Elektron hukumatning “estoncha modeli”. Oʻzbekiston va Estoniya hamkorligi yangi bosqichga oʻtdi

    Raqamlashtirish 27 Aprel 2021 1162

    Oʻzbekiston elektron hukumat sohasida Estoniya tajribasini oʻrganmoqda. Shu oʻrinda savol tugʻiladi, nega aynan Estoniya? Aholisi soni jihatidan Toshkent shahrinikidan uch baravar kamni tashkil etuvchi bu kichik mamlakat tajribasi biz uchun qanchalik namuna boʻla oladi?

    Ishonish qiyin, ammo Yaponiya va AQSH kabi eng ilgʻor mamlakatlar ham moʻjazgina Estoniya koʻmagiga tayanishmoqda: e-Estonia doirasida Yaponiyada raqamli retseptlar saytlari ishga tushirilgan, AQSH uchun esa telekommunikatsiyalarda maʼlumotlarni xavfsiz almashish tizimlari ishlab chiqilgan.

    Estoniya nafaqat oʻzining, balki boshqa mamlakatlarning ham “raqamli jarlik”dan oʻtib olishlari uchun, e-Estonia Briefing Centerga asos solgan. Unda 130 dan ortiq mamlakatga eng oʻrinli yechimlar taqdim etilgan.

    Elektron Estoniya

    Uni koʻpincha “elektron Estoniya” deb atashadi. Bu – ushbu yurtda raqamli texnologiyalarning yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat. Darhaqiqat, Estoniya raqamli jamiyat barpo etishda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi.

    Elektron xizmatlarning samaradorligi oddiy fuqarolarda ham, siyosatchilarda ham katta ishtiyoq uygʻotadi. Estoniya dasturchilari Skype, Hotmail va Transferwise loyihalarining yaratilishiga oʻz hissalarini qoʻshishgan.

    Estoniya internetdan foydalanishni inson huquqi darajasiga aylantirdi va namunali startap muhitini yaratdi. Yuridik shaxslar va oddiy fuqarolarga koʻrsatiladigan davlat xizmatlarining aksariyati allaqachon raqamli shaklga oʻtib boʻlgan.

    Mazkur inqilob 1991-yilga borib taqaladi. Estoniya oʻz mustaqilligiga erishgan kundanoq hukumat rahbarlari va siyosatchilar byurokratiyasiz davlatni tiklashga qaror qildilar. Oradan 30 yil oʻtib, Estoniya dunyodagi eng zoʻr raqamli infratuzilmani qura oldi. Imzolar — raqamli, soliq toʻlayman desangiz, marhamat, internet bor. Bir-ikki daqiqangiz, bir-ikki megabaytingiz ketadi, xolos — hafsala boʻlsa bas. Saylovlar ham onlayn, hech qanday saylov qutilari, varaqalar, mashmashalarsiz oʻtadi. Maktablar saylov uchastkalariga aylantirilmaydi. Kompyuter yoki telefonning oʻzi ham yetadi. Albatta, shaxsan borib ovoz bersayam boʻladi, biroq tobora koʻpchilik “raqamlar”ni tanlayapti.

    Bugungi kunda har bir estoniyalik kundalik hayotida raqamli xizmatlardan doimiy ravishda foydalanib keladi: ular uchun 600 dan ortiq onlayn xizmatlar, biznes vakillari uchun esa 2400 dan ziyod elektron davlat xizmatlari koʻrsatiladi.

    Estoniyada ishlab chiqilgan va onlayn pasport vazifasini bajaradigan ID-karta orqali mamlakat aholisi quyidagi amaliyotlardan foydalanishlari mumkin:

    • masofadan turib shartnomalar tuzish,
    • jamoat transportidan foydalanish uchun toʻlovni amalga oshirish;
    • mobil telefon yordamida “stoyanka”ga haq toʻlash,
    • Internet orqali saylovlarda ovoz berish,
    • Internet orqali bank amaliyotlarini amalga oshirish,
    • shifokorlardan masofadan turib raqamli retseptlar olish,
    • soliq deklaratsiyasini onlayn tarzda topshirish,
    • talabalar oʻzlarining baholarini tekshirishlari, oʻquv jarayonini kuzatishi va internet orqali oʻquv materiallaridan foydalanishi;
    • kompyuterda oʻtirib onlayn ravishda 18 daqiqa ichida yangi kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazish,
    • Davlat nafaqalarini olish uchun murojaat qilish (masalan, bola parvarishi uchun nafaqalar).

    ID-karta Estoniyada deyarli barcha elektron xizmatlardan foydalanishda muhim rol oʻynaydi. Bu shaxsni aniqlash va raqamli imzo bilan hujjatni tasdiqlash imkonini beradi. Elektron raqamli imzoning ahamiyati Estoniya qonunlari bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Xatarlarni kamaytirish uchun kuchli kodlash qoʻllaniladi va ID-kartada minimal shaxsiy maʼlumotlar mavjud. Yoʻqotilgan kartalarni osongina bekor qilish mumkin.

