Agar avariyaviy holat boʻlsa, sababi, oʻchgan hududlar va elektr taʼminoti tiklanadigan vaqt haqida tezkor maʼlumot beriladi.
— Ayrim fuqarolar “qoʻngʻiroq qilsak, hech kim javob bermaydi” deyishadi. Bu qanchalik toʻgʻri?
— Bu gaplar bor, lekin aslida respublika boʻyicha 1154 qisqa raqami 24 soat, haftaning 7 kuni ishlaydi. Operatorlar soni koʻpaytirilgan. Agar tuman yoki shahar elektr taʼminoti korxonalariga bogʻlanish qiyin boʻlsa, albatta 1154 raqami orqali murojaat qilish mumkin.
— Gazlashmagan hududlarda elektrni oʻchirish mumkin emas, degan qarashlar haqida nima deysiz?
— Elektr taʼminotida hududning gazlashgan yoki gazlashmagani boʻyicha alohida cheklov yoʻq. Lekin gaz boʻlmagan hududlarda elektr energiyasiga talab yuqori boʻlishini hisobga olamiz. Shu sabab bunday hududlarda barqarorlikka alohida eʼtibor qaratamiz.
— Bu hududlar uchun qanday imtiyozlar mavjud?
— Gazlashmagan, 10 qavatdan yuqori boʻlgan koʻp qavatli uylarda elektr energiyasi uchun 50 foizlik tarif qoʻllaniladi. Bu xavfsizlik talablari bilan bogʻliq. Lekin respublika boʻylab hovli uy-joylar uchun alohida imtiyozlar nazarda tutilmagan.
— Yakunda aholiga qanday murojaat qilgan boʻlardingiz?
— Fuqarolardan elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, rasmiy kanallar orqali murojaat qilishini soʻrardim. Shuningdek, fuqarolarimizga shuni alohida aytmoqchimanki sixning har bir murojaatingiz qayd etiladi va va u boʻyicha kerakli tartibda choralar koʻriladi. Biz aholini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun doimiy ish olib boryapmiz.
Mutaxassis bilan boʻlgan suhbatdan maʼlum boʻlishicha, elektr taʼminoti bilan bogʻliq har qanday avariya yoki uzilish markazlashgan tarzda nazorat qilinadi va rahbariyat qisqa vaqt ichida xabardor qilinadi. Qish mavsumida uzilishlar asosan rejali ishlar, sovuq havo oqibatidagi ortiqcha yuklamalar va kutilmagan avariyalar bilan bogʻliq. Shu bilan birga, avariyalarni bartaraf etish muddatlari qisqartirilgan, tezkor brigadalar va qoʻshimcha zaxiralar shakllantirilgan.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, aholi elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar boʻyicha rasmiy axborot manbalari va aloqa kanallaridan foydalanishi muhim. Har bir murojaat qayd etilib, tegishli choralar koʻriladi. Asosiy maqsad qish mavsumini betalofat oʻtkazish va aholini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashdan iborat.
Zulxumor AKBAROVA