Bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, davlat-huquqiy munosabatlarning butun tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya etish boʻyicha oldimizda turgan keng koʻlamli vazifalar, avvalo, sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish masalasi bilan bevosita bogʻliqdir.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotganligi, onalik va bolalikni himoya qilish uchun keng koʻlamli ishlar qilinayotganligi hammamizga maʼlum.

2023-yilning 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-829-son Qonun qabul qilinganligi mazkur sohada oshirilayotgan islohotlarning samarasi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mazkur qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi “411-modda Shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik” kiritildi. Endilikda, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari yana bir modda bilan qoʻriqlanadigan boʻldi. Qonunga koʻra, shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʻlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan harakatlarni bir marta qoʻpol ravishda yoki bir necha marta sodir etish, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Xulosa sifatida shuni qayd etish kerakki, qabul qilingan Qonun bilan, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qoʻyishning umumiy chora-tadbirlari belgilab beriladi.

Azizaxon Allanova,

Jinoyat huquqi, kriminologiya

va korrupsiyaga qarshi kurashish

kafedrasi dotsenti