Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Koson tumani elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori S.T. fuqaro A.N.ning Koson tumani, “Jizzalik” MFY hududidagi xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganlik holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 6,7 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Energosavdo” Marhamat tumani bo‘limi mutaxassisi R.X. fuqaro G.I.ning “Markaziy” MFY hududidagi xonadonida elektr energiyasidan hisoblangan 24,9 mln so‘mlik zararni yo‘q qilib berishi va dalolatnomani elektron dasturga kiritmasligi evaziga 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ETK ustasi E.M. va elektromontyori N.K.lar YATT “T.Ya.”ning “Erganakli” MFY hududidagi suv nasoslarini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab berishlari va keyinchalik rahnamolik qilishlari evaziga 4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Departamentning Angor tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda elektr ta’minoti korxonasi huquqshunosi G‘.U. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 800 ming so‘m evaziga fuqaro M.X.ning “Ulug‘bek” MFY hududidagi xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmasligini aytib, oldindan 300 ming so‘mini olib, qolgan 500 ming so‘mini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.