Ellik ming soʻmlik gʻurbat

    Ijtimoiy hayot 27 May 2021 1735

    Ellik ming soʻmlik gʻurbatni eshitganmisiz? Albatta, gʻam-qaygʻuning narxini baholash mushkul, biroq bu hayotning murakkabligi shundaki, unda quvonch va tashvishlar, oq va qora ranglar doim yonma-yon yuradi. Bundan 7 yil avval 50 ming soʻm kasriga qonlikoʻllik Shiyrinxan Taumuratovaning hayoti ham bir ters aylanib oldi, ayol ogʻir vaziyatga tushib qoldi.

    Gap shundaki, 2014-yili Shiyrinxan opa Qoʻngʻirot tumanidagi bir kollejda direktor oʻrinbosari boʻlib ishlardi. Shu kollej rahbari bir choyxonadan 148 ming soʻm qarz boʻlib qoladiyu, bu pulni oʻsha kunlarda ishdan boʻshatilayotgan psixologga toʻlashni buyuradi. Psixolog ayol ham ishda qolish uchun dastlab 50 ming soʻm olib kelganda, direktor pulni oʻzi olishdan qoʻrqib uni oʻrinbosarining oldiga yuboradi. Shiyrinxan Taumuratovaning bor aybi shu 50 ming soʻm nima uchun ekanini, yaʼni uzumning bogʻini soʻrab-surishtirmay olib qolgani va direktorga eltib berganida boʻladi. Ertasi kuni psixolog yana 100 ming soʻm olib direktor oldiga kirib berayotgan joyda direktor qoʻlga olinadi, tabiiyki, oldingi 50 ming soʻm poraning vositachisi sifatida Shiyrinxan opa ham jinoyatchilar qatoriga qoʻshilib qoladi. 2015-yil 13-fevraldagi sud hukmi bilan Shiyrinxan Taumuratova 2 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 2 yillik shartli sinov jazosi tayinlanadi.

    Kuni kecha Orolboʻyida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilingan ommaviy qabullarda Shiyrinxan Taumuratova Oliy sud masʼullaridan qariyb 7 yil oldingi sud hukmini qayta koʻrib, qonuniy-adolatli hal qilib berishlarini soʻradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati bu shikoyatni jinoyat ishi materiallari bilan birga koʻrib chiqib, Qoʻngʻirot tuman sudining 2015-yil 13-fevraldagi aylov hukmini bekor qildi. Harakatlarida jinoyat alomatlari boʻlmaganligi sababli Shiyrinxan Taumuratovani aybsiz deb topib, oqladi.

    Ha, Prezident Xalq qabulxonalari Ellikqalʼa, Chimboy, Nukus, Qonlikoʻl, Shumanay tumanlarida tashkil qilgan ochiq-jonli muloqotlarda Shiyrinxan opa singari muqaddam asossiz ravishda sudlangan jami 4 insonning ishi sudda qayta koʻrilib, ularning barchasi oqlandi. Yana koʻplab insonlarning mushkuli oson boʻldi, qonun ustuvorligi, odil sudlov yana bir bor amalda taʼminlandi, adolat, insonparvarlik tamoyillari qaror topdi.

    Uch kunlik ommaviy qabullarda Orolboʻyining barcha hududidagi murojaatchilar qamrab olindi. Har bir ariza va shikoyat hududlardagi masʼul rahbarlar va murojaatchilar ishtirokida sinchiklab koʻrib chiqildi.

    Bu jarayonda Oliy sud masʼullari koʻrib chiqqan 615 ta murojaatning 118 tasi joyida hal qilib berildi. Xususan, jinoyat ishlari boʻyicha Beruniy, Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Kegeyli, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Taxiatosh, Shumanay tumanlari va Nukus shahar sudi tomonidan 36 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi. Yana 11 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolari yengilrogʻiga almashtirildi. Sultonbek Sultonov uch yil oldin oʻylamay bosgan qadami tufayli 7 yil 6 oyga qamalgan edi. Umrining 3 yilu 10 oyini temir panjara ortida oʻtkazgan Sultonbek oʻtgan davrda aybini tushundi, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻldi. Oliy sud masʼullari qabullar davomida uning ham belgilangan jazoni yengilrogʻiga almashtirish soʻralgan arizasini koʻrib chiqdi. Shu ariza asosida sayyor sud oʻtkazilib, Sultonbek Sultonov shu kunning oʻzida qamoqdan chiqarildi.

    Shuningdek, qabullarda 2 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilindi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar 91 nafar shaxsning aliment undirish, 24 nafar shaxsning yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash boʻyicha arizasini qanoatlantirdi, 113 ta daʼvo arizalari ish yurituviga olindi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 34 ta oila yarashtirildi.

    Qabullarda 104 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi.

    Bosh prokuratura masʼullari kelib tushgan 214 ta masalaning har birini murojaatchi va Qoraqalpogʻiston prokuraturasi rahbariyati bilan yuzma-yuz muhokama qildi. Ular asosan tergov-surishtiruv, sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish, sud qarorlari ijrosi, ish bilan taʼminlash, kredit ajratish, tadbirkorlik va boshqa masalalardagi arizayu shikoyatlardan iborat. Bu murojaatlarning asosiy qismi qoʻshimcha oʻrganishni talab qilgani bois nazoratga olingan boʻlsa, ayrim masalalar joyida hal qilindi. Deylik, qonlikoʻllik Zarafshan Turjanova non sexi ochib tadbirkorlik bilan shugʻullanishni niyat qilganu, dastmoyaga pul topolmay turgan ekan. Kamiga 150 million soʻm kredit ajratish masalasini ham banklar anchadan beri choʻzmoqda. Ayolning Bosh prokuratura masʼullariga murojaatidan soʻng unga imtiyozli kredit ajratish masalasi joyida yechim topdi. Shu singari qoʻngʻirotlik Gulzira Atabayeva va Irisgul Jakiyevaga qoʻshimcha daromad topishi uchun zamonaviy tikuv mashinalari olib berildi.

    Qonlikoʻllik Abadan Saparovaning sogʻligʻida muammolar bor, oilaviy sharoiti ogʻir. Shu bois Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti kimyo fakultetida oʻqiyotgan farzandining shartnoma pulini toʻlay olmayotir. Onaning shu masalada amaliy yordam soʻrab qilgan murojaati ham eʼtiborsiz qolmadi. Qonlikoʻl tumani hokimligi bu talabaning shartnoma pulini toʻlab beradigan boʻldi.

    Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari koʻrib chiqqan 60 ta masalaning aksariyati ichki ishlar organlariga ishga qayta tiklash, surishtiruv va tergov, ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlaridan norozilik kabi masalalar tashkil qilgani uchun har bir murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar tayinlanib, nazoratga olindi. Soha xodimlari ustidan kelib tushgan har bir shikoyat boʻyicha xizmat tekshiruvi tayinlandi. Murojaatlar asosida bir qator shaxslarning fuqarolik pasporti olish bilan bogʻliq masalalari hal qilib berildi. Chimboylik Elburs Aytbayevning ham ikki yillik muammosiga shu yerda yechim topilib, sud qaroriga asosan olib qoʻyilgan haydovchilik guvohnomasi qaytarib berildi.

    Shumanaylik Paruaz Mamutova esa Ichki ishlar vazirligi masʼullariga oʻtgan galgi ommaviy qabulda qilgan murojaatlari ijobiy hal etilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

    Umumlashtirib aytganda, Orolboʻyida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilingan navbatdagi ommaviy qabullarda 970 nafardan ziyod murojaatchining mingta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 144 tasi joyida hal etildi, 342 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 514 ta masala nazoratga olindi.