Sodda qilib aytganda, ERI kalitini olish uchun ariza bergan yoki uni olishga kelgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni saqlab qoladi.

Tajribadan maʼlumki, koʻp hollarda boshqa shaxs nomidan elektron raqamli imzoni olish uchun ariza berishga yoki tayyor ERIni olib ketish maqsadida Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etuvchilar uchrab turadi. Afsuski, ana shunday murojaatlar ortidan turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi ham sir emas.

Sababi, firibgarlar shaxsga doir maʼlumotlarni qoʻlga kiritib, ular nomidan turli tovlamachiliklarni amalga oshirishadi. Bunda esa elektron raqamli imzo ularga maʼlum darajada xizmat qilishi mumkin. Yoki aksincha. “Imzomni haligacha berishmadi...”, “Olib ketgan shaxs men emasdim...” singari inkorlar koʻpayadi. Oʻrnatilgan yangi qurilmalar bu kabi muammolarni hech qanday inson omilisiz bartaraf qiladi. Aniqrogʻi, tizimda xizmatdan foydalangan shaxsning barmoq izini saqlab qoladi. Shu bois, mazkur xizmatdan foydalanish uchun fuqaroning oʻzi shaxsan markazga kelishi shart.

— Viloyatda davlat xizmatlarini koʻrsatishda qoʻshimcha qulayliklarni yaratish maqsadida markazlarga yangi qurilmalar xarid qilinib, oʻrnatildi, — deydi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi moddiy taʼminot boʻlimi masʼul xodimi A.Mamanazarov. — Hozirda 150 dan ortiq barmoq izini tekshiruvchi qurilmalar foydalanishda. Dastlabki bosqichda ular ERI kalitlarini rasmiylashtirishda qoʻllaniladi. Keyinchalik, bu qurilmalardan barcha xizmatlarda foydalanish rejalashtirilgan.

Zamon taraqqiylashib borayotgan bir davrda talab va ehtiyojdan kelib chiqib ish koʻrish ham tadbirkor uchun, ham fuqaro uchun foydalidir. Chunki xizmatlarni taqdim etishda yangi imkoniyat va afzalliklarni joriy qilish ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchilikning oldini olsa, boshqa tomondan ayrim muammo va kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.

Mansur Hasanov,

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati rahbari