    Estoniyada bepul va tezkor simsiz internet deyarli hamma joyda: bogʻlarda, maydonlarda, kafelarda, restoranlarda, aeroportlarda, poyezdlarda, avtovokzallarda, hatto oʻrmonda ham mavjud.

    Davlat xizmatlarining shaffofligi va qulayligi tufayli Estoniya dunyodagi eng rivojlangan elektron davlatlardan biriga aylandi. Estoniya elektron boshqaruv akademiyasi orqali Markaziy va Sharqiy Evropa, Afrikadagi davlatlar bilan hamkorlik qilib, oʻz tajribalarini oʻrtoqlashib keladi.

    Aynan ushbu Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi Oʻzbekiston bilan aloqalarda ham faol ishtirok etmoqda.

    Oʻzbekiston va Estoniyaning AKT yoʻnalishida hamkorlik aloqalari

    Joriy yilning 7-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari O. Pekos Estoniya elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori Hannes Astok bilan onlayn uchrashuv oʻtkazgandi.

    Oradan bir hafta oʻtib, 14-aprel kuni janob Hannes Astok Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda, bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish boʻyicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanishi, Boltiqboʻyi davlatining tajribasi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

    16-aprel kuni Oʻzbekiston va Estoniya oʻrtasida elektron hukumat sohasida hamkorlik olib borish toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

    Unda elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

    Elektron hukumat rivoji yangi bosqichga olib chiqiladi

    Estoniya elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori H.Astokning Oʻzbekistonga tashrifi mobaynida Elektron hukumat loyihalarni boshqarish markazida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki mamlakat oʻrtasida elektron hukumat va raqamli rivojlanish yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, davlat xizmatlarni elektron shaklga oʻtkazish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlarni koʻrsatishda elektron almashinuv mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

    BMTning elektron hukumatlar boʻyicha 2020-yilgi reytingida Estoniya dunyoning eng raqamlashgan uch mamlakatidan biri sifatida eʼtirof etildi.

    Roʻyxatning eng yuqori pogʻonalarida Estoniyaning borligi tasodif emas, zero, Boltiqboʻyi mamlakati elektron hukumatni jiddiy rivojlantirishni boshlaganidan beri ancha yoʻl bosib qoʻydi. Estoniya elektron hukumati xalqaro reytingda 2016-yili — 13-oʻrinda, 2018-yili — 16-oʻrinda edi.
    2020-yilgi katta sakrash kichik mamlakatni bir yoʻla uchinchi oʻringa olib chiqdi.

    Oʻzbekiston ushbu global reytingda 87-oʻrinda qayd etgan. Mazkur sohada yana ham yuqori pogʻonalarni zabt etish maqsadida dunyoda yetakchi boʻlgan davlatlar bilan fikr almashib, xalqaro tajribadan oʻtgan elektron hukumat xizmatlarini mamlakatimizda joriy etish koʻzda tutilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi «Raqamli Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq, kelgusi
    5 yil davomida raqamli iqtisodiyotga tezkor oʻtish Oʻzbekiston uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.

    Farmon qabul qilinganiga yarim yildan oshgan boʻlsa-da, unda belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi hozirdanoq oʻz mevasini bermoqda. Birgina misol, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimini joriy etish natijasida ijtimoiy nafaqa tayinlashda 11 turdan ortiq turli xil hujjatlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilindi hamda 1 million 200 mingdan ortiq oilaga ijtimoiy nafaqa boʻyicha moddiy yordam puli avtomatlashtirilgan tarzda ajratildi.

    Bu esa, ijtimoiy nafaqaga muhtoj oilalarni har xil sarsongarchiliklardan xalos qilib, inson aralashuvidan holi boʻlishga, korrupsiyaning oldi olinishiga xizmat qiladi.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) aholiga bu kabi keng qulayliklar yaratuvchi xizmatlar talaygina boʻlib, bugungi kungacha joriy qilingan xizmatlar soni 212 taga yetkazildi.

    Bizning mamlakatda ham Estoniya kabi ID-karta tizimiga oʻtish yuzasidan ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Endilikda fuqaroga pasport oʻrniga ID-karta berilishi jarayonida u avtomat tarzida elektron hukumat foydalanuvchisi sifatida (id.egov.uz) roʻyxatga olinib, elektron raqamli imzo berilishi yoʻlga qoʻyilgan.

    Elektron hukumat boʻyicha dunyo reytingida yetakchi boʻlib turgan mamlakatlar bilan aloqalar esa belgilangan marralarga erishishni tezlashtirishga xizmat qiladi.

    Shu maʼnoda uchrashuvda Oʻzbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish, jumladan, davlat xizmatlarini elektron formatga oʻtkazish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlar koʻrsatish, ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlashga kelishib olindi.

    Uchrashuv natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha asosiy tadbirlarni amalga oshirishning maqsadlari, vazifalari, yoʻnalishlari hamda muddatlari belgilab olindi.

    Bahrom Ziyayev,
    Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari