Ayni paytda dunyo ahli COVID-19 ga qarshi kurashib, vaziyatdan imkon qadar talafotsiz chiqish yoʻlini izlamoqda. Bunday vaziyatda insoniyat vahima va tahlikali xabarlar qurshovida qolishi tabiiy hol.

Bizningcha, ushbu vaziyatda jamiyatning har bir aʼzosi, oʻzi va yaqinlarining sogʻligʻi haqida qaygʻuradigan har bir shaxs bu borada uydirmalarga, turli mishmishlarga emas, ilmiy xulosalarga asoslanishi, tadqiqotlar natijalaridan kelib chiqqan faktlarga tayanishi lozim.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda hamkorlar tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatish, aholining xavfsizligini taʼminlashga oid tavsiyalar berish, zarur tibbiy vositalarni muhtoj qatlamga tarqatish kabi tadbirlar ustida muntazam ishlanmoqda. Shuningdek, samarali va xavfsiz vaksinalarni ishlab chiqish boʻyicha ham turli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, JSST tomonidan Oʻzbekiston uchun ham bu borada treninglar orqali toʻgʻridan toʻgʻri yordam berilmoqda.

JSSTning taʼkidiga koʻra, vaksina COVID-19 ni yengish choralarining zaruriy qismidir. Vaksinalar har yili millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi — bu fakt. U tabiiy himoyachi boʻlgan immun tizimimizni organizm duch keladigan bakteriya va viruslarga qarshi kurashishga va uni yengishga tayyorlaydi.

Bugungi kunda tahlikali va ilmiy asoslarga ega boʻlmagan, vahimaga sabab boʻlayotgan xabarlarning tez va keng tarqalishi vaksinaning ahamiyatini yoki uning xavfni kamaytirish, hayotni asrab qolish kuchini yoʻqqa chiqarolmaydi.

Ammo vaksina olish boʻyicha (sogʻliqqa ahamiyat qaratish borasida desak ham oʻrinli boʻladi) jahon miqyosida natija yuqori emas. Statistika shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda butun dunyo aholisining 25,6 foizi COVID-19 ga qarshi vaksina bilan emlangan (eng kamida birinchi doza bilan).

JSSTning xabar berishicha, 18 va undan katta yoshdagilar vaksina bilan emlanishi maqsadga muvofiq. Bolalarning ushbu virusga qarshi emlanishi yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda va natijalar aniqlanishi bilan xulosalar eʼlon qilinadi.

Manbada taʼkidlanishicha, odam COVID-19 bilan kasallangan boʻlsa ham, iloji boricha tezroq emlanishi lozim. Vaksina olishga oldindan mavjud surunkali kasalliklar, xususan, gipertoniya, qandli diabet, astma, oʻpka, jigar va buyrak kasalliklari — hech biri monelik qilmaydi. Yaʼni nima boʻlishidan qatʼi nazar, vaksina olish salomatlikning yuqori himoyasini taʼminlaydi.

Demak, vaksina — xavfni kamaytirishning eng samarali yoʻli! Albatta, boshqa ehtiyot choralari ham esdan chiqmasligi zarur. Bu haqda tadqiqotlar ham fikrimizni isbotlaydi. Hatto vaksina olgandan keyin ham ehtiyot choralariga muntazam amal qilish lozim. Vaksina haqida tarqalayotgan turli “emlangandan ikki yil oʻtib oʻlish”, “irsiyatga oid maʼlumotlarni toʻplash, ularni oʻzgartirish”, “insoniyatni yakka shaxslar tomonidan boshqarish yoʻli” kabi gaplar ilmiy asosga ega emas.

Jamiyatimizning har bir aʼzosi, yurtimiz fuqarolari tarqalayotgan turli asossiz xabarlar va uydirmalarga tanqidiy nazari bilan qarashlari oʻz sogʻligʻi uchun bugungi kunda juda zarur. Barchaga ayonki, har qanday salbiy oqibatlarning oldini olish uni davolashdan koʻra afzal. Ayniqsa, bu yondashuv sogʻliq bilan bogʻliq hollarda yana-da ahamiyatlidir. Prezidentimiz qarori bilan aynan profilaktika sohasiga urgʻu berilgan holda tashkil etilgan aʼlim muassasamiz faoliyatining pirovard natijasi ham huquqbuzarliklar sodir boʻlishi holatini kamaytirish, vaziyatni ogʻir salbiy oqibatlardan saqlashga qaratilgani kabi vaksina ham profilaktika ham nafaqat yakka shaxslarning salomatligi, balki emlangan har bir kishi tufayli tevarak-atrofimizda salbiy oqibatlarning kamayishiga, vaziyatning yumshashiga sabab boʻladi.

Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, har bir kishining emlanishi nafaqat jamiyatimiz, balki dunyodagi ahvolning yaxshilanishiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Vaksina olish nafaqat salomatlik haqida gʻamxoʻrlik, balki har bir shaxsning fuqarolik pozitsiyasi. Shuni unutmang!

Ixtiyor DJURAYEV,,

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali direktori

vazifasini bajaruvchi