Elektr uzatish tarmoqlari yaqinida varrak uchirish taʼqiqlanadi — MET matbuot kotibi

    Bir necha daqiqalik beparvolik, butun hayotga taʼsir qilishi mumkin!

    Yurtimizga bahor faslining moʻtadil ob-havosi kirib, tabiat uygʻongan bu oylarda oilalarimiz, farzandlarimiz bilan tabiat qoʻyniga, dam olishga chiqish — barchamiz uchun maroqli xordiq. Lekin shundan soʻnggi hayot uchun muhim masalani unutmasligimiz kerak: Elektr uzatish tarmoqlari yaqinida, ayniqsa, ularning muhofaza zonalari atrofida varrak uchirish juda xavfli!

    Bu nafaqat inson hayoti uchun jiddiy tahdid tugʻdiradi, balki butun elektr taʼminoti tizimi barqarorligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Shuni unutmang:

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qaroriga muvofiq, elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonalarida:

    • varrak, dron, yoki har qanday uchuvchi predmetlarni uchirish;
    • xavf tugʻdiradigan harakatlarni amalga oshirish;
    • simlarga yaqinlashish, ustunlarga chiqish;
    • olov yoqish mutlaqo TAQIQLANGAN!

    Afsuski, soʻnggi vaqtlarda varrak simlarga ilinib qolib, jiddiy avariyalar va yoʻqotishlarga sabab boʻlayotgan holatlar qayd etilmoqda. Elektr tarmoqlaridagi har qanday uzilish — butun mahalla, tuman, hatto viloyatda qisqa yoki uzoq vaqt elektr taʼminotisiz qolishga olib kelishi mumkin.

    Shu boisdan barchangizdan iltimos qilamiz: farzandlaringizni ogohlantiring, elektr tarmoqlariga yaqin joylarda varrak uchirmang, ularga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻling.

    Esingizda tuting — bir necha daqiqalik beparvolik, butun hayotga taʼsir qilishi mumkin!