Elektr ta'minoti tizimining dolzarb muammolari muhokama qilindi

    Toshkent davlat texnika universitetida “Elektr ta'minoti tizimining dolzarb muammolari” mavzusida Xalqaro ilmiy-texnik anjumani o'tkazildi.

    O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda “O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Sloveniya, Italiya, Ispaniya va bir qator MDH mamlakatlaridan nufuzli oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlari professorlari, xodimlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda mahalliy olimlar, yosh olimlar, doktorantlar, aspirantlar, magistrantlar va bakalavriat darajasida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishda bo'lgan talabalar ishtirok etdi.

    Anjumandan ko'zlangan asosiy maqsad — elektr ta'minoti tizimining dolzarb muammolari, xususan, uning ishonchliligi va energiyasamaradorligini oshirish, optimal loyihalash, elektr energiya sifatini ta'minlash yo'nalishida mahalliy va xalqaro ilmiy maktablar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bo'yicha g'oya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr ta'minoti tizimini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish kabi innovasion ishlanmalarni joriy etishning imkoniyatlarini tahlil qilishdan iboratdir.

    Anjuman Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr ta'minoti” kafedrasi tashkil topganining 50 yilligi munosabati bilan o'tkazilib, kafedra respublikada shu yo'nalishdagi tayanch kafedra hisoblanadi, tashkil etilganidan bugungi kunga qadar o'n mingdan ortiq yoshlar tamomlagan. Turdosh oliy ta'lim muassasalarida elektr ta'minoti yo'nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha o'quv jarayonining samarali tashkil etilishida, ularni zarur me'yoriy hujjatlar bilan ta'minlanishida kafedraning xissasi yuqoridir.

    So'nggi uch yilda kafedrada 5 ta doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilinib, ilmiy salohiyat 35 foizdan 56 foizga oshgan. Raqamlar tahlili shuni ko'rsatadiki, so'nggi yillarda kafedra professor-o'qituvchilarining nashr faolligi sezilarli ravishda oshdi. Jumladan, ular tomonidan so'nggi uch yilda 8 ta monografiya, xorijning nufuzli jurnallarida 38 ta maqola, Skopus ma'lumotlar bazasiga kirgan jurnal va to'plamlarda 79 ta, mahalliy jurnallarda 56 ta maqola, mahalliy va xalqaro anjumunlarda 136 ta tezis va maqolalar, 6 ta ixtiroga patentlar, 42 ta eHM uchun dasturga guvohnomalar, 6 ta darslik, 10 ta o'quv qo'llanma va 24 ta usulbiy ko'rsatma tayyorlanib, chop etilgan. O'quv va ilmiy faoliyatdagi faollik natijasini kafedraning 2020 yilda turli yo'nalishlardagi muvaffaqiyatlarida hamda universitet kafedralari reytingida faxrli 1-o'rinni egallaganligida ko'rish mumkin.

    — Aytish mumkinki, elektr ta'minoti muammosi bugungi kunda har qachongidanda dolzarb va ahamiyatli bo'lib hisoblanadi, — deydi Xalqaro anjuman hamraisi, “Elektr ta'minoti” kafedrasi mudiri Ikromjon Rahmonov. — Iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji, aholi turmush farovonligining oshishi soha mutaxassislari oldiga elektr ta'minoti tizimi uzluksizligi va iste'molchilarni sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlash yo'nalishida bir qator vazifalarni dolzarb qilib qo'ymoqda. Bugungi kunda respublikamizda iste'molchilar elektr ta'minoti tizimini yaxshilash bilan bog'liq bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatida 130 ming kmli elektr uzatish liniyalari hamda 40 ming transformator podstantsiyalarini yangilash vazifasi qo'yilgan bo'lib, energetika vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yil yakuniga qadar 15 ming kmli elektr uzatish liniyalarini hamda 4 mingdan ortiq transformator podstantsiyalarini yangilash ishlari yakuniga etkazilmoqda. So'nggi yillarda respublikamizning sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. O'tkazilgan anjumanda shu yo'nalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari oliy ta'lim va ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilinib, mazkur ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari o'rganildi.