“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyatida elektron tijoratni rivojlantirish hamda yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent markaziy vokzalining nazorat punktlariga elektron yoʻl hujjatlarini elektron tarzda nazoratdan oʻtkazish uchun qurilmalar oʻrnatildi.

Mazkur tizim poyezdlarga chiqadigan yoʻlovchilar uchun vokzal nazorat punktlarida elektron tarzda rasmiylashtirgan yoʻl hujjatlarini tezroq nazoratdan oʻtkazib, ortiqcha ushlanib qolmasliklari imkonini beradi.

Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Dastlab, Toshkent – Samarqand yoʻnalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” tez yurar poyezdi vagon kuzatuvchilari mazkur elektron qurilma bilan taʼminlandi.

Bugungi kunda faqat ushbu poyezdga chiqadigan yoʻlovchilarning elektron tarzda rasmiylashtirgan yoʻl hujjatlari nafaqat qogʻozda, balki mobil telefonida boʻlsa ham nazorat qilish mumkin. Ushbu vokzaldan boshqa poyezdlarga chiqadigan yoʻlovchilar esa vaqtincha elektron tarzda rasmiylashtirgan yoʻl hujjatlarini qogʻozga chiqarib olishlari zarur.

Kelgusida barcha temir yoʻl vokzallariga kirishdagi nazorat punktlari va boshqa poyezdlarning vagon kuzatuvchilari ushbu elektron mobil qurilmalar bilan toʻliq taʼminlanishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ matbuot xizmati.