YHXB matbuot xizmatining xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan foydalanishda boʻlgan moped va skuterlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida 2025-yil 28-fevralga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.
Unga koʻra, dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, biroq 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuter) uchun alohida roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari joriy etildi hamda bu turdagi transport vositalari belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Moped yoki skuterlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish YHXX hududiy boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Moped va skuter haydovchilarida “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi boʻlishi 2025-yil 1-martdan boshlab talab etiladi. Ushbu transport vositalarini guvohnomasiz boshqarganlik uchun jarima solinadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2024-yil dekabrida mototransport vositalarini (mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar) roʻyxatdan oʻtkazish uchun BHMning 1,5 baravari — 562 500 soʻm miqdorida stavka belgilangandi